Kundalik
1 oktyabr 2016

O‘zbekistonda bu yil ham bolalar paxtaga haydaldi

O‘zbekistonning bir qancha viloyat va tumanlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda bu yil 18 yoshga yetmagan bolalar paxtaga chiqarilganini eltuz.com o‘z manbalari orqali tasdiqladi.

Bizga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, viloyat va tuman kollejlarida o‘quvchilarning yotoqda qolib paxta terishlari uchun paxta shtablari tashkil etilgan.

rasm3086
Paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanmasligini targ‘ib qiluvchi plakat

Garchi, mamlakat dalalarida monitoring o‘tkazgan Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari, «2015 yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnatidan yoki majburiy mehnatdan foydalanilganiga dalillar topishmagan»ini o‘z hisobotlarida e'lon qilishgan edi.

Shuningdek, rasmiy Toshkent va Xalqaro tashkilotlar keyingi uch yil davomida O‘zbekistonda paxta ishlab chiqarilishida bolalar mehnatidan foydalanish barham topganini ta'kidlab kelishadi.

Buning natijasi o‘laroq, 2015 yilning boshida, Jahon banki O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishga yo‘naltirilgan loyihalar uchun $ 500 million so‘mlik kredit berilishini tasdiqladi.

Biroq, bu yil ham paxta terimiga 18 yoshga to‘lmagan bolalarning jalb etilganiga oid ochiqlangan holatlar, haqiqatan ham o‘zbek paxta sanoatida bolalar mehnatiga chek qo‘yilgani haqidagi iddaolarni savol ostida qoldiradi.

Hususan, eltuz.com o‘tkazgan surishtiruv natijasida Farg‘ona vodiysining Buvayda tumani, Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Ellikqal'a va Beruniy tumanlarida ayni ahvol kuzatilgan.


«Dalalarda 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ko‘rish mumkin»

rasm3082
Dalada paxta terayotgan bu bolaning yoshi 10 da. 2016 yil. Foto: eltuz.com

To‘rtko‘l tumanidagi manba bilan bog‘langan eltuz.com muxbiriga dalalarda paxta terayotgan talaba va o‘quvchilar orasida 18 yoshga to‘lmagan bolalarni ko‘rish mumkinligini aytadi.

«Masalan To‘rtko‘l tumanidagi 44-maktab muallimlari bolalarga uyingizdan odam chiqib men uchun paxta terib bersin degan buyruqni ham berar ekan», deydi manba.

U mamlakatda kattalar paxtaga ommaviy safarbar etilarkan, maktab o‘quvchilari o‘qituvchilarining bu talabini o‘zlari bajarishga majbur bo‘lishlarini iddao qiladi.

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal'a tumanida esa, ayrim qishloq maktab bolalari to‘g‘ridan to‘g‘ri direktorlarning buyrug‘i bilan paxtaga chikarilgan.

Misol uchun, Aqchako‘l tumanidagi 17-maktabning 8-9-sinflari 3-4 dars o‘kitilib, yoppasiga paxtaga olib ketilmoqda.

«Dalada 7 yoshdan 18 gacha bolalarni ko‘rish mumkin. Ko‘pchilik yosh bolalar onasining yonida paxta terishga chiqishga majbur»

Misol tariqasida u yosh bolalik onalarning majburan dalaga chiqarilganiga oid misollar keltiradi.

Kollejlarning birinchi kurs talabalari ham paxtaga chiqarildi

rasm3083
Farg‘ona viloyati kollejlarining boshlang‘ich kursi o‘quvchilari kunlik paxtaga qatnashadi

30 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati kollejlarining birinchi kurs talabalari ham paxtaga jo‘natildi. Bir hafta ilgari kollejlarning 2-3-kurs o‘quvchilari paxta terimiga haydalgan edi.

«Bizning kollejda faqat 2-3-kurs talabalari paxtaga chiqarildi, – dedi Qo‘qon tibbiyot kolleji o‘quvchilaridan biri eltuz.com muxbiriga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hali ularni yotoqqa jo‘natishmagan, biroq har kuni paxta terishga olib chiqilmoqda.

«Har kuni kollejga kelayapmiz va bizni “Otayo‘l” avtobuslarida Dang‘ara tumaniga paxta terimiga olib borishayapti», deydi u.

Ular ertalab paxtaga olib ketib, soat kechki 5-6 larda yana kollejga qaytib olib kelib qo‘yishayotganini aytishadi.

«Uyimizgacha o‘zimiz yo‘lkira qilib yetib olayapmiz. Kuniga 30 kg. norma belgilashgan. Men bugun 15 kg. terdim. Chunki shaharda tug‘ilib, o‘sganman, paxta terishni bilmayman», deydi bu yil Tibbiyot kollejning birinchi kursiga talaba qiz.

U shuningdek, qishloqlik kursdoshlari normani 30-35 kilogrammga yetkazishayotganini aytadi.

Na ota onalar, na pedagoglar bolalarni majburiy mehnatdan himoya qilish haqida o‘ylashmayapdi

Bu yil kollejlarga qabul qilingan 1-kurs o‘quvchilarining yoshi aksariyat 16 da, ular 2000 yil tug‘ilgan bolalardir.

rasm3085
O‘zbek pedagoglari ayni damda bolalar ta'limi haqida emas, balki paxta normasi haqida o‘ylashmoqda

Ularning paxtaga safarbar etilishi bilan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni paxtaga jalb etmaslik to‘g‘risidagi hukumat qarori va bu yuzadan qabul qilingan xalqaro konventsiyalarning allaqachon buzilganini anglatadi.

Buvayda qurilish va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchilaridan biri ham kollejning barcha o‘quvchilari paxtaga safarbar etilganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kollejning o‘zida o‘quvchilarning yotib qolishi uchun shtab tashkil etilgan. Birinchi va uchinchi kursgacha bo‘lgan o‘quvchilar shu yerda qolayapti.

«Erta bilan mikroavtobuslarida ularni cho‘l zonasiga olib borayapmiz. O‘quvchilarga 30 kg. norma belgilangan», deydi Qurilish kolleji muallimi.

Eltuz.com muxbiri bilan suhbatlashgan Bag‘dod, Uchko‘prik, Rishton, Qo‘shtepa tumanidagi manbalar ham kollejlarning barcha talabalari paxtaga safarbar etilganini tasdiqlamoqda.

Ularning aniqlashicha, ayrim ota-onalargina bolalarining paxta dalasiga jo‘natilishiga qarshilik qila oladi, ko‘pchilik esa o‘z huquqlarini mutlaqo bilishmaydi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasining ishonch telefoni borligini ham ko‘pchilik bilmaydi yoki bu telefon raqami ularning muammosini hal qilishga hech qachon yordam bermaganini aytishadi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi hech qachon, odamlar huquqini himoya qila oladigan real institut bo‘lmagani holda, majburiy paxta terimiga jalb etilayotgan o‘zbek bolalari huquqlarini real himoya qiladigan tashkilot ham bugungi kunda O‘zbekistonda yo‘q.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 noyabr 2016
Yaqin bir necha oylar avval, mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimizda, hali «buyuk yo‘lboshchi» tirik ekanida gazetalarimiz «biz buyuk o‘zgarishlar ...
1 fevral 2018
Toshkentda 14 fevraldan sovuq suv uchun tariflar oshishi bildirildi. «Suvsoz» idorasi xabariga ko‘ra, yangi narxlar poytaxt hokimligi tomonidan 29 ...
9 aprel 2021
Bundan 9 kun oldin muttasil kaltaklash ortidan molxonada osilgan holda topilgan homilador kelin Muxlisa Qadamboeva mavzusi 9 aprel kuni ...
19 avgust 2018
2000 yilning oktyabri oxirlarida Muhammad Bekjonni IIV yerto‘lasidagi 14-kameraga olib kelishadi. Uni Toshkent portlashlari yuzasidan sudda guvohlik berishga «maxsus ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...