Tekin sho‘rvaning go‘shti bemaza
Bir paytlar neftbazadan benzin, solyarka olib chiqib sotar edik. Yashirincha olib chiqar edik, ishchilariga pul bersak, hech kim yo‘qligida olib chiqib berishardi.
Bir kun kechki payt benzin olish uchun neftbazaning orqa darvozasi yonida kutib tursam, bir bola ham yonimda turib oldi. U odamdan qo‘rqib ishchilar benzinni olib chiqib menga bera olishmayapti, men ham kutaverib charchadim.
Keyin haligi boladan nega bu yerda turganini so‘rasam, shamchiroqqa yoqilg‘i istab kelgan ekan. Tezroq boladan qutulib, benzinni olib chiqish uchun uydan besh litrcha solyarkani idishiga quyib berdim, pul bermoqchi bo‘lgandi olmadim, duo qilib ketdi.
Uch-to‘rt kundan keyin yana o‘sha ahvol, o‘sha bola darvoza oldida turardi, yana solyarka kerak bo‘lib qolibdi, bu safar ham uydan to‘ldirib berdim, rahmat aytib ketdi.
Keyin esa kunda-kun ora kelishga o‘rganib oldi, xuddi qonuniy haqqini undirgani kelgandek. Oxiri bezor bo‘ldim, solyarkaga ozgina benzin aralashtirib berib yubordim. Ertasiga mendan kelib so‘rayapti:
– Kecha menga nima balo quyib bergandingiz? Uyga borib shamchiroqqa yog‘ quyib shunday gugurt chaqqandim «lop» etib olov chiqib butun uyimiz yorishib ketdi.
Shunda e'tibor beribman bolaning qoshi kuyib, o‘rni sho‘r bosgan shudgorga o‘xshab qolgan ekan.
Akmal Nabiev,
Eltuz.com, 30 Oktyabr, 2015 yil