Gey klubdagi 50 kishini o‘ldirgan qotilning xotini o‘zbekistonlik bo‘lgan
Orlandodagi Gey klubga hujum uyushtirgan 29 yashar Umar Metin Siddiqiyning xotini Sitora Alisherzoda Yusufiy o‘zbekistonlik bo‘lgan, ammo ular 2013 yilda ajrashishgan.
Eltuz.comga ma'lum bo‘lishicha, Umar Metin Siddiqiyning xotiniga qo‘l ko‘targani ajralish sababi bo‘lgan.
AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik Sitora Yusufiy internet orqali kelib chiqishi Afg‘onistondan bo‘lgan va jazoni o‘tash muassasalaridan birida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan Umar Metin Siddiqiy bilan tanishgan.
Bu tanishuv ortidan o‘zbek kelin 2009 yilda Floridaga ko‘chib kelib nikohdan o‘tgan.
Sitora Yusufiy ismli o‘zbek kelin Washington Post bilan suhbatda o‘z sobiq erini badjaxl, hudbin deya takidlagan va uning diniy mutaassib bo‘lmaganligini ham o‘z so‘ziga ilova qilgan.
Orlandoda ommaviy qotillik sodir etgan jinoyatchi Umar Matinning otasi Sodiq Matin Siddiqiy o‘g‘lining qilmishi uchun NBC efiri orqali kechirim so‘radi.
Orlandodagi tungli klubda sodir etilgan otishmada 50 kishi halok bo‘ldi, 53 kishi yaralandi. Umar Metinning o‘zi esa politsiya tomonidan otib o‘ldirildi.
CBS News ota-onasi Afg‘onistondan bo‘lgan Umar Matin Siddiqiy Floridaning Port Seynt Luis shahrida yashaganini ma'lum qildi.
Voqea AQSh tarixidagi eng katta ko‘lamdagi qirg‘in sifatida ta'riflandi. Umar Siddiqiy Orlando shahridagi geylarning «Puls» tungi klubiga avtomat va to‘pponcha bilan kirib o‘t ochgan.
Eltuz.comga ma'lum bo‘lishicha, Siddiqiy hujumdan sal oldin favqulloda xolatlarda teriladigan 911 raqamiga telefon qilib o‘zini IShID tarafdori ekanligini aytgan.
Eltuz.com