«Gumrohlar»u «Sotqin» tildan tushmayotgan tadbirlar
O‘zbekiston matbuoti, TV va radiosini kuzatar ekansiz, mamlakatni terrorizmga qarshi kurashish, yot g‘oyalardan saqlanish vasvasasi chulg‘ab olgandek taassurot uyg‘onadi.
Chunki qaerga qaramang, shu mavzudagi maqolayu ko‘rsatuvlarga guvoh bo‘lasiz. Kimning tayin ishi bo‘lmasa, shu mavzuda tadbir o‘tkazyapti shekilli, deb o‘ylab qolasiz.
Dehqonlarga dalaga qachon go‘ng chiqarishu uni ekinga qanday sepishni o‘rgatishdan bo‘shamaydigan «Qishloq hayoti» gazetasi ham shu mavzuda maqola e'lon qildi.
Unda aytilishicha, O‘zbekistonning son-sanoqsiz idorayu tashkilotlari tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarning «ongi va qalbini turli mafkuraviy va axborot tahdidlaridan ishonchli himoya qilish, ularda g‘oyaviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish»ga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvlarda esa «dunyoning qator davlatlaridagi notinchliklar, ular ortida turgan kuchlar maqsadini ochib beruvchi «Gumrohlar», «Sotqin» kabi filmlar» namoyish etilyapti.
Ushbu filmlar rejissyori, mana shu xizmatlari uchun bo‘lsa kerak, yaqinda «O‘zbekfilm» direktorligiga ko‘tarilib ketdi. Endi ilhomi toshib yana birorta shunday kino olsa, u bemalol vazirlikka da'vogar bo‘lishi ham hech gap emas.
Eltuz.com