Bolalar o‘rniga ipak qurti boqildi
Farg‘ona viloyatidagi bog‘chalardan birining bog‘cha opalari bugun yengil tin olishdi.
Axir bir oy qurt boqishni o‘zi bo‘ladimi? Erta tongda bog‘chaga kelish, bolalarni qabul qilib olishdan avval ipak qurtiga barg berish, to‘kilgan qurtlarni terib yana so‘kichakka qo‘yish kabi yumushlar tarbiyachilarni ham rosa charchatgandi-da.
Bog‘chada bir quti ipak qurti boqildi. Shu yerlik fermer qurtga bargni qaerdan topib beraman, deb bir-ikki quti qurt urug‘ini yerga ko‘mdirvorgani ham yaxshi bo‘lgan ekan.
Aprelning o‘rtasida boshlagan bu ishlarini bog‘cha opalar kechagina tugatishdi. Ularga bir so‘m ortiqcha pul berilgani yo‘q.
Aslida shu yerlik fermer boqib, pilla holiga keltirishi kerak bo‘lgan ipak qurtini “bog‘cha opalar” hokimiyat va Rayononing “iltimosi” bilan tutib berishdi.
Ismi ochiqlanmasligini aytgan tarbiyachi qiyinchiliklar bo‘lganligini aytdi va bu hol har yili takrorlanishi ham qo‘shib qo‘ydi.
Nasima Davron qizi
Farg‘ona viloyati
Eltuz.com