Avtosanoatdagi korruptsiya bois hibsda bo‘lgan Jalilov yana lavozimiga qaytdi
15 fevral kuni, avtosanoatdagi korruptsiya bois ishdan ketgan va qamoqqa olingan “O‘zavtosanoat” raisi o‘rinbosari Tohirjon Jalilov lavozimiga qaytdi.
Rossiyadagi Ravon vakolatxonasining marketing bo‘yicha sobiq direktori Yelena Kuznetsovaning bu haqda Eltuz muxbiriga bildirishicha, Jalilov juma kunidan boshlab “O‘zavtosanoat” raisi o‘rinbosari sifatida ish boshlaydi.
49 yashar Tohirjon Jalilov, 2016 yili avtosanoatdagi 200 million dollarni o‘zlashtirganlikda ayblanib, bir muddat Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida saqlangan edi.
“O‘zavtosanoat” tizimida ishlaydigan, Eltuz muxbiriga o‘zini Ulug‘bek deb tanishtirgan asakalik muhandis «katta miqdordagi o‘g‘irliklarning boshida turgan” Jalilovning oqlanishini “aqlga sig‘maydigan tushunmovchilik” deya ta'rifladi.
“O‘g‘ri qamoqda o‘tirishi kerak, hukumat kabinetida emas deb bilardim. Mirziyoev davrida buning teskarisi bo‘lmoqda” dedi u.
Jalilovni chorshanba kuni peshindan keyingi majlisda, eski lavozimiga qaytargan Bosh vazir Aripovning o‘zi ham Karimov davrida urilib Mirziyoev davrida «tirilgan korruptsioner» sifatida ko‘riladi.
Eltuz.com