Nomi boshqa, ichi bir xil gazetalar
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘nggi bir necha kun ichida mamlakatda chop etilgan deyarli barcha nashrlar bir xil qiyofaga kirdi, desak xato bo‘lmaydi.
Gazetalar prezident vafotiga bag‘ishlangan rasmiy ma'lumotlar bilan to‘ldi. Agar ularning nomlarini aytmasa, sahifalaridagi bir-ikki mualliflik maqolalarini hisobga olmasa, asosan, O‘zA tomonidan tayyorlangan bir xil materiallar bosildi.
Ayrim gazetalar, masalan, 5 sentyabrdagi «O‘zbekiston ovozi», «XXI asr», «Adolat» kabilarning deyarli 60-70 foizi O‘zAdan olingan materiallar bilan to‘ldirildi.
Islom Karimovning o‘limi gazetalarda e'tiborni tortadigan bitta o‘zgarishga sabab bo‘ldi. Endi ularning marhum davlat rahbariga bag‘ishlangan xos materiallaridan tashqari birortasida shu paytgacha oddiy lavhalarga ham tiqishtirib kelingan prezident nomi uchramayapti.
Hatto shu paytgacha birorta maqolasi endilikda marhum prezidentga «paxta qo‘yish»siz chop etilmagan jurnalist Muhammadjon Obidovning 7-sentyabrda «O‘zbekiston ovozi» gazetasida e'lon qilingan «Elektorat manfaatlari himoyasi» sarlavhali kattagina lavhasida yurtboshining nomi eslatib ham qo‘yilmagan.
«Ulkan yutuqlar», «tub islohotlar», «mislsiz bunyodkorlik ishlari» kabi so‘zlar oldidan endi «yurtboshimiz rahnamoligida», «prezidentimiz tashabbusi bilan», «cheksiz g‘amxo‘rligi tufayli» singari ta'riflar yo‘q. Albatta, bag‘ishlov maqolalar bundan mustasno.
Bu holat Sulaymon o‘lib, devlar qutulganini anglatadi, deb o‘ylamang. Nazarimizda devlar, bu o‘rinda mahalliy matbuot yangi Sulaymon kim bo‘lishini kutayotgandek. Yana bir taxmin shuki, jurnalistlar paxta qo‘yiladigan joyni yo‘qotib qo‘ydilar va endi nima qilish kerakligi haqida hali o‘z xo‘jalaridan aniq-tiniq ko‘rsatma olib ulgurmadilar.
Mana shu umumiy fonda «mustaqil gazeta» rutbasi bilan chiqadigan «Hurriyat» birmuncha ajralib turganini aytmasak, adolatsizlik bo‘ladi. Unda O‘zAning materiallaridan ko‘ra o‘z maqolalari ko‘proq.
Ammo «Hurriyat»ning «Vatan deydi yuraklarning dupuri», «Bunyodkor el jasorati» kabi yirikkina maqolalarida ham prezidentga avvalgi «ehtirom» yo‘q. Holbuki, ilgari bunday maqolalarda eng kamida bir necha joyda uning nomi tilga olinardi.
Gazetaning 7 sentyabrdagi sonida «G‘oyalari barhayot, nomi abadiy» sarlavhasi ostida bosilgan bag‘ishlovning hajmi ancha katta. U «o‘tgan hafta davomida xalqimiz davrning yana bir qaltis sinovidan o‘tgani», Islom Karimov vafot etganini bildirishdan boshlanadi.
So‘ng esa «boshimizga tushgan ana shu musibatdan ham yovuz kuchlar o‘zlarining nopok niyatlari yo‘lida foydalanishga uringani» aytiladi.
«Ayrim xorijiy OAVda, xususan, internetning ijtimoiy tarmoqlarida hayot haqiqatiga zid bo‘lgan turli fitna va ig‘volar tarqatildi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun ommani fikran buzmoqchi bo‘ldi», deyiladi maqolada va «jamoatchilik, ayniqsa, mustaqillik farzandlari – yoshlarimiz bu axborot xurujiga qarshi tura olgani»ga shukur qilinadi.
Muallif Islom Karimov jurnalistlarni «mening yaqin ko‘makchilarimizsiz», deb olqaganini eslatadi.
Albatta, marhum prezidentning mahalliy jurnalistlarni olqaganicha bor edi. Ular haqiqatan ham mavjud tuzumga ko‘makchi bo‘lib, uning yolg‘onga asoslangan siyosatini ko‘klarga ko‘tarish bilan xalqni manqurtga aylantirish harakatining oldingi safida turdi.
Bu ko‘magi uchun hukumat ularga atab «Oltin qalam» mukofotini ta'sis etdi, «Yilning eng faol jurnalisti», «Eng ulug‘, eng aziz» ko‘rik-tanlovlarini tashkil qildi.
Oxir-oqibat hukumat nazoratidagi o‘zbek jurnalistikasi kuni-kecha biz guvoh bo‘lgan holatga kelib qoldi. Hatto prezident salomatligi haqida bir og‘iz gap ayta olmay, xalqning bu haqdagi axborotga bo‘lgan ehtiyojiga tupurdi. Tuyaqush kabi boshini qumga tiqib o‘tirdi. Yuqorining ko‘rsatmasini kutdi.
Elning haqiqiy ahvoli, real hayot haqida shuncha yillardan beri bir og‘iz gapirmagan, xalqning emas, hukumat manfaatini ifoda etib kelgan bu matbuotdan yana nima ham kutish mumkin aslida?!
Nega O‘zbekiston matbuoti Karimovdan keyingi hokimiyat almashuvi qanday kechayotgani haqida sharhlar yo‘q? Nega mamlakatni o‘rgimchak to‘ri kabi qoplab qolgan korruptsiya haqida gapirilmaydi? Millionlab fuqaroning ish izlab xorijga ketishining asl sabablari nimada?…
Albatta, bu kabi «noqulay» savollar, masalalar bilan mahalliy jurnalistlar boshini qotirib o‘tirmaydi. Chunki ular hozir bu borada «ayrim xorijiy OAVlarda urchiydigan fitna va ig‘volar»ga javob berishga tayyorlanish bilan bandga o‘xshaydi.
«Hurriyat»dagi maqola muallifida esa haqiqiy, haqqoniy, xalqning erkin axborotga bo‘lgan chanqog‘ini qoldiradigan jurnalistikaga qaytish niyati hali-beri yo‘qligi uning yozganlaridan yaqqol ko‘rinib turibdi.
Endi u Islom Karimovning «ikkinchi – abadiy umri» haqida tom-tom asarlar bitilajagini bashorat qilmoqda.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com