Asosiy mavzular
13 fevral 2017

Andijonda pensiyalarni naqd pulda olishni istaganlar navbat talashmoqda

Aloqa xodimlarining aytishicha, pensionerlar bu borada pochtalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori e'lon qilingan kunning
ertasigayoq murojaat eta boshlashgan.

Ular hatto navbat talashib mojarolarni ham keltirib chiqarishmoqda.

«Odamlar juda besabr bo‘lib ketishgan», – deydi pochta xodimi G.Azizova. – Pul tarqatishni boshlaganimizga endigina 2 kun bo‘ldi. Bankdan bir kunda 20 million,30 million pul obkelyapmiz, bir pasda tugab qolyapti.To‘polon ko‘tarmasdan navbatga yozilib murosa qilsalar, bugun bo‘lmasa ertaga albatta pensiyasini olishadi. Ammo yo‘q, hamma pulni birinchi bo‘lib olishni xoxlaydi».

Andijon shahridagi pochta bo‘limlarida dushanbadan beri har kuni mana shunday holat. Kamida 200-300 nafar odam pochta aloqa bo‘limi oldida
pensiya olish uchun navbat talashmoqda. Pochta xodimlaridan birining ma'lum qilishicha,asabiylashgan pensioner ayollar hatto eshikni ham sindirib
yuborishgan.

«Pensiyalarni naqd puldan plastikka o‘tkazganida juda qiynalgandik. Kartadagi pulni 15-18 foizga naqd pulga aylantirib ishlatgan kunlarimiz
bo‘ldi,-deydi pensioner R.Ahmedova.- Mana xudoga shukr, yangi prezidentimiz sharofati bilan yana naqd pul oladigan bo‘ldik. Faqat bitta
yomon tomoni, pensiyamizni olish uchun 2-3 kunlab navbatda turishimizga to‘g‘ri kelishi bo‘lyapti. Keksa odamlarni bilasiz, qishning sovuq kunida
bunaqa uzzukun navbatda turolmaydi. Kasal odamlar bor. Nevaralarimiz chiqib olib kelsin desak, birovning pulini boshqa odamga bermaydi».

Shu yilning 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev pensionerlarning pensiya pullarini to‘liq naqd pul shaklida
to‘lash haqidagi qarorni imzolagandi. Unga ko‘ra 1 fevraldan boshlab pensiyalar yuz foiz naqd pul shaklida, talabalar stipendiyalari esa 50
foizdan kam bo‘lmagan holda naqd pulda to‘lanishi belgilangan. Davlat rahbarining mazkur farmoni keksalar va talabalarni quvontirgan
bo‘lsada, odamlar pochtadagi pensiya tarqatish tizimidan norozi ekanliklarini aytishmoqda.

«Banklarda naqd pul masalasida muammolar yo‘q, pensiyalarga bemalol yetadi, deyishgandi,-deydi pensioner Sh.Abdulazizov.- Biroq pensiyani
olishda pochtada yana avvalgidaqa muammolar bo‘lsa qiynalib qolamiz shekilli. Ikki kundan beri navbatda turaman.Mening navbatim kelganida
pul tugab qoladi. Endi ertaga yana ertalabdan navbatga turamanmi? Nimaga kerakli pulni obkelib turib, keyin tarqatishni boshlashmaydi».

Yangi qarorda belgilanishicha, naqd pul masalasida muammolar bo‘lmasligi yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi bank va mutasadddi
tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan. Mutasaddilar bu tizim bosqichma-bosqich takomillashtirib borilishini, naqd pul tushumini yaxshilash
uchun amaliy chora-tadbirlar boshlab yuborilganini ma'lum qilishmoqda.

Faqat buning uchun aholidan ozgina sabr-qanoatli va madaniyatli bo‘lish talab etiladi.

Odamlarning aytishlaricha, ilgari pensiyalarni pochtalonlar uyma-uy yurib tarqatgan. Navbat kutib talashishlar ham, pul yetmay qolish holatlari ham bo‘lmagan. Bora-bora pensionerlar pochtalonlarning orqasidan quvib yuradigan bo‘lishdi. Odamlar pullarini vaqtida olish uchun pensiya pulidan pochtalonga ulush berishga ham rozi.

«Usiz ham pochtalonlar pensiyamizdan anchagina ushlab qolishadi,-deydi Komila aya. – Gazga,svetga olishadi,axlatga olishadimi-ey. Gazeta berishadi, majburiy. Bulardan tashqari pensiya pulidan pochtalonga 3 ming, 5 ming so‘m atrofida berib chiqamiz. Bermasak, kelasi oyda biznikini vaqtida bermaydi,pul yo‘q deb sudrab yuraveradi. Shuning uchun o‘sha 3-5 mingdan kechib pulni obchiqardikda. Plastikka o‘tkizganida mana shunaqangi to‘lovlardan qutulganimga xursand bo‘ganman».

Pensionerlarning ta'kidlashlaricha, pochta xodimlari pul tarqatish orqasidan shu taxlit anchagina daromad topishadi. Bundan tashqari bankdan
pulni olib kelgan bo‘lsalarda, “bankda pul yo‘q ekan” qabilida bahona qilib, odamlarni quruq qaytarib yuborgan, naqd pullarni esa bozorda
aylantirgan holatlari ham bo‘lgan. Bu haqda Andijon tumanida yashovchi tadbirkor I.Xalimov shunday deydi:

«Maxallamizdagi pochta xodimlarini shunaqa ish ustida ushlab olganmiz. Bu pochtachilar bankdan pulni olib bir xaftaga qassoblarga foizga berarkan. Odamlarga esa “Pul yo‘q, ertaga kelinglar,indinga kelinglar!” derkan.

Biz orqasidan poylab Neksiyaga qopda pulni bosayotganida ushlab olganmiz. Shunaqa holat yuzasidan necha marta pochta rahbarlari almashdi. Endi yana shunaqa holatlar bo‘lmaydi, deb kim kafolat bera oladi?! Hammadayam nafs bor! Pensiya tizimini tubdan yangilash, takomillashtirish kerak», – deydi tadbirkor.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 yanvar 2016
Yangi hamkorimiz bizga jo‘natgan ilk hajviy surat «Karimovning amal kursisi» deb nomlanadi. Elsevar taxallusi bilan ijod qilishni ma'qul ko‘rgan ...
26 fevral 2016
Ertaga shanba, kimlardir dam oladi. Lekin odamlar sog‘lig‘i uchun javobgar O‘zbekiston tibbiyot tizimining aksariyat xodimlari bundan mustasno. Ular tom ...
21 sentyabr 2016
Toshkent markazida turaman, balkondan oliy majlis ko‘rinadi, sal narida prokuratura. Ammo shuncha yildan beri dom oldidagi bir uyum chiqindi ...
19 fevral 2021
Bu mushuk miyovlashni bilmaydi Chunki miyovlashni unga hech kim o‘rgatmagan. U hurrillaydi, xolos. Bu mushuk har tong Balkondan turib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...