Ëzuvchi Nodir Normatov Toshkentda dafn etildi
15 aprel kuni yozuvchi Nodir Normatovni taniqli rassomlar, ijodkorlar so‘nggi yo‘lga kuzatishdi. Marhum Toshkentdagi «Yalang‘och ota» qabristonida dafn qilindi.
Rassomlar haqidagi o‘nlab kitoblar muallifi, san'atshunos, fotorassom Nodir Normatov 14 aprel kechasi 68 yoshida Toshkentda olamdan o‘tdi.
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Poshxurd qishlog‘ida tug‘ilgan yozuvchining 1972 yilda nashr qilgan «Ko‘hitang hikoyalari» degan ilk asari kitobxonlarda qiziqish uyg‘otgan edi.
O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi hamda O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Badiiy Ijordkorlar uyushmasi a'zosi bo‘lgan Normatov o‘zbek rassomlari ijodini san'atdan uzoq bo‘lgan aholi orasida targ‘ibot qilish bilan samarali shug‘ulllanib keldi.
Sovet O‘zbekistoni san'ati jurnalida ishlash asnosida o‘nlab o‘zbek rassomlari haqida maqolalar yozdi.
Normatov tarafidan 2009 yili chop qilingan «Ro‘zi Chorievning so‘nggi vasiyati» kitobi rassomlar dunyosi bilan avom o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan publitsistika o‘laroq baholangan edi.
Qo‘lida fotoapparati bilan O‘zbekistonni kezgan Normatov fotoko‘rgazmalar tashkil qilib mamlakat manzaralariga o‘z nigohi bilan odamlarni qarata olgani eslanadi.
2010-2012 yillarda uning «Qishloq tomon yo‘l», «Surxon ohanglari», «Vatan sensan, Vatan men», «Ezgulik timsollari» kabi qator shaxsiy ko‘rgazmalari namoyish etilgan.
Nodir Normatov 2010 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.
Eltuz ijodiy jamoasi marhumning oilasi va yaqinlariga ta'ziya izxor qiladi.
Eltuz.com