Asosiy mavzular
30 mart 2017

Kreditga olingan tovuqlarni qaytarib berishmoqda

Andijonda ko‘pchilik oilalar kreditga olgan tovuqlarini qaytarib bermoqda. Yuzta tovuq boqishga qiziqib ko‘rgan andijonlik S.Xaydarovning aytishicha, odamlarga berilayotgan tovuqlarning aksariyati yo kasalmand, yo tuxumdan qolgan. Axoli esa daromad topaman deb, kamomadga kirib qolishdan cho‘chimoqda.

“Bizga 3 oylik jo‘jalar o‘rniga 18 oylik tovuqlarni berishibdi, 50 ta tovug‘im o‘lib qoldi, atigi 4 ta tovuq tuxum qildi, fermer boshida 1 qop yem berdi. Keyin esa yem masalasi muammo bo‘la boshladi. Qolgan tovuqlarni qaytarib berdim. Bir so‘m daromad olganim yo‘q, ammo davlatdan qarzni bo‘ynimga ilib o‘tiribman”, deydi 5 mln so‘m kredit olgan S.Xaydarov.

Mirziyoevning tovuqdan keladigan daromad haqidagi gaplaridan ruhlanib ikki yuzta tovuq olgan andijonlik boshqa bir tovuqboqarning ham hasratidan o‘t chiqadi.

U tovuqlarni tanlash imkoni yo‘qligi, mablag‘ fermerga o‘tkazilgach, qanday tovuq berishsa shuni boqishga majburligini aytadi.

“Parrandalarni vaqti-vaqti bilan emlab turish kerak ekan. Bitta-bitta o‘lavergach, nima qilishni bilmay bozorga obchiqib sotvordim. Puliga 2 ta qo‘y obqo‘ydim, shuni hisobiga kreditni to‘layman endi”.

Vazirlar Mahkamasining «Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, axoliga kam foizli imtiyozli kreditlar ajratilishi va axoli mazkur kredit mablag‘lariga xususiy dexqon xo‘jaliklaridan tovuq olib boqishi, yoki limon yetishtirishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyixaga ko‘ra, kelgusi 3 yil davomida mamlakatdagi xususiy dehqon xo‘jaliklariga 10 mingdan ortiq tsitrus meva ko‘chatlari va 85 ming jo‘ja yetkazib berish rejalashtirilgan.

Xujjatda qayd etilishicha, xususiy dehqon xo‘jaliklarida limon yetishtirish va tovuq boqish ishlari bilan 4,2 mln oila shug‘ullanadi. Shunga ko‘ra, har bir tumanda ehtiyojmand oilalar 50, 100, 200 tacha tovuq olayotgan edilar.

Mahalla fuqarolik yig‘ini idorasida kotib bo‘lib ishlovchi ayolning Eltuz muxbiriga bildirishicha, haqiqatan ham boshida tovuq boqishga qiziquvchilar rosa ko‘paygan, endi esa odamlarning ancha hovuri pasayib qolgan.

“Bitta tovuq 30-35 ming so‘mgacha axoliga o‘tkazildi, lekin tovuqlarni ko‘rsangiz, rostdan xam narxi 10 ming so‘mgayam bormaydi. Keyin parrandachilik 7 xazinaning biri bo‘lgani bilan uni boqishniyam o‘ziga yarasha yo‘l-yo‘rig‘i bor, sharoitlar yaratish kerak, ozuqa, vaktsina, deganlaridek. Maxallamizda 80% oilalar tovuqlarni fermerlarga qaytarib oborib berishdi, ayrimlari bozorda bittasini uch baravar arzonga sotvorishdi”, deydi kotiba.

Xususiy dehqon xo‘jaliklari raxbarlari, odamlar ta'biri bilan aytganda fermerlar esa aholiga ajratilayotgan kredit mablag‘larni deb ziyon ko‘rayotganliklarini iddao qilishmoqda. Ularning aytishicha, aholi oson daromad manbaiga o‘rganib qolgan, tovuq boqish uchun esa tinimsiz mehnat va mashaqqat talab etiladi.

Xususiy dexkon xo‘jaligi raxbari N.I. fermerlar kredit evaziga kasalmand tovuqlarni o‘tkazishayotgani haqidagi gaplarga ham e'tiroz bildiradi.

“Biz xo‘jaligimizda boqilayotgan parrandalardan ajratib berayapmiz, odamlarga kasalmand tovuqlarni o‘tkazayotganimiz yuk”, – deydi u.

Hamma sertuxum, zotdor tovuqlarni birdaniga olishni istayotgani, biroq tovuq boqish uchun ham uquv, malaka zarurligi, jo‘jalarni yaxshilab parvarishlash, tovuqlarga alohida kataklar qurish kerakligini aytadi.

“Shunday qilganlar ham bor, bozorga har kuni ming, ikki mingtadan tuxum chiqarib daromad topayapti. Tovuqlarni qaytarib berayotganlar nima qilyapti? Bitta og‘ilxonaga tovuqlarni qamab, don-suvini berib qo‘yib, bo‘ldi shu bilan daromad kutyapti. Odamlar o‘zlari eplolmasa, bizda nima ayb?”, deydi fermer.

Xalq bankidan ma'lum qilishlaricha, hozir aholiga chorva uchun beriladigan kreditlar to‘xtatilgan.

Faqat limon va tovuq uchun bo‘lsagina kreditlar ajratiladi.

Ammo ko‘pchilik aholi kreditga tovuq olish fikridan voz kechmoqda.

Tovuqlardan zarar ko‘rgan ko‘plab andijonliklar endi 3 yil davomida bekordan-bekorga davlatga kredit to‘lab borishlariga to‘g‘ri keladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 yanvar 2021
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ...
3 dekabr 2019
Stokgolmning chekka hududida joylashgan temir to‘siq ortidagi ko‘rimsiz uyda Shvetsiyaga kelib qurilishlarda ishlayotgan 11 nafar mehnat migranti yashaydi. Ularning ...
11 dekabr 2019
Kun o‘tmoqda, sana o‘zgarmoqda, lekin ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermayapti. Men Odil Elmurod, ”Ezgulik» inson huquqlari jamiyati faoli, Chiroqchi tumanidan ...
26 yanvar 2022
“Vaqt mashinasi” ko‘rsatuvining oldingi sonlarida biz O‘zbekiston tarixining xonliklar davri, Rossiya istilosi va Stalin qatag‘onlari davri haqida hikoya qilgan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...