Arizago‘yga bir kilo go‘sht va sabzavot yordami berildi
Ismi va tumani sir tutilgan Farg‘ona viloyati tumanlaridan birining mutaxassisi Eltuz.com muxbiriga Bosh vazirning virtual qabulxonasiga tushayotgan arizalar bo‘yicha qisman quyidagilarni bildirdi.
25 oktyabrga qadar virtual qabulxonaga ayni tumandan 10 ta shikoyat tushgan. Ularning 6 tasi uy-joy masalasida, bittasi moddiy yordam so‘rab qilingan murojaat, shuningdek gaz va elektr ta'minotini yaxshilash borasida bitta ariza kelgan.
Uning tag‘in bildirishicha, shu o‘nta arizaning bittasi qanoatlantirilgan. Ya'ni moddiy yordam so‘rab qilingan murojaat egasiga, tumanda tuzilgan ishchi guruh ishtirokida bir kilo go‘sht, bir kletka tuxum, bir qop sabzavot (kartoshka, sabzi, piyoz), bitta qovun va bitta tarvuz olib borilgan.
Hamda arizago‘ydan moddiy yordam berilganligi haqidagi tushuntirish xati yozdirib olingan.
U shuningdek, uy-joy masalasida murojaat qilganlarga tumanda barcha yerlar sug‘oriladigan maydonlar ekanligi, uy-joy uchun yer kerak bo‘lsa, tuman hokimligi o‘tkazadigan tender savdolarida qatnashib, yer sotib olish mumkinligi tushuntirilganini, shuningdek, elektr va tabiiy gaz ta'minotini yaxshilash borasidagi shikoyatlar hozircha o‘rganilayotganini bildirdi.
Eltuz.com