O‘zbek plastik kartasining tuganmas bosh og‘riqlari
«Oila davrasida» gazetasi (08.09.2016) bugungi O‘zbekistonning oddiy aholisini eng ko‘p o‘ylantirayotgan muammolardan biri – bank plastik kartasi orqali moliyaviy muomalalarga oid masalalarga e'tibor qaratadi.
«Birovning plastigidan to‘lash mumkin emas…mi?» sarlavhali maqolada Markaziy bankning mansabdor vakili ayrim dolzarb savollarga javob qaytargan.
Xususan, «Bankda plastik kartadagi pulni naqdlashtirish mumkinmi? Qancha miqdorga ruxsat berilgan va necha martagacha?» degan savolga Markaziy bank vakilining javobi ko‘pchilikka umid uyg‘otishi mumkin.
«O‘zR prezidentning 2005 yil 5 avgustdagi «Banklardagi depozit hisobvaraqlardan naqd pul to‘lovlarini uzluksiz ta'minlash kafolatlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, banklar aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga naqd pulni ularning depozit hisobvaraqlaridagi, shu jumladan, plastik kartalaridagi mavjud mablag‘i doirasida beradi», deya javobni qisqa qilgan bank vakili.
Ammo gazeta bank vakiliga aslida real hayotda buning mutlaqo aksi ekanini negadir eslatmagan yoki eslatishdan foyda yo‘q, hamma bilgan narsani so‘rashdan nima foyda, degan istiholaga borgan.
Chunki O‘zbekiston banklari prezidentning yuqorida tilga olingan qarori shartlarini shu paytgacha hech qachon bajarmagan, bu yaqin o‘rtada bajara olishi ham dargumon. Zero, mamlakatda naqd pulning o‘ta kuchli tanqisligi kuzatilmoqda.
Hatto pensionerlar ham plastik kartochkasidan 100 ming so‘mgina naqdlashtirish uchun hali quyosh bosh ko‘tarmasidan banklar oldida sarg‘ayib o‘tirayotgani, korxonayu tashkilotlar naqd pulda maosh berishga qiynalayotgani to‘g‘risida mustaqil nashrlarda ko‘p yozilmoqda.
Ayni paytda «ucharlar» plastik kartadagi mablag‘ni naqdlashtirish uchun 15-20 foizgacha haq so‘rayotgani, tadbirkorlardan esa hisob raqamidagi mablag‘ni naqd olish uchun 30 foizdan ham ko‘proq ustama so‘ralayotgani hech kimga sir emas.
Yuqorida tilga olganlarimiz O‘zbekiston bank sohasi inqirozda ekani, moliyaviy munosabatlar korruptsiya bilan uyg‘unlashib ketganidan dalolatdir.
Lekin hozircha «tinchligimiz va barqarorligimizni ko‘ra olmayotgan»lar bilan kurashishga butun kuch-g‘ayratini sarflayotgan mahalliy jurnalistlar bu muammolarga e'tibor qaratayotgani yo‘q.
Deputatning yolg‘oni
Plastik karta muammosi «Adolat ko‘zgusi» gazetasida (08.09.2016) ham ko‘tarilgan. 87 yoshli pensioner pensiyasi o‘z roziligisiz plastik kartaga o‘tkazib berilayotgani, bu esa unga noqulaylik tug‘dirayotganidan arz qilgan.
Garchi gazetada pensionerning bu muammosi hal qilingani aytilgan bo‘lsa-da, pensiyasi majburiy tarzda plastik kartalarga o‘tkazib berilayotganidan aziyat chekayotgan pensionerlar soni juda ko‘pligini taxmin qilish qiyin emas.
Xuddi shu gazetada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov bilan suhbat ham e'lon qilingan.
Deputatning iddao qilishicha, «paxtani to‘laligicha qayta ishlab, dunyoning turli mamlakatlariga yuqori sifatli tayyor mahsulot sifatida sotyapmiz».
Albatta, ayrimlar paxta sohasidagi bu «yutug‘imiz»dan bexabar qolib, deputatning yolg‘onini payqamasligi hech gap emas.
Aslida, ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hatto yetishtirgan paxtasining 50 foizini ham qayta ishlaydigan sanoatni hali yarata olgani yo‘q. Buning misoli Toshkentda har yili o‘tkaziladigan xalqaro paxta yarmarkasidir.
Mana shu yarmarka orqali har yili yuz minglab tonna paxta tolasini xorijga sotishimiz hech kimga sir emas-ku?! Har yili bu bilan maqtanib turgan bir paytimizda deputat qaerdan oldi ekan yuz foiz paxtamizni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotayotganimizni?!
Suhbatning yana bir o‘rnida deputat sho‘rolar davriga ishora qilib: «Bizning iste'dodli yoshlarimiz qor bosgan dalalarda paxta terib yurgan bir paytda sobiq ittifoqning ayrim davlatlaridagi yoshlar fan-texnikaning so‘nggi muvaffaqiyatlarini o‘rganishayotgan edi», deb yozg‘iradi va bugungi avlod uchun hamma «sharoitlar» yaratilgani bilan maqtanadi.
Deputatga atrofga nazar tashlashni maslahat qilgan bo‘lardik. Ayni shu kunlarda dunyoning boshqa davlatlarida yoshlar hali ham fan-texnika yutuqlarini o‘rganayotgan bir paytda o‘zbek yigit-qizlari yana paxta dalasiga quvilyapti.
Minglab talabalar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar vakillari bugun paxtazorda.
Hatto «mamlakatimiz qudratining timsoli» deb ulug‘lanayotgan «shonli armiyamiz» ham bugun paxtazorlarda «dala o‘quv mashg‘ulotlari»ni o‘tkazishga safarbar qilingan.
Garchi ular qor ostida paxta termayotgan bo‘lsa-da, ularni yashash uchun oddiy sharoitlar ham bo‘lmagan chang-qirovli dalalar, rahbarlarning zulmi kutib turgani shubhasiz.
Eltuz.com