Asosiy mavzular
24 iyul 2017

Andijon kollejlaridagi yuzlab o‘qituvchilar ishsiz qolmoqda

Maktablarning 11 yillik ta'limga qaytishi ortidan Andijondagi kollejlarning yuzlab o‘qituvchilari ishsiz qolmoqda.

Andijon shahridagi 2-son Maishiy xizmat kasb-hunar kolleji muallimining so‘zlariga ko‘ra, rahbariyat yig‘ilish o‘tkazib, ko‘plab kollejlar qatori ularning kolleji ham yopilishi mumkinligini aytgan. Ma'lum bo‘lishicha, qabul jarayonida mazkur kollejga bironta ham o‘quvchi xujjat topshirmagan.

“Maktablarga 11 yillik ta'lim tizimi qaytgach, bizning kollejdagi 25% o‘qituvchi “sokrasheniya” bo‘larkan, degan gap-so‘zlar yurgan edi. Ta'tilga chiqqandan so‘ng ham qabul munosabati bilan ishlab yurdik. Remont qildik. Xonalarni jihozladik. O‘tgan hafta yig‘ilishda kollejimiz yopilishi mumkinligi va o‘qituvchilar o‘zlariga boshqa ish qidirishlari lozimligini aytishdi” – deydi muallim.

Kollejda 100 ga yaqin xodim bor. Pedagoglardan birining e'tirof etishicha, maishiy kasb-hunar kollejlariga odatda 9-sinfni bitirib, nufuzli kollejlarga kira olmagan va borar joyi yo‘q “ikkichilar” o‘qishga kirishadi. Aniqrog‘i, majburan joylashtiriladi. Maktablarda qolib o‘qish imkoniyati yuzaga kelgach, bironta ham o‘quvchi mazkur kasb-hunar dargohiga qiziqish bildirmagan.

Ayrimlar ish izlab horijga ketishni ko‘zlamoqda

“Bizning kollejimiz ancha nufuzli kollejlardan biri, shunday bo‘lsa-da bizdayam qabulda o‘quvchilar oz. Qanchamiz “sokrasheniya” bo‘lamiz, qay birimiz, hali bilmaymiz, ta'tildan qaytsak ma'lum bo‘larkan. Ko‘pchilik hozirdanoq ish qidirishga tushgan” – deydi Andijon pedagogika kollejida ishlovchi o‘qituvchilardan biri.

Hozir kollej o‘qituvchilaridan ayrim omadi chopganlarigina maktabga ishga joylashmoqda. Ish topa olmayotganlaridan ayrimlari hatto portalga ish so‘rab murojaat etmoqchi bo‘layotganliklarini aytishmoqda. Yana ayrimlari esa oxirgi chora sifatida xorijga ishga ketishni mo‘ljallamoqda.

Uzoq yillardan beri kollejda ishlab kelgan A.D. ham ishlagani Rossiyaga ketmoqchi. Aytishicha, maktabga uni ishga olishmagan. Negadir ish so‘rab borgan kollej o‘qituvchilarini maktablarda unchalik xushlashmayapti.

“Maktablar 11 yillik ta'limga o‘tarkan, – deyishganida men quvongandim. “O‘quvchilar maktabga qaytsa, biz ham bemalol maktabga ishga kirishimiz mumkin, axir oliy ma'lumotli pedagogmiz-ku”, – deb o‘ylagandim. Ammo maktablardagi ahvolni ko‘rgach, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. O‘zlarining o‘qituvchilari 0,25, 0,5 stavka ishlashayotgan ekan. Shunga maktablardagi dars soatlari o‘z kadrlaridan ortmas emish. 0,5 stavkaga ishga olishdi ham deylik. Erkak kishi ozgina maoshga qanday qilib ro‘zg‘or tebratadi? Qanchadan-qancha malakali shifokorlar xorijga ishga ketib qolgandi, endi navbat o‘qituvchilarga kelibdi” – deydi kollej xodimi.

Ishsiz qolayotgan muallimlar taqdiri hech kimni qiziqtirmayapti

Ma'lumki, prezident Shavkat Mirziyoev farmoni bilan joriy o‘quv yilidan boshlab, maktablarda 11 yillik ta'lim tizimi tashkil etilmoqda.

20-21 iyun kunlari respublika bo‘yicha 9-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida maktablarda ta'limni 2 yilga uzaytirish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazildi. Unda qatnashchilarning 75 foizidan ortig‘i bu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Ayrim kollej o‘qituvchilarining aytishicha, ular bu jarayonga o‘tish tayyorgarlik bilan, bir necha yil muddatdan so‘ng yuz beradi, – deb ishonishgan. Biroq hech qancha o‘tmay bu tashabbus mamlakat bo‘ylab qo‘llab–quvvatlandi.

Andijonda jami 117 ta kasb-xunar kolleji bor. Andijon viloyati kasb-hunar kollejlari boshqarmasida ishlovchi manbaning ma'lumot berishicha, kollejlarning 25-30 foiz o‘qituvchisigina ishda qoladi. Qolganlar ishdan bo‘shatiladi.

Andijon viloyati xokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon shahridagi yozgi amfiteatrda shu soha mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Biroq uchrashuvda 11 yillik ta'limning ijobiy tomonlari, kutilayotgan natijalar haqida gap borgan.

Hokim shuningdek, kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkinligi va bu masala oliy o‘quv yurti bitiruvchilari hamda kollejlardagi o‘qituvchilar hisobidan qoplanishi aytgan. Biroq manbaning qo‘shimcha qilishicha, mazkur uchrashuvda ham, boshqa yig‘ilishlarda ham ishsiz qolayotgan o‘qituvchilarni ish bilan ta'minlash masalasi haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lmagan.

Ayni kunlarda kollejlarda ham, maktablarda ham yangi o‘quv yili uchun qabul jarayoni ketmoqda. Tuman maktablaridan birida ishlovchi o‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, ularning maktabida 65 foiz bola 10-sinfga qoladigan bo‘lgan. Ota-onalarning ko‘pchiligi xuddi shu so‘rovnomada aytilganidek farzandi o‘qishni maktabda davom ettirishini xohlamoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatidagi 740 ta maktabdan 738 tasida 1504 ta sinf ochiladi va 31 mingdan ziyod o‘quvchi o‘qishni davom ettiradi. Biroq kollejlardagi ish o‘rinlarini yo‘qotayotgan muallimlar taqdiri hozircha hech kimni qiziqtirmayapti.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 aprel 2018
O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash kampaniyasi boshlandi. Bu kurashni mamlakat prezidentining o‘zi boshlab berdi. Mamlakatda majburiy mehnat yillar davomida ...
20 avgust 2021
Joriy yilning 5 avgustida Oliy sudning sudlov hay'ati O‘zbekiston fuqarosi David Bagmanyanni ruhiy nosog‘lom deb topish to‘g‘risida avval qabul ...
29 mart 2016
26 fevral kuni qabul qilingan qaror ijrosi shu kunlarda viloyatdan Toshkentga kelganlar uchun jiddiy muammoga aylanib ulgurdi. Guvohnoma olish ...
29 oktyabr 2019
Joriy yilning oktyabridan O‘zbekiston maktablaridagi darslar o‘quvchilarning madhiya kuylashi bilan boshlanadigan bo‘ldi. Bu haqda 25 oktyabr kuni Xalq ta'limi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...