Aramais «sarguzashtlari» TVdan internetga ko‘chdi
«Avakyan ishi» nomi bilan shov-shuv bo‘layotgan jinoyat ishi to‘g‘risidagi «fosh etuvchi» tafsilotlar O‘zbekiston TVsi ekranidan o‘zbek internet resurslariga ko‘chdi.
«Kun.uz» internet nashri mazkur tafsilotlarga to‘xtalar ekan, «ularning jinoiy qilmishlari «O‘zbekiston» teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan «GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot” ko‘rsatuvida batafsil ochib berilgani»ni iddao qiladi.
Saytda yozilishicha, bu «jinoiy guruh yetakchisi» Furqat Jo‘raev Rossiyaning Moskva viloyatida harakat qilgan “GTA bandasi” deb nomlanuvchi jinoiy to‘da a'zolari bilan tanish bo‘lgan va O‘zbekistonda ham «jihod» g‘oyasi asosida shunday to‘da tashkil qilmoqchi bo‘lgan.
«Furqat Jo‘raevdan tashqari to‘daning Aramais Avakyan, Murodulla Qayumov va Elmir Bekmambetov ismli a'zolari ham 2013 yilda Rossiyada uch yil ishlagach, O‘zbekistonga qaytib kelishgan. Bu kimsalar Rossiyada markaziy osiyoliklar bilan muloqotda bo‘lgandan keyin, ular tomonidan radikal islom tashkilotlarining tashviqotiga jalb qilingan», deyiladi maqolada.
Shuningdek, maqolada «to‘daning barcha a'zolari o‘z aybini to‘liq tan olgani» ham bildiriladi.
«Sud jarayoni borasida esa bevosita xorijda istiqomat qilayotgan ayrim yurtfurush xoin jurnalistlar tomonidan go‘yoki O‘zbekistonda o‘zga millat vakillariga nisbatan adolatsizlik qilinayotganligi haqida asossiz, bo‘hton ma'lumotlardan iborat maqolalar tayyorlanib, go‘yoki jahon jamoatchiligi e'tiborini shu mavzuga qaratmoqchi bo‘lishdi», deya ta'kidlanadi maqolada.
Nashr muqobil axborot vositalarining yuqorida rasmiylar bildirgan fikrlardan farq qiladigan qarashlari to‘g‘risida bir og‘iz ham gapirmagan.
Eltuz.com