Terimchilar yomg‘irli kunda ham paxtasiz dalada qolishdi
Dalalarda umuman paxta qolmaganiga qaramay haliyam odamlar paxta terib kelish uchun bo‘m bo‘sh dalalarga jo‘natilayapti deydi, Eltuz.comning Farg‘ona viloyatidagi manbalari.
Faqat g‘o‘zapoyalar tikkayib turgan paxta maydonlarida haliyam bog‘cha, maktab, kasalxona xodimlari besh-o‘n kilo paxta topish ilinjida yurishibdi.
Barcha tumanlarda talabalar, 10 kunlik yotoqqa ketganlar yomg‘irli va sovuq kunlarda ham uylariga qo‘yib yuborilmadi.
Paxta dalasida qolayotgan umumta'lim maktabi rus tili va adabiyotidan dars beruvchi o‘qituvchi o‘z o‘rniga maktab qorovulining o‘g‘lini jo‘natganini aytadi.
“10 kunga 150 ming so‘m berdim. Bola bechora (kollejni bitirgan, ishsiz yurgan yigit) palatkada yotibdi. Biz uyimizda sovuqqotyapmizku, ular palatkada muzlab qolayotgandir”, deydi u.
Dalalarda paxta yo‘q. Ammo byudjet tashkiloti xodimlari haliyam yotoq sharoitida qolayotganini aytadi u.
Boshqa ko‘p o‘qituvchilar ham paxtaga bormaslik uchun pul to‘lashni afzal ko‘rishgan.
Qo‘shtepa tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi ham o‘n kunga maktab direktoriga 150 ming so‘m berganini aytadi:
“Baribir paxtazorga borganimiz bilan paxta tugul ko‘sak ham yo‘q. Bekorga sovqotib, izg‘iganimiz qoladi, xolos.
Ko‘pga kelgan to‘y, deb yurgan o‘qituvchilarning, bog‘cha opa va oliy ma'lumotli vrachlar, hamshiralarning dodini eshitadigan odam ham yo‘qligini aytadi u.
Eltuz.com