Asosiy mavzular
8 dekabr 2020

Usmon Azim: Sherali Jo‘raev bilan Sanjayning emas, mening huquqim buzildi

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda xonandalar Sanjay va Sherali Jo‘raev janjaliga umuman aralashmaganini, artist bilan teng bo‘lish yaxshilikka olib kelmasligini aytdi.

– Men bu bo‘yicha hech qaerga murojaat qilmadim, – dedi Usmon Azim. – Kuy meniki, qo‘shiq meniki, deb talashish o‘zbek san'atida bugun bo‘lib turgan narsa emas. Ammo real qaraganda, bunda na Sherali Jo‘raevning, na Sanjayning huquqi toptalyapti. Aksincha, mening huquqim toptalyapti.

“Eltuz” muxbiri bu voqealarni o‘rganish maqsadida uning ishtirokchilari bilan telefon orqali gaplashdi. Faqat Sanjay bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

“Eltuz” muxbiri bilan suhbatda Sherali Jo‘raevning katta o‘g‘li Shohjahon Jo‘raev Sanjayga nisbatan hech qanday adovati yo‘qligini, ammo san'atkor kattalarni hurmat qilishi lozimligini ta'kidladi.

– Sanjay ozmi-ko‘pmi muxlisiga ega, – dedi Shohjahon Jo‘raev. – San'at maydalashishni yoqtirmaydi. Maydalashgan odam butun umr maydaligicha qolib ketadi. Bizning oilada uning shaxsiga, ijodiga nisbatan hech qanday adovat yo‘q. Faqat o‘g‘il sifatida otamizga nisbatan aytilgan haqoratli so‘zlarni ko‘tara olmadik. Ukam Zohirshoh va Sanjay o‘rtasidagi nizoga ham hurmatsizlik sabab. U uzrini so‘rab, ijodini davom ettirganida olam guliston edi.

Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 43 yoshli Sanjar Javberdiev (Sanjay) instagramdagi profilida Sherali Jo‘raevning o‘g‘liga otasidan ruxsat olib berishini so‘rab bir necha bora qo‘shiqlarini yuborganini videotasmaga olib joyladi.

Unda Zohirshoh Sanjayga qo‘shiqlarini otasiga ko‘rsatishga vaqti bo‘lmagani qabilida javob bergan. Oradan ikki yil o‘tib, Zohirshoh Sanjay otasining qo‘shiqlarini buzib kuylashga haqi yo‘qligi, buning uchun otasidan ruxsat olmaganini iddao qilmoqda.

Sanjay “Gulbadan”, “Atirgulim, atringni soch”, “Karvon” nomli qo‘shiqlarni va ularga asos bo‘lgan she'rlarni mualliflarning roziligisiz, asar yaxlitligini buzgan holda ijro etgani sababli O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga ariza kelib tushgan.

Arizaga ko‘ra, Sanjar Javberdiev qo‘shiqlar muallifi, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raev hamda she'rlar muallifi, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimovdan hech qanday rozilik olmasdan va ular bilan shartnoma tuzmasdan, qo‘shiqlarni aslini o‘zgartirgan holda ijro etgan. Go‘yoki bu bilan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunni buzgan.

Mazkur qonunga, asar (qo‘shiq)ni omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Arizada ayni yuqoridagi holatda buning aksi bo‘lgani tufayli qo‘shiqlarga bo‘lgan mualliflik huquqi jiddiy ravishda buzilgani sababli Sanjar Javberdiev Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi birinchi moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, da'vo sudga yuborilgan.

Ammo Usmon Azimning na o‘zi, na ishonchli vakili Sanjay ustidan ariza yozmaganini ma'lum qildi.

Sherali Jo‘raevning ikki o‘g‘lining ijtimoiy tarmoqlarda Sanjayni obro‘sizlantirishga qaratilgan chiqishlaridan so‘ng Sanjay ham ketma-ket bunga javob qaytardi.

U chiqishlardan birida “Karvon ko‘rdim” deb boshlanuvchi  she'r va qo‘shiq muallifi na Usmon Azim, na Sherali  Jo‘raev ekani, uni 1978 yilda hofiz Xoliq Xursandov ikkalasidan oldin kuylaganini aytgan.

Sanjay 2020 yil noyabr oyi oxirida instagramdagi muxlislari bilan bo‘lgan jonli muloqotida Usmon Azim va Sherali Jo‘raevga qarata: “Qo‘shiqlaringni yostiqlaring tagiga qo‘yib yotinglar”, degan.

Buni Jo‘raevlar otasiga nisbatan haqorat, deb baholashmoqda. Usmon Azim esa “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda bu tortishuvlarga javoban: “Artist bilan teng bo‘lmayman. Uning bitta og‘zidan yomon so‘z ham, yaxshi so‘z ham chiqaveradi”, deya munosabat bildirdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2021
Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonovning bug‘doy rejasini bajarmagan hududiy rahbarlarni uyat gaplar bilan so‘kkani haqidagi maqola e'lon ...
10 aprel 2020
Har yili 10 aprel kuni o‘tadigan bu bayramning mohiyati fashizmga, diktaturaga bo‘ycunmaslik, tinch norozilik aktsiyalari, sabotaj, ba'zan esa qurolli ...
15 aprel 2016
Tadbirda terrorizm, ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr ...
25 fevral 2021
Bolaligimda mendan 5-6 yosh katta qo‘shni kaptarvoz bola bo‘lardi. Ko‘pincha kaptarlari bizning hovlimizga uchib kelib qolardi. Hovlimizda u joy, ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...