Oylik va pensiyalar oshadi, biroq narx-navo allaqachon ko‘tarilmoqda…
Prezident farmonida, 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,15 baravar oshirilishi qayd etiladi.
Bundan kelib chiqib joriy yilning oktyabridan eng kam ish haqi – oyiga 149 775 so‘m; yoshga doir pensiyalar – oyiga 292 940 so‘m; bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 292 940 so‘m qilib belgilangan;
Farmonda, «zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 179 755 so‘m miqdorida belgilansin», deyilgan.
Eltuz.com muxbiri bu xabar o‘zbekistonliklarga qanday ta'sir ko‘rsatganligini bilish maqsadida, turli yoshdagi va mavqedagi kishilardan intervyu olishga harakat qildi.
«Bilmadim, xursand bo‘lganim yo‘q», – dedi ismi sir qolishini istagan o‘qituvchilardan biri.
U oktyabr oyining oyligi noyabr oyida, yoki undan kechroq kechroq tushishi, lekin bozordagi va magazinlardagi narx-navo sentyabr oyidayoq oshib ketishini aytadi.
«Narx-navo oshganidan ko‘ra, oyliklarning oshmagani ma'qulroq edi» deydi savdogarlardan biri.
Ayrim eng zarur maxsulotlar narxi esa allaqachon oshgan.
“Nega un, yog‘, shakar, kirsovunning narxi oshib ketdi”, degan savolimizga sotuvchilar oyliklar oshdiku deb javob berishadi.
«Oylik bilan uncha qiziqmayman, har oyda 400 yoki 420 ming so‘m plastigimga pul tushadi – deydi o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan yana bir suhbatdosh, – mening oylikdan tashqari tushimim bor, ya'ni “leviy”im. Har kuni rizqqa yarasha 30-40 ming so‘m tushib turadi. Shuning uchun oylik oshsa ham oshmasa ham menga farqi yo‘q.
«Tuman mudofaa bo‘limida ishlab pensiyaga chiqqanman, – dedi yana bir suhbatdosh, – 910 ming so‘m pensiya olaman. 15 foiz oshgan bo‘lsa, demak har 100 ming so‘mga 15 mingdan qo‘shiladi, pensiyam ancha ko‘payib qolar ekan».
Eltuz.com nashri muxbirining «Oylik oshsa nima o‘zgaradi?» degan savoliga ko‘pchilik “Soliqlar oshadi”, “Yana inflyatsiya davom etadi”, ayrimlar esa shunchaki ehtiyot sharti va kinoya ohangida “Axoli farovonligini o‘ylayotgan insonlarga tashakkurlar bo‘lsin” deya javob qilishdi.
Nasima Davron qizi
Rasm muallifi, Elsevar
Eltuz.com