O‘qituvchi va mediklar endi «uyushmagan aholi»sifatida paxta terishmoqda
Farg‘ona viloyatida huqumatning o‘qituvchi va shifokorlarni paxtadan qaytarish buyrug‘iga qaramay, ular hamon dalada qolib paxta terishmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar ap maktab o‘qituvchilari endilikda «uyushmagan aholi» sifatida paxtaga jalb etilmoqda.
«Darsimiz yo‘q kunlari “O‘z xohishim bilan paxtaga chiqishga roziman” degan mazmunda tilxat yozib berdik», deydi Uchko‘prik tumani maktablaridan birining o‘qituvchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarda agar xalqaro tashkilot vakillari kelib so‘rasa, «biz uyushmagan aholimiz, mahalladan o‘z xohishimiz bilan chiqdik, uyda o‘tiramiz», – deb javob berish buyurilgan.
«Hozircha begonalar biz paxta terayotgan dalaga kelmadi», – dedi u «Eltuz» muxbiriga.
Paxtadan qaytish haqidagi buyruq, yotoq bilan paxta dalasida qolayotgan aksariyat byudjet tashkilotlariga ta'sir qilmagan.
«Bizga qachon qaytishimizni aytishmadi. Bugungi kunda ham patronaj hamshiralar, oliy ma'lumotli vrachlar, tibbiyot muassasasi qorovullari, farroshlari yotoq sharoitida paxta termoqda. Ularga kunlik oziq-ovqatlari olib borib berilmoqda», dedi hamon yotoqda qolayotgan tibbiyot muassasalari rahbarlaridan biri «Eltuz» muxbiriga.
Ayni paytda tadbirkorlardan va bozordagi mayda tujjorlardan paxta terimi uchun pul yig‘ish avjiga chiqqan.
«13 kishi 10 ming so‘mdan pul yig‘ib berdik. Endi bizni bozor ma'muriyati 10 kun bezovta qilmaydi. O‘tgan yili ham 5 -10 kunda 10 mingdan pul yig‘ib berardik» dedi bozorda kiyim-kechak sotuvchi ayol.
Qo‘qon shahridan atrof tumanlarga qatnovchi avtobus haydovchilari ham «Eltuz» muxbiriga har kuni erta bilan hasharchilarni paxta dalasiga tashlab qo‘yishayotganligini, kechga yaqin yana ularni olib kelib qo‘yayotganligini bildirishdi.
Nasima Davron qizi
Eltuz.com