Farg‘ona hokimi: «Hammang, mosh ekasan!»
Viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning bug‘doydan bo‘shagan yerlarga mosh ekish haqidagi topshirig‘i, o‘z yerlariga boshqa ekinlar ekib, katta mehnat va harajatlar sarflab qo‘ygan fermerlarning shaxsiy manfaatlariga zid kelmoqda.
Eltuz.com muxbiriga bu haqda aytgan fermerlardan biriga ko‘ra, ular qish oylarida texnika va o‘g‘itlar haridi uchun kreditlar olishgan, biroq bu pulni na plastikka o‘tkazish, va na naqd shaklida olishning iloji yo‘q.
Dehqonlar uchun ekilgan yerlarini boshqatdan haydash, ekish ikki uch xissa qimmatga tushadi.
“Kuni kecha viloyat hokimligida yig‘ilish bo‘ldi va hamma fermerlarga takroriy ekin sifatida mosh ekish topshirig‘i berildi. Bizning viloyat chetga mosh eksport qilish majburiyatini olibdi”, deydi u.
Shuningdek u, viloyat hokimining qarorini o‘zgartirish u yoqda tursin, uncha muncha odam uning oldiga kira olmasligini aytadi.
“Endi nima bo‘ladi, bilmaymiz. Men iyun oyidayoq bug‘doy topshirish rejasini bajargan edim. Bug‘doydan bo‘shagan yerlarimga makkajo‘xori ekib qo‘ygandim. Boshqa fermerlar ham yerlariga nimadir ekib qo‘yishgan. Hammasini boshqadan haydatib mosh ekish qimmatga tushadi. Texnikani ham, odamni ham pulga ishlatamiz”, deydi fermer.
Hokimning topshirig‘ini nazorat qilish uchun tumanlarga kelgan hokimlik mulozimlari ham muammolarni ko‘ra bila turib yelka qisishmoqda.
Nasima Davron qizi
Eltuz.com