Dayjest
20 iyun 2016

Shibzonda ishsizlar yo‘q yoki yangi «o‘zbek modeli»

Kam ta'minlanmagan xonadon qolmagan Shibzon mahallasi haqida yozgan «Qishloq hayoti» gazetasini sinchiklab qayta o‘qigan odam, o‘z tomorqasiga tezak olib chiqqan odam ham O‘zbekistonda ish bilan ta'minlanganlar qatoriga o‘tishini anglashi mumkin.

Buni qisqa qilib “O‘zbek modeli” deb atash mumkin ekan. Model yaratishda jonbozlik ko‘rsatayotgan nashrlar orasida esa “Xalq so‘zi”ning oldiga tushadigani yo‘q.

Bir vaqtlar so‘z erkinligi jarchisi bo‘lgan “Hurriyat” gazetasi esa o‘tmishi qanchalik yomon bo‘lganu, hozir zo‘r bo‘lib ketganini aytishdan charchamaydi.

Kam ta'minlanganlar va ishsizlar yo‘q mahalla

«Moli sog‘ chorvadorning ko‘ngli chog‘» ekanidan xabar berib, mushtariylarining axborotga bo‘lgan chanqog‘ini qondirayotgan «Qishloq hayoti» gazetasi kam ta'minlangan oilalar umuman qolmagan, vaqtinchalik ishsizlar esa sanoqli bo‘lgan qishloq borligi haqida ma'lum qildi.

Gazetaning yozishicha, Karmana tumanidagi Shibzon mahallasida 1100 ta xonadon bo‘lib, ularning ikki yuzdan ortig‘ida issiqxona bor. Qolganlar ham tomorqaga bog‘langan.

Gazeta mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini raisining «o‘tgan yili kam ta'minlangan oila, degan jumlaga barham berdik», degan so‘zlarini keltiradi.

«4774 nafar mahalla ahlidan bor-yo‘g‘i 15 kishigina vaqtincha band bo‘lmagan sifatida ro‘yxatga olingani ham mahallada ma'naviy, ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi samarasidir», deb maqtanadi nashr.

Agar bu yerda gap bandlikni ta'minlash markazlarida ro‘yxatga turadigan vaqtinchalik ishsizlar haqida ketayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda umuman ishsiz yo‘q qishloqlar son-sanoqsiz. Chunki aksariyat ko‘pchilik ishsizlar bunday markaz borligini bilmaydi ham. Eshitganlar esa bunday markazda ro‘yxatga o‘tgani bilan buning butunlay foydasiz ekanini yaxshi biladi.

Masalaning yana bir tomoni bor. O‘zbekistonda uyida mol-qo‘y boqadiganni ham ish bilan ta'minlangan shaxs sifatida ro‘yxatga olish «urf bo‘lgan». Shunday qilmasak, har yili 1 millionta ish o‘rnini qanday yaratamiz axir!? Qolaversa, ishsizlik darajasini 5 foizdan oshirmaslik to‘g‘risida «kommunistik majburiyat» ham bor zimmamizda.

Nima bo‘lganda ham aslida butun-butun qishloqlar ahli ishsiz yurgan bir vaqtda Shibzonda deyarli ishsiz qolmagani haqida xabar hech bo‘lmaganda istehzoli kulgimizga sabab bo‘ladi. Ha endi, lof bo‘lgandan keyin shunday bo‘ladi-da!

Sovet davri yomon bo‘lgani, mustaqillikdan keyin zo‘r bo‘lib ketganimiz haqida

«Hurriyat» gazetasi bu haftadagi sonini sovet davri qanchalik yomon bo‘lgani, mustaqillik yillarida qanchalik zo‘r bo‘lib ketganimizga bag‘ishladi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki bitta sondagi 3-4 ta maqolada shu mazmundagi gaplar uchraydi.

Bir maqolada «o‘shanda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol o‘ta og‘irligi», «xalqimiz go‘sht va sutni sobiq ittifoq aholisiga nisbatan 4 barobar kam iste'mol qilgani», «75 so‘mdan kam daromad qiladigan aholi ittifoq bo‘yicha 12 foizni tashkil etgan vaqtda respublikamizda bu ko‘rsatkich 45 foiz bo‘lgani» ta'kidlanadi.

Boshqa maqolada esa «sovet davrida bir tiyinlik tangaga ham bir narsalar olsa bo‘lardi», degan mavzuni ko‘targan odam «faqat qora ranglarni ko‘radigan» kimsaga chiqariladi.

«Shu yurtning farzandiman, degan kishi kamchiliklarni jar solib aytish emas, balki uni hal qilishga hissa qo‘shish, jamoatchilikka ergashib, bir imoratga hech bo‘lmaganda bir g‘isht qo‘yib, burchini ado etishi zarur», deya nasihat qiladi gazeta.

Maqolada «ulkan imkoniyatlar makoniga aylangan Vatanimizda osmondan chalpak yog‘ishini kutib yotganlarga qo‘lidan biror ish kelmasa, boriga qanoat qilish, tinchlik zamoniga shukronalar keltirib yashash» tavsiya qilinadi.

Yana bir maqola muallifi esa «bugungi dorilamon kunlar» haqida yozar ekan, «90-yillar boshlarida mashina o‘g‘rilari ko‘payib ketgan, buxanka nondan boshqa barcha ro‘zg‘or ozuqalari talonga beriladigan» og‘ir zamonlarda qiyinchiliklarga asablari dosh bermay, yurak dardiga chalinib, shifoxonaning asab kasalliklari bo‘limiga tushib qolganigacha bayon etgan.

Garchi gazetadagi yuqorida tilga olingan maqolalarning hammasida «bugungi farovon, to‘la-to‘kis, tinch hayotimiz»ga madh o‘qilsa-da, aslida bugun O‘zbekistonda asabi «charchagan»lar o‘sha yillardagidan ortiq bo‘lsa ortiqki, kam emasligini, hatto ba'zilarida sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy imkoniyat yo‘qligini qistirib o‘tmasak, adolatsizlik qilgan bo‘lamiz.

O‘zbekistonda hamma narsaning «modeli» bor

O‘zbekistonning «o‘z taraqqiyot yo‘li», «o‘zbek modeli» borligi to‘g‘risida har kun quloqqa quyilaverganidan keyin odam modelshunos bo‘lib ketar ekan. Shunga qaramay, har kuni bitta «model» kashf etilaversa, modelshunoslar ham arqonning uchini yo‘qotib qo‘yishi hech gap emas.

«Xalq so‘zi» gazetasi «istiqlolga erishganimizdan so‘ng davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar qatori axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga … davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilgani»dan gap yuritadi.

«Pirovardida O‘zbekiston qisqa davr ichida milliy AKT tuzilmasi, malakali kadrlar tayyorlash modeliga ega bo‘ldi», deb yozadi gazeta.

Maqolada gap O‘zbekiston «yurtboshimiz rahnamoligida dunyoning AKT eng rivojlangan davlatlari qatoriga kirib borayotgani», bu yo‘ldagi «ulkan yutuqlar» haqida borsa-da, «model» degan so‘z baribir diqqatni boshqa tomonga tortib ketaveradi.

Haqiqatan ham modellar mamlakatiga aylanib qolgandaymiz. Eng kattasi – «o‘zbek modeli»mizdan tashqari yana talay modelchalarimiz ko‘payib ketyapti. Qaysi sohaga qaramang, o‘zimizning shunga tegishli modelimizni yasab oladigan bo‘lib qoldik.

Iqtisodiy model dedik, iqtisodimizni boy berdik. Ta'lim modeli deb yoshlarimiz bilimsiz bo‘lib, hamma yoq poraga botib qoldi.

Baraka topgurlar, xudo xayrlaringni bersin, boshqa model yasamay turinglar. Yuqoridagilar kelib chiqilsa, qilgan yaxshiliklaring shu bo‘ladi!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 fevral 2016
O‘zbek gazetalarini o‘qirkan, tag‘in tashviqot pardasi ortidagi jamiyat muammolar, vaqtida berilmayotgan ish haqi, matbuotda urchiyotan yolg‘onlar, sinayotgan korxonalar va ...
4 may 2021
Bugun «Sattoriy ishi» bo‘yicha ayblanuvchiga 5 ta ish bo‘yicha ayblov qo‘yilganini bildirilib, unga 11 yil qamoq jazosi berish so‘raldi. ...
7 mart 2017
Andijon shahrida yashovchi H. juda kelishgan, ko‘rkam yigit. Maxalladoshlari uni mashhur futbolchi Krishtianu Ronalduga o‘xshatishadi. Qo‘shnilarining aytishicha, H. aqlli, ...
2 iyun 2023
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman.  MS: Toshkent o‘risni mallakina oylondimi og‘a? ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...