Dayjest
10 iyul 2017

«Adolat qo‘rg‘oni»ni buzganlar uni tiklamoqchi

6 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakat sud-huquq tizimini keskin tanqid qilishi ortidan O‘zbekiston sudyalari xalqqa murojaat bilan chiqdi. Foto: «Turkiston» saroyi. Sudyalarning xalqqa murojaati qabul qilingan yig‘ilish. supcourt.uz

O‘zbekiston tarixida hali sudyalar hech qachon bunday g‘ayrioddiy murojaat bilan chiqmagandi.

G‘ayrioddiyligi shundaki, vazifasi jihatdan adolat, qonun va huquqlarni himoya qilishi kerak bo‘lgan bu tizim endilikda shu vazifalarini bajarishga va'da bermoqda.

Buni suvchining bundan buyon ekinlarni sug‘orishga, dehqonning dehqonchilik qilishga, boringki, farroshning o‘ziga biriktirilgan hududni supurishga va'da berishiga qiyoslash mumkin.

G‘alati-a, shunday emasmi? Kasbi aslida adolat o‘rnatish bo‘lgan sudyalar bundan buyog‘iga «biz adolatli ishlaymiz», demoqda.

Qilgan nomaqbul xatti-harakati uchun ota-onasidan koyish eshitgan bolaning «endi aqlli bo‘laman, bunday qilmayman», degan izhoriga o‘xshaydi-ya!

Sudyalar o‘z zimmasiga olishi belgilangan sakkizda majburiyatdan iborat bu murojaat mazmunidan sud tizimi o‘tgan 25 yildan ortiq vaqt mobaynida butkul chirib ketganini tan olishi anglashiladi.

Unda, jumladan, sudyalar «fuqarolarning muammolarini hal etishda yaqindan yordam berish orqali ularning buzilgan huquqlarini tiklash va haqiqatni qaror toptirish»ga va'da beradi.

«… odil sudlovni amalga oshirishdagi g‘ov-to‘siqlarni tag-tomiri bilan bartaraf etamiz, sudni tom ma'noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishda bor bilim va tajribamizni safarbar etamiz. Sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz», deyiladi sudyalar murojaatida.

Murojaatning har bir bandiga to‘xtalib o‘tirishga hojat yo‘q. Faqat bir faktni alohida e'tirof etib o‘tishni joiz topdik.

Ya'ni bu murojaatni aksariyat erkin jurnalistlar va kuzatuvchilar istehzo bilan qarshi oldi.

Ular sudyalarning xalqqa murojaati oddiy safsatabozlikdan boshqa narsa emasligini, o‘zlarini prezident tanqididan go‘yoki to‘g‘ri xulosa chiqargandek ko‘rsatishga urinish ekanini aytmoqda.

Xususan, murojaatning biror punktida sohadagi tizimli ta'magirlikni yo‘q qilish, sudyalarning poraxo‘rligiga chek qo‘yish haqida gap-so‘z yo‘q.

Va'da qilinayotgan yagona majburiyat «sudyalik sha'niga dog‘ tushiradigan har bir g‘ayriqonuniy xatti-harakatga «favqulodda holat» sifatida qarash», «adolatga xiyonat qilan xodimlarga qarshi kurashish va saflarning sofligini ta'minlash»dir.

«Aynan mana shu holat sergaklantiradi. O‘ylashimizcha, saflarni, avvalo, tozalash kerak. Iflos saflarda tozalikni saqlash – nonsens», deb yozdi internet saytlardan biri.

Haqiqatan ham, bugun xalqqa adolatli sud tizimini qaror toptirishga va'da berayotgan sudyalarning o‘zi chirib bitgan shu tizimning ajralmas qismidir.

Misol uchun, sudya Nizom Rustamov, Dilobar Xudoyberganovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘z akasi ustidan chiqarilgan o‘lim hukmini 20 yillik muddatga tushirish uchun undan 20 ming dollar pora so‘ragan. Axir bunday sudyalarning bundan buyon halol ishlashi haqidagi va'dasi bilan cheklanish insofdanmi?

Shunday ekan, oddiy murojaat qabul qilish orqali bu tizimni korruptsiya, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlikdan xalos qilish mumkinmi? Ayniqsa, shu salbiy holatlar sababchilari va ishtirokchilaridan bunday ishlarni kutsa bo‘ladimi?

Asosli mantiq nuqtai nazaridan olib qaralsa, hozircha bu kabi savollarning birortasiga ijobiy javob qaytarish uchun poydevor ko‘rinmayapti.

Xo‘sh, unda masalaning yechimi qaerda? Fikrimizcha, avvalo, hokimiyat bo‘g‘inlarining haqiqiy mustaqilligini ta'minlash lozim. Ijro hokimiyatining sud va qonun chiqaruvchi hokimiyat ustidan hukmronligiga chek qo‘yish talab etiladi.

Qolaversa, qilgan xatosini tan olgan odam ishni mana shu xatosini tuzatishdan boshlagani ma'qul. Ana shunda odamning tuzalish yo‘liga o‘tganiga ishonch paydo bo‘ladi.

Kasbi adolatni qaror toptirish bo‘lgan sudyalarning adolatga qaytishni va'da qilayotgani anglashiladi murojaat mazmunidan.

Shunday ekan, o‘z aybini tan olayotganlar ularning aybi bilan nohaqlikka uchraganlardan kechirim so‘rab, haqiqatni qaror toptirishi darkor.

Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, Karimov hukmronligi yillarida yuzlab, minglab begunoh insonlar tuzumning ko‘rsatmasi asosida nohaqdan nohaq panjara ortiga tashlangan.

Ular orasida jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxolifat a'zolari, dindorlar bor. Sud tizimini isloh qilishni, sudyalar tomonidan adolatning tiklanishini ana shunday begunohlarni oqlashdan boshlash mantiqli bo‘lardi.

Shundagina xalqning odil sud tizimiga, sudyalarga, adolat qaror topishiga ishonchi tiklanishi mumkin.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

 

Tag‘in o‘qing
18 aprel 2022
Ukrainada bedarak ketgan 11 nafar surxondaryoliklarning so‘ngi videosi Bucha tumaniga qarashli Kolonshchina qishlog‘i bozor qorovuli tomonidan 1 mart kuni ...
9 dekabr 2019
7 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev, har yilgi an'anaga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda nutq so‘zladi. ...
24 oktyabr 2015
N. Imomov Eltuz.com … Musoqul chol har kungidek qirda qishloqni tomosha qilib o‘tirardi. – Buncha hansiraysan? – Qodirboy mallaning ...
4 aprel 2021
O‘zbekiston tarixida ilk ro‘yxatga olingan muxolifatdagi «Erk» demokratik partiyasi Xidirnazar Allaqulov rahbarligida ta'sis etilgan yangi sotsial-demokratik partiyaga qarshi tazyiq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...