O‘qituvchilar dalalarga go‘ng sochmoqda
Farg‘ona viloyatida xalq ta'limi va boshqa byudjet tashkilotlari xizmatchilari bug‘doy ekilgan dalalarga mahalliy o‘g‘it – go‘ng sochishga chiqarildi.
«Tuman hokimligidan buyruq berishibdi, har kuni 10-15 chog‘li odam fermerlarga yordam bersin, dalaga go‘ng tashisin, deb. Ularning boshida men turibman», deydi xalq ta'limi bo‘limida ishlaydigan Eltuz manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni maktablardan ikki-uch nafardan o‘qituvchi yoki texnik xodimlar dalalarga olib chiqilishi kerak.
Ayrim dalalarda fermerlar qoplarga go‘ng solib qator boshiga qo‘yib qo‘yishgani, ayrim dalalarda esa telejkada olib kelib egatlar oldiga to‘kib qo‘yilganligini aytadi u.
«Go‘ngni avval qop yoki etakka solib olamiz, keyin bug‘doyga sochayapmiz», – deydi suhbatdosh.
Eltuz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga murojaat qildi. Ammo ular bu axborotni tasdiqlamadi.
“Bizda o‘qituvchi va bog‘cha opalar faqat paxta terimiga chiqadi xolos. Unda ham majburiy emas, o‘zlari xohlab, hashar uyushtirishadi” dedi xalq ta'limi mulozimi.
Toshloq tumani mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xodimi esa, haqiqatdan ham fermer xo‘jaliklarida sho‘r yuvish, go‘ng sochish, bug‘doylarni sug‘orish qanday ketayotganligini, fermerlar bu ishlarni qay darajada amalga oshirganligini tekshirish uchun hokimiyat tomonidan har bir tashkilot va korxonaga 2-3 tadan fermer xo‘jaligi bo‘lib berilganligini, tashkilot vakillari fermerlar bilan birga dalalarda yurganligini aytib o‘tdi.
«Paxtasini terib berganimizdan keyin, bug‘doyini ham yetishtirib beramiz-da. Hali bug‘doy pishig‘ida uni yig‘ib-terib olish uchun ham dala boshida o‘zimiz qorovullik qilamiz», – dedi Quva tumanidagi shunday “ko‘ngilli hasharchilar”dan biri.
O‘zbekistonda maorif xodimlariga an'anaviy tarzda bepul ishchi kuchi sifatida qaraladi. Ulardan hukumat ko‘cha tozalash va qishloq xo‘jaligi kabi «jamoatchilik ishlari»da foydalanib keladi.
Nasima Davron qizi
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com