Ko‘zqarash
10 oktyabr 2016

Islom Karimov ochiqchasiga Amir Temurga tenglashtirildi

Yodnomalarni shoir va yozuvchilar bitsin ekan. Chunki ularning tafakkur doirasi boshqalarnikidan ko‘ra kengroq bo‘ladi.

Shu kunlarda marhum prezident Islom Karimovning vafotiga qirq kun to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston matbuoti ana shunday yodnomalar bilan to‘lib-toshdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi (07.10) ham bu haybarakallachilikdan ortda qolmaslikka emas, balki bayroqdor bo‘lishga qaror qildi. Gazeta mamlakat Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali tili bilan marhum prezidentni sohibqiron Amir Temurga tenglashtirib qo‘ya qoldi.

To‘g‘ri, Islom Karimovni Amir Temurga muqoyasa qilish harakati uning hayotligi davrida ham kuzatilardi. Lekin bu tenglashtirish gap orasida qistirib o‘tilardi. Muhammad Ali kabi hali hech kim alohida maqola bag‘ishlab, bu kabi ochiq yozmagandi.

U Islom Karimovni Amir Temurga qiyoslash uchun yetarli asoslar borligini da'vo qilar ekan: «Amir Temur arslon yurakli, qo‘rqmas, yovqur edi, bu sifatni Islom Karimovga nisbatan ham ayta olamiz», deydi.

«Dovyurak» Karimov o‘z qarorgohida boradigan yo‘llarga tutash ko‘chalarni butunlay yoptirib tashlaganda, bir joyga borsa, xalq bilan ochiqchasiga tillashish o‘rniga alohida tanlangan kishilar bilan xo‘jako‘rsinga muloqotlar qilganda kimlardan cho‘chigani, Temurbekdek yovqurligi qaerda qolgani haqida, tabiiyki, bir og‘iz ham eslatilmaydi.

«Har ikkisi ham adolat mayog‘ini mahkam tutdi. Amir Temur «Kuch – adolatda!» degan shiorni ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, Islom Karimov bu ulug‘ hikmat mazmunini ma'naviy jihatdan boyitib, «Kuch – bilim va tafakkurda!» deya unga yuksak baho berdi. Bejiz emas, har ikki buyuk siymo ham «Yurt adolatsiz tura olmaydi», degan so‘zlarni yaxshi ko‘rishar, hamisha unga amal qilishardi», deya davom etadi Muhammad Ali.

Islom Karimov adolati qanday ekanini bugun qamoqxonalarda begunoh yotgan balki minglab mahkumlar biladi. Xalqning bilim va tafakkuri yuksalib, kuch bo‘lishidan cho‘chibmi, o‘qituvchilari u yoqda tursin, hatto maktab o‘quvchilarigacha paxta dalasiga haydalgan, ta'lim sifati tobora pasayib borayotgan o‘zbek yurti biladi.

Muallif har ikki davlat rahbari ham bemisl bunyodkor bo‘lgani, ularning bu boradagi ishlari bugun «jahonni hayratga solib kelayotgani»ni ta'kidlaydi.

Sohibqiron borasida aytilgan bu gaplar to‘g‘ri. Ammo Islom Karimov qurdirgan birorta bino bugun jahonni hayratga solayotganini hali eshitganimiz yo‘q.

O‘zbek yozuvchilarining serkasi muvaqqat va aftidan bo‘lajak prezidentga paxta qo‘yishni ham esdan chiqarmaydi.

Bosh vazirning vatinchalik prezidentlikka tasdiqlanishi haqida fikr yuritar ekan, Muhammad Ali «har bir vatandoshimiz xalqimiz, davlatimiz taqdiri ishonchli qo‘llarda ekaniga ishonch hosil qilgani»ni ta'kidlaydi.

«Ha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov boshlagan ishlar aslo to‘xtamaydi. Ulug‘ yo‘l davom etadi!» deya xulosa qiladi muallif.

Umuman, Muhammad Ali bu gaplari bilan Islom Karimovni Amir Temur darajasiga olib chiqishni ko‘zlaganmi yoki sohibqironni marhum prezident darajasiga tushirib qo‘yishni niyat qilganmi, maqoladan anglash mushkul.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2015
Ko‘rgazmada sobiq SSSRning 14 mamlakatidan 74 nafar rassomlar ishi taqdim qilinmoqda. O‘zbek rassomi Vecheslav Ohunovning «Yulduzlar hiyoboni» installyatsiyasi Kuhlhaus ...
17 mart 2017
16 mart kuni ertalab, immigratsiya qoidalarini buzganlik aybi bilan ushlangan Rossiyaning «Novaya gazeta» muxbiri 30 yashar o‘zbekistonlik Xudoberdi Nurmatov ...
1 aprel 2015
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekiston mustaqilligi arafasida mamlakat aholisi prezident siyosatini to‘liq qo‘llab quvvatlashini bildirdi, balki yetar… ...
11 avgust 2017
“Temir xotin” filmida o‘zbeklarning paxta terishga majburlanishini hajv qilgan kinorejissyor 2015 yilning oktyabrida Namangan dalalariga terimga jo‘natilgandi. Rassom Tuz, ...
Bloglar
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...