«Hurriyat» o‘zining birinchi bosh muharririni eslamadi
«Hurriyat» gazetasi (12.10) o‘zining 1000-soni chiqishi munosabati bilan nashrni tashkil etish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboevning bu boradagi xotiralarini e'lon qildi.
Muallifning yozishicha, o‘sha paytlarda «o‘z so‘zi, yo‘li va fikriga ega, istiqlol davrida amalga oshirilayotgan islohotlarni xolis va haqqoniy yoritish, tahlil qilishdek zalvorli mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladigan gazeta kutilayotgandi» va bu gazeta aynan «Hurriyat» bo‘lgan.
Hatto gazetaning nomini ham prezident Islom Karimovning o‘zi taklif etgan.
«Biz «Yangi hayot», «Istiqlol ovozi», «Kelajak ovozi» nomlarini taklif etgan edik», deb eslaydi A.Meliboev.
Uning bildirishicha, gazetaning nishona sonini tayyorlash ustida Abusaid Ko‘chimov, Xurshid Do‘stmuhammad, Yoqubjon Xo‘jamberdiev, Murod Abdullaev, Ahmad Otaboev va boshqalar ishlagan.
Muallif negadir gazetaning birinchi beshta sonini chiqargandan keyin bosh muharrir lavozimidan bo‘shatilgan Karim Bahriev nomini tilga olmaydi.
Aslida «Hurriyat» o‘sha beshta soni bilan gazeta sifatida tanilgandi. O‘shanda O‘zbekiston ahli haqiqiy jurnalistika, xalq dardini ayta oladigan erkin fikrli nashr aslida qanday bo‘lishi kerakligi haqida haqqoniy tasavvurga ega bo‘lgandi, desak adashmaymiz.
A.Meliboev o‘zi ham e'tirof etishga majbur bo‘lganidek, «Hurriyat»ning nishona soni chiqishi – «bu yangilayotgan erkin va mustaqil matbuotimizning chinakam bayrami edi».
Afsuski, bu bayram uzoqqa cho‘zilmadi. Beshta soni chiqqandan so‘ng «erkin va mustaqil matbuot» kimnidir cho‘chitdi shekilli, avvaliga «Hurriyat» «boshi»dan judo qilindi – bosh muharriri ishdan olindi. Keyin esa gazeta mamlakatdagi boshqa nashrlarga o‘xshadi-qoldi.
Hozir «Hurriyat» mamlakatda nashr etiladigan 1400 dan ortiq gazeta va jurnallarning biri, xolos. Uning o‘z so‘zi ham, fikri ham yo‘q.
Undan birinchi sonlaridan meros sifatida faqat «mustaqil gazeta» degan iddao qolgani ham bor gap. Bugun bu gazeta haqiqatan ham xalqdan, uning dardu g‘amidan, tashvishu alamlaridan mustaqildir…
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com