Asosiy mavzular
25 iyul 2017

Ko‘pchilik MIBning qarz undirish choralariga tayyor emas

1 iyuldan Farg‘onada ish boshlagan Majburiy ijro byurosi (MIB) ishidan odamlar norozi bo‘la boshladi.

MIB inspektorlari uyma-uy yurib aliment, gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvidan qarzdorlik kabi majburiy to‘lovlarni undirmoqda.

Bu faoliyat prezident Mirziyoevning «to‘lov intizomini mustahkamlash» haqidagi 29 may kuni chiqargan qaroriga ko‘ra yo‘lga qo‘yilgan.

It egasini tanimaydi…

Qarzdorlar Farg‘ona shahrining kollej binolaridan birida qabul qilinayapti. MIB boshlig‘i ham hozircha vazifasini bajaruvchi. Hali bu vazifaga odam tayinlanmagan.

Ilgari tuman sudida aliment undirish bilan shug‘ullanib kelgan MIB inspektori Eltuz muxbiriga, endilikda u elektr qarzlarini undirayotganini bildirdi.

«Bu yerda kim nima qilayotganligini bilmaydi. Oddiy aytganda, “kasha-malasha”. Menimcha, prezident bu qaror ijrosini ozroq kechiktirishi kerak edi», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar ham, dabdurustdan borib, svetini, gazini, suvini uzib qo‘yishlariga tayyor emas.

MIB ko‘zyoshlarga ishonmaydi

Ko‘pchilik, ustilariga noqonuniy qarzdorliklar yuklab qo‘yilganini aytmoqda. Birinchi navbatda shu muammolar bartaraf etilishi kerak edi.

Boshqalar esa, shunchaki MIBchilarning qo‘qqisdan hujumi jabrini chekishayotganini bildirishmoqda.

«Uyimizda usta ishlayotgandi. Ikki nafar oq ko‘ylak kiygan yigit kelib «majburiy ijro»danmiz deyishdi, shartta mendan so‘ramay, tomga chiqib ketishdi.

Rasmga olishdi. Keyin tomdan tushib, svarkachi noqonuniy ulavolibdi tokka deb, darrov dalolatnoma tuzishdi. «Ie, ukalar bir safar kechiringlar, avval ogohlantiringlar!», deyishimga qaramay tuman elektr tarmoqlarining avariya xizmatini chaqirib, tokni uzdirishdi», deydi tumanlardan birida yashovchi erkak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘y qilmoqchi bo‘lgan. To‘y kuni yaqinligi uchun svarkachilarni shoshirgan.

Tuman markazidan 6-7 chaqirimda joylashgan MIB tuman bo‘limida uzoq kutganidan keyingina, unga «otning kallasiday» jarima yozib berishgan.

Qog‘ozbozlik ko‘paydi

Chirog‘i o‘chirib ketilgan yana bir farg‘onalik iste'molchi tadbirkorlik firmasi hisobidan elektr uchun o‘tkazgan puli MIBchilarning xatosi bilan schetga tushmay qolganini iddao qiladi.

«Bir amallab MIBdan to‘g‘ri hisob raqam olgunimcha ancha kech kirib qoldi. Banklar ishini to‘xtatdi. O‘sha kuni uyda chiroqsiz o‘tirdik. Ertasi yana bankka borib pulni o‘tkazdim. Poruchenie nusxasini olib MIBga borsam, u yerdagi qiz asl nusxasi kerak deb qabul qilmadi», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda asl nusxaning biri bankda, ikkinchisi pul o‘tkazgan tashkilotda qolardi. Bu ishni hal qilib kelgach ijrochi tag‘in, pasport nusxasi, mahalladan ma'lumotnoma talab qila boshlagan.

«Oldin kelganimda bu gaplarni aytishmagandi. Rosa tutoqib ketdim. Yana ovora bo‘lishim kerak edi-da. Xullas, bir amallab urush-janjal, to‘polon bilan svetimni yoqvoldim», – deydi MIBning ilk “qurbonlaridan” biri.

Eltuz muxbiri suhbatlashgan bir qancha mas'ullar, qaror yaxshi maqsadda chiqarilganligi, agar bir me'yorda ishlasa davlat xazinasiga kattagina tushum tushishini bildirishdi.

Ammo hozircha xalq ham, amaldorlar ham bu kabi byurolar ishiga tayyor emasligi ko‘rinib qolmoqda.

Nasima Davron qizi
Farg‘onalik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 sentyabr 2017
Axmadjon Odilov 27 sentyabr kuni ertalab, soat 5.30 da 92 yoshida olamdan o‘tdi. Janozasi G‘urumsaroyda soat 4 da bo‘lishi ...
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
4 dekabr 2018
Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi sil kasalliklariga moyil bolalar maktab-internati tarbiyachisi Zulfiya Mavlonova internat direktori Nurilla Ro‘zimovning tarbiyalanuvchilarga nisbatan noinsoniy munosabatda ...
19 fevral 2018
Ichki ishlar vaziri, 57 yoshli Po‘lat Bobojonov o‘tgan yili «IIVning 230 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani, 8 ming 32 ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...