Islom Karimov o‘ldi
O‘zbekistonni 27 yil davomida shafqatsizlik va qonunga xilof ravishda boshqargan avtoritar prezident Islom Karimov 78 yoshida o‘ldi.
Bu haqda «Eltuz»ga O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatidagi ishonchli manbalar ma'lum qilishdi, buni Qirg‘iziston havfsizlik tizimining bir zobiti ham tasdiqladi.
Ayni paytda O‘zbekistondagi barcha mulozimlar MXX nazoratiga olingan, kuchishlatar tizimlari kazarma xolatiga keltirilgan.
Ularga ko‘ra, Islom Karimov 29 avgust Toshkent vaqti bilan soat kechki 18:45 da Toshkentning Lunacharskiy dahasidagi davlat statsionarida olamdan ko‘z yumgan.
Bungacha uning miyasiga qon quyilgani va oqibatda shifoxonaga yotqizilgani ma'lum bo‘lgan edi.
Eltuz.comga bir biridan mustaqil manbalarning ma'lum qilishicha, ertaga belgilangan Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan bayram qoldirilgan, qo‘shni davlat rahbarlari bu haqda xabardor qilingan. O‘zbekiston hukumatining bu haqdagi rasmiy bayonotni ertaga ertalab berilishi taxmin qilinmoqda.
Islom Karimov mamlakatga 1989 yil iyunidan, Kreml tomonidan O‘zbekiston Kommunistik Partiyasi birinchi kotibi etib tayinlangan kundan boshlab hukmronlik qildi.
Karimov boshqaruvi davrida so‘z erkinligi cheklandi, inson huquqlari muttasil buzildi, shuningdek muxolifatga nisbatan qatag‘on siyosati qo‘llanildi.
Eltuz.com