Asosiy mavzular
4 sentyabr 2017

Bosh vazir Abdulla Aripov mendan pora talab qilgan

Bu maqolani Aripov Bosh vazir qilib tayinlangan 2016 yilning 12 dekabrida yozgandim ammo yangi odamga shans beraylik, eski gaplarni eslamaylik degan andisha bilan bu maqolani g‘aladonga solib qo‘yuvdim. Foto: Chapda Alisher Xo‘jaev, o‘ngda Abdulla Aripov.

Ammo Bosh vazir Abdulla Aripov o‘z qudasi Alisher Xo‘jaevni MTRK ga rais qilib tayinlagani unga va u tamsil qilgan hukumatga nisbatan barcha ishonch kreditlarini yo‘qqa chiqardi.

«Ey El Si» TV studiyasida, 1998 yil

Demak, 1998 yil men Urganchdagi «Ey El Si» telekompaniyasida bosh muharrir bo‘lib ishlar edim. Biz olgan litsenziyaning muddati tugashiga to‘rt yil bor edi. Ammo, o‘sha yili O‘zbekiston hukumati barcha mustaqil TV lar qaytadan litsenziya olsin deb qaror chiqardi.

Barcha hujjatlarni yig‘ib, o‘sha paytda Pochta va telekomunikatsiyalar agentligi deb ataladigan Oloy bozori yonidagi binoga bordim.

Agentlikning yuridik xizmat bo‘limi boshlig‘i hujjatlar tahlamining ustiga “Ey El Si telekompaniyasining hujjatlari qonunga zid emas” deb yozilgan qog‘ozni yopishtirib berdi. Keyin menga yuzlanib, «Bosh buxgalterga uchrang» dedi.

Buxgalter meni yaxshi kutib oldi va «Aripovni xursand qilmasangiz ishingiz bitmaydi», dedi. Buxgalter Xorazmdagi 8-nchi kanalda ishlaydigan TV litsenziyasini olish uchun Aripovga beriladigan sovg‘a limitini belgilab berdi.

«Ey El Si» Telekompaniyasi hujjatlarining qonunga zid emasligi haqida yuridik xizmat bo‘limi tasdig‘i

Bir qop avangard navli Xorazm guruchi (50 kilo) Futbol o‘ynaganda kiyiladigan butsi (NIKE brendli original) va 500 AQSh dollari.

«Aks xolda litsenziyasiz ishlagan har kuningiz uchun sanktsiya qo‘llasak, bundan ham ko‘pga tushasiz», dedi do‘stona ohangda buxgalter. Gap orasida, «pulni juma kuni bersangiz, chunki shanbada Aripov Parijga uchib ketyapti komandirovkaga» deb vaziyatni aniqlashtirdi.

Men dushanba kungi kechki uchoq bilan Urganchga qaytdim. Naqd dollar yo‘q edi, shu bois qora bozor kursi bilan 500 AQSh dollari sotib olsa bo‘ladigan so‘mlarni xo‘jalik sumkasiga soldik.

Ënimda butsi va yana bir qop guruch. Aeroportdan taksi olib to‘g‘ri agentlikka bordim. Kiraverishdagi militsiya turadigan joydan buxgalterga telefon qildim. Xullas, qo‘riq xizmatidagi militsiya xodimi bilan guruch to‘ldirilgan qopni ko‘tarishib, tepa qavatga Aripovning xonasiga chiqdik.

Aripov tabassum bilan meni kutib oldi. Qopni ochib, guruchni qo‘liga olib ko‘rdi. “Avangard gurucha tochniy?” deb savolomuz replika tashladi. Buxgalter bo‘lsa, «men kafilman» deb gap qotdi. Navbat butsiga keldi. Aripov butsini yaxshilab u yoq buyog‘ini ko‘rdi. Haqiqiy ekan, deb hulosa chiqarib qutiga qayta solib qo‘ydi.

Navbat pulga kelganida men unga so‘m to‘la xo‘jalik sumkasini tutqazdim. Buxgalter bosh chayqab, buni dollarga almashtirish kerak dedi. Hushmuomala Aripov otalarcha yo‘l ko‘rsatib, Oloy bozorida chimchi sotayotgan koreys ayol adresini berdi. “O‘sha ayol ishonchli, faqat yili eski bo‘lmasin” dedi.

1998 yilning 8 oktyabrida «Ey El Si» Telekompaniyasi faoliyati uchun olingan 0000027 raqamli litsenziya

Chimchi sotadigan ayol bir sumka so‘m evaziga besh dona yuztalik dollarni qo‘limizga tutqazdi. Yana agentlikka qaytdik. Agentlikdagi kabinetida Aripov kutib o‘tirgan ekan.

Hafsala bilan pulni olib silab ham ko‘rdi. Qalbaki bo‘lmasin deya. Keyin menga qo‘l berib ishingizga omad deb muvaffaqiyat tiladi.

Tashqariga chiqdim. Bir pasdan keyin buxgalter orqamdan yetib kelib Aripov imzo chekkan litsenziyani qo‘limga tutqazdi. 1998 yilning 8 oktyabrida berilgan bu litsenziya bir yil muddatga edi. “Bir yildan keyin yana salomga kelasiz, Xorazmni guruchiga o‘rgangan odam boshqa guruchni yeya olmaydi” dedi buxgalter.

Bir yildan keyin men rahbarlik qiladigan telekanal saylovlar arafasida siyosiy sabablar bois yopildi. Bu ayri hikoya.

Aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, bugun O‘zbekiston hukumati boshida turgan odam Abdulla Nig‘matovich Aripov – poraxo‘r va ta'magirdir. Buni men har qanday mahkamada guvoh sifatida ayta olaman.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 fevral 2019
Pul hamma narsani hal qiladi, deyishadi. Menimcha, siyosat hamma narsani hal qiladi. Vaqtida berilgan va'da va odamlarni ishontirish san'ati. ...
23 mart 2020
Koronavirus chiqqani ortidan tualet qog‘ozi talamon bo‘ldi. Rassom Kirpidan pandemiya mavzuiga oid yangi karikatura. Eltuz.com
3 aprel 2016
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘anievaning o‘zbek tilini bilmasligi haqida ijtimoiy tarmoqda qoldirgan izoxi shov shuvga sabab bo‘ldi. 38 ...
6 mart 2019
“Milliy tarix” mohiyatan konstrukt ekanligi haqida ko‘p gaplashganmiz. Bugungi o‘zbek milliy tarixi o‘tgan asrning 20–40-yillarida Yakubovskiy va boshqa olimlar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...