Dayjest
2 noyabr 2016

«Ijtimoiy fikr»ning navbatdagi lofi

«Xalq so‘zi» gazetasi (29.10) «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi so‘rovning natijalari haqida maqola e'lon qildi.

O‘zbekiston prezidenti yaqinda sud-huquq tizimiga oid farmon imzolagani munosabati bilan o‘tkazilgan «Sud-huquq tizimi islohotlari jamoatchilik nigohida» mavzuidagi bu so‘rov ham avvalgilari kabi haqqoniy vaziyatni ifodalamaydi.

«Tadqiqot odamlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimi islohotlarining asosiy maqsad va mohiyatini teran anglab yetganini namoyish etdi», deb xulosa qilgan «Ijtimoiy fikr».

«So‘rov shuni ko‘rsatdiki, fuqarolar huquqlari buzilganda uni qonuniy asosda tiklashga ishonishadi. Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz huquqlari buzilganda uning tiklanishiga shubha qilmaydi», deyiladi gazetada.

Ma'lum bo‘lishicha, respondentlarning aksariyati, ya'ni 93,8 foizi o‘z huquq va manfaatlari kafolatlangani va ta'minlanganini qayd etgan.

Ijtimoiy so‘rovni o‘tkazayotganlar yoki barcha raqam va xulosalarni xayoliga kelganicha yozadi, yoki so‘rov o‘tkazayotganlarida bechora respondentlardan o‘ziga ma'qul javob olish uchun yonida prokuratura, militsiya va MXX vakili bo‘ladi. Bo‘lmasa, bugun mamlakatdagi vaziyatni ko‘ra-bila turib aksariyat fuqarolar buzilgan huquqlari shubhasiz tiklanishiga ishonishini qanday baholash mumkin?

Agar ishonch shunday yuqori bo‘lsa, qolaversa, salkam yuz foiz fuqaro o‘z huquq va manfaatlarini ta'minlangan, deb bilsa, bosh vazirning virtual qabulxonasi ochilgandan beri o‘tgan bir necha hafta ichida unga 100 mingga yaqin shikoyat kelib tushganini qanday baholasa bo‘ladi?

Ular aynan qonunsizlikdan, manfaatlariga ziyon yetgani uchun shikoyat qilyaptilarmi yoki ommaviy ishsizlik oqibatida kelib chiqqan bekorchilikdanmi?

Gazetada ijtimoiy so‘rov natijalari «fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlash, ularning siyosiy jarayonlarda, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirokini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarali amalga oshirilganini ko‘rsatayotgani» ta'kidlanadi.

Endi bu xulosaga bahoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmayotgan va saylovga qo‘yilmayotgan muxolifatdagi partiyalar vakillari, haqqoniy saylov nimaligini allaqachon unutib qo‘ygan xalq bersin.

Mazkur gazetada garchi reklama huquqi asosida berilgan bo‘lsa-da, yana bir maqola e'tiborni tortdi. Unda «O‘zfarmsanoat» aktsiyadorlik kontserniga qarashli «O‘zkimyofarm» aktsiyadorlik jamiyati faoliyati to‘g‘risida so‘z boradi.

Yozilishicha, korxona o‘tgan yilning 9 oyi davomida 6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 22,2 milliard so‘mdan oshgan. Sof foyda esa, e'tibor bering, 18 milliard 720 million so‘mni tashkil etgan.

Hisoblab ko‘ring, xomashyo, ish haqi va boshqa ko‘plab ishlab chiqarish xarajatlariga bor-yo‘g‘i 3 milliard so‘mdan sal oshiqroq mablag‘ sarflangan holda bundan bir necha barobar ortiq foyda olingan. Bunday daromadli sohani yana qaerda ko‘rgansiz yoki eshitgansiz?

Xalq dori-darmon qimmatligidan dod deyayotgan bir paytda bu kabi monopoliyalar xohlagancha foyda qilib yotibdi, degan xulosani bermaydimi bu raqamlar!?

Agar berilgan raqamlarda xatolik o‘tmagan bo‘lsa, ular nazorat organlari tomonidan jiddiy e'tibor qaratilishini talab etadi nazarimizda.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 dekabr 2016
Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova 17 dekabr kuni o‘zining instagramm sahifasida Shavkat Mirziyoevdan kechirim so‘rashi haqida yozdi va saylovda unga ...
8 dekabr 2016
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova O‘zbekiston konstitutsiyasi bayramida «hamroz» qo‘shig‘ini ijro qildi. Keyingi 9 yil davomida Usmonova katta sahnadan ...
20 aprel 2024
Farg‘ona viloyatidagi va umuman vodiydagi barcha professional jurnalist va ziyolilarga ikki og‘iz gapim bor. Vodiy azaldan mehmondo‘stligi bilan tanilgan. ...
17 oktyabr 2016
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston matbuoti bosh vazirning virtual qabulxonasini salkam «adolat uyi»ga tenglashtirib qo‘ydi, desak xato bo‘lmaydi. Hozir har bir ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...