Asosiy mavzular
19 oktyabr 2017

Karimov oilasi bilan navbatdagi korruptsion mashmasha

Frantsiyaning Mediapart internet nashri tomonidan qo‘lga kiritilgan va European Investigative Collaborations (EIC) konsortsiumidagi hamkasblariga taqdim etilgan maxfiy ma'lumotlar O‘zbekistonning oliy hokimiyati vakillari ishtirokidagi yana bir korruptsion jinoyatga oiddir.

Bu ma'lumotlarni TheBlacksea.eu mustaqil jurnalistik surishtiruvlar tashkiloti o‘z portalida e'lon qildi. (Foto: Lola Karimovaning instagramdagi sahifasidan)

Unda yozilishicha, O‘zbekistonning mahrum prezidenti Islom Karimovning kichik qizi Lola mamlakatda import tovarlarni noqonuniy yo‘llar bilan sotish orqali boyigan.

Rassom Tuz. Lola Tillaeva Jo‘rabek masjidi qiyofasi va nomini o‘zgartirdi

Birgina 2013-2014 yillarda Lola o‘z turmush o‘rtog‘i Timur Tillaev bilan birga 127 million dollar jamg‘argan hamda bu pullarni Birlashgan Arab Amirliklari va Shveytsariyadagi ofshor banklardagi hisob raqamlariga yashirgan.

E'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, Lola Karimova biznes sxemasining markazida Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan Securtrade kompaniyasi turadi. Bu kompaniya kiyim-kechak, televizor singari import tovarlarni Toshkentdagi asosiy ulgurji bozor, Timur Tillaevga tegishli «Abu Saxiy»ga yetkazib beradi.

Securtrade o‘z faoliyatini turli ofshorlarda ro‘yxatdan o‘tgan o‘nlab vositachi kompaniyalar orqali amalga oshiradi. Jurnalistlar bu kompaniyalarning hisob raqamlari va transport hujjatlarini o‘rganib, ular o‘rtasidagi ayrim kelishuvlar soxta bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.

Lola Karimovaning o‘tmishi haqidagi ma'lumotlar AQSh elchixonasining 2004 yildagi diplomatik xabarlarida mavjud. Keyinchalik bu xabarlar mashhur Wikileaks saytida e'lon qilingan.

2010 yilda Lola Karimova eri bilan birgalikda Jeneva yaqinidagi kiborlar yashaydigan mavzedan 30 million yevroga ko‘chmas mulk sotib olgan. Uch yil o‘tib esa Los-Anjelesning Beverli-Xillz mavzesidan qiymati qariyb 50 million dollarlik villani xarid qilgan.

TheBlacksea.eu portalida yozilishicha, O‘zbekistonning YuNYeSKOdagi vakili sifatida Parijda otasi boshchiligidagi rejimning imijini yaxshilash bilan shug‘ullangan. Buning uchun xayriya kechalari tashkil etib, ularda katta mablag‘ evaziga dunyoning mashhur shaxslari ishtirokini ta'minlagan.

Jumladan, bitta ana shunday kechada qatnashgani uchun Monike Belluchchiga 190 ming yevro to‘lagan. Bu kechada mashhur aktyor Alen Delon va Frantsiyaning sobiq prezidenti Jak Shiratning xotini Bernadett Shirak ham hozir bo‘lgan.

Aytish kerakki, ancha vaqtdan beri Lola korruptsiyaga aloqador jinoyatlarda ayblanib, ayni paytda hibsda saqlanayotgan opasi Gulnoradan masofa saqlashga harakat qilib keladi.

2013 yilda BBSga bergan intervyusida u opasi bilan «oilaviy va do‘stona» aloqalari yo‘qligini aytgandi. Shuningdek, o‘z boyligining manbalari haqidagi savolga eri «transport va savdo kompaniyalari aktsioneri hisoblanishi»ni aytish bilan javob qaytargandi.

EIC jurnalistlari qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, er-xotinning boyligi manbai Toshkentdagi 25 gektar maydonni egallagan «Abu Saxiy» ulgurji bozoridir. Bu bozorning muvaffaqiyati sababi esa unga norasmiy ravishda berilgan soliq imtiyozlari hisoblanadi.

Rassom Tuz, Lola Karimova: «Menga qasr ato qilgan paxtakor xalqim!»

«Abu Saxiy» tarkibidagi shu nomdagi transport kompaniyasi mahalliy savdogarlarga xorijdan tovarlar yetkazib beradi va uning o‘zi «bojxona rasmiylashtiruvlari» bilan shug‘ullanadi.

Gulnora Karimova ancha yillar ilgari Turkiyaning Hürriyet gazetasiga bergan intervyusida «Abu Saxiy» «davlat byudjeti oldida hech qanday soliq majburiyatisiz ishlashi va unda oyiga qariyb 20 million dollar mablag‘ aylanishi»ni bildirgandi.

Bu esa mazkur bozor o‘z egasi Timur Tillaevga yiliga 240 million dollar keltiradi, deganidir. Ammo T.Tillaevning amerikalik advokati bu iddaolarni rad etib, «Abu Saxiy»ning muvaffaqiyati sababi bor-yo‘g‘i «biznesning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani» ekanini aytgandi.

Dubaydagi Securtrade kompaniyasining yagona aktsioneri T.Tillaev hisoblanadi. Kompaniyani uning do‘sti va hamkori Davron Alimbekov boshqaradi.

Jurnalistik tekshiruvga ko‘ra, bu noqonuniy biznes quyidagicha ishlaydi. Securtrade tovarlarni Xitoy yoki Turkiyadan xarid qilib, Shveytsariya va BAAdagi soxta kompaniyalarga sotadi. Ular o‘z navbatida tovarlarni Shotlandiyaning nomi boru o‘zi yo‘q kompaniyalarga pullaydi. Bu kompaniyalar esa tovarlarni «Abu Saxiy» bozoridagi savdogarlarga o‘tkazadi.

EIC ma'lumotlariga ishonilsa, bu sxema yashirin va noqonuniy daromad olishga xizmat qiladi. Birinchidan, Securtrade ning ulkan daromadi shundan darak beradi.

Kompaniyaning banklardagi hisob-kitoblari ko‘rsatishicha, u 2013-2014 yillarda aylanma mablag‘i 151 million dollar bo‘lgani holda 127 million dollar daromad qilgan.

Maqolada noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan bu mablag‘ning katta qismi Dubaydagi Mashreq Bank, Abu-Dabi milliy banki (NBAD) va Shveytsariyaning Vontobel bankidagi hisob raqamlarida to‘plangani ma'lum qilinadi.

Securtrade ning uchta savdo mijozi – Elcorp, Five Star Technology Support va Greenhall Management Shotlandiya mas'uliyati cheklangan hamkorligi maqomiga ega. Bu maqom ularning haqiqiy egalarini oshkor etmaslik imkonini beradi.

Bu firmalarning nominal direktorlari sifatida Buyuk Britaniya fuqarolari ko‘rsatilgan. Ularning ikkitasi 2 mingta (!) firmani boshqaradi.

Jurnalistlar yashirin sxema orqali ishlaydigan va Lola Karimova va Timur Tillaevga aloqador juda ko‘plab kompaniyalarning o‘zaro bog‘liqligini ochib bergan.

T.Tillaevning advokati esa bunday vositachi kompaniyalardan foydalanish «butun dunyoda odatiy amaliyot»ligi, buning hammasi «qonuniy» ekanini ta'kidlamoqda.

Jurnalistlar surishtiruvi davomida T.Tillaevning O‘zbekistondagi kriminal olami rahbarlari bilan yaqin aloqalari ham yuzaga qalqib chiqqan.

Xususan, yuqorida nomi tilga olingan Davronbek Alimbekov va T.Tillaevning Dubaydagi Silk Road Cargo kompaniyasi vakili Aleksey Yaitskiy o‘zbek kriminal avtoriteti sifatida tanilgan Salim Abduvalievning sobiq xodimlari hisoblanadi.

T.Tillaev va S.Abduvalievning munosabatlari esa juda yaqin deb ta'riflanadi. Shunga qaramay, T.Tillaevning advokati uning mijozi kriminal avtoritet bilan «hech qanday shaxsiy va kasbiy munosabatda emas»ligini ta'kidlaydi.

Lola Karimova va Timur Tillaev mazkur ma'lumotlar yuzasidan EIC jurnalistlari bilan gaplashishdan bosh tortgan. Ularning amerikalik yuristi Mark F.Reymond esa bu ma'lumotlarni «asossiz» deb atadi va ular «o‘g‘irlangan yoki soxtalashtirilgan» deb ishonishini bildirdi.

Bu marhum prezident Islom Karimov oila a'zolari bilan bog‘liq yagona korruptsion mojaro emas. Yuqorida aytganimizdek, uning katta qizi Gulnora ayni paytda aynan shunday jinoyatlarda gumonlanib, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, hibsda saqlanmoqda.

Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani Akbarali esa shunday jinoyatlari uchun O‘zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Ko‘rinishidan, Islom Karimov oilasiga bog‘liq korruptsion jinoyatlarga oid mashmashalar hali uzoq davom etadi.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 mart 2019
AQSh Mehnat departamenti o‘zbek paxtasini sotib olinmasligi kerak bo‘lgan tovarlar ro‘yxatidan chiqardi. Bu AQSh o‘zbek paxtasini yetishtirishda bolalar mehnati ...
8 avgust 2024
Quyichirchiq tumani Madaniyat mahallasida yashovchi Nafosat Yusufboeva qaynonasi va erining tayziqiga uchrab uydan haydalgan. Qaynona va er Nafosatning ikki ...
2 may 2023
Xaj va umra ziyoratiga borgan kamida ikki o‘zbek kelinning o‘g‘irlab ketilgani va qizi xamroxligida borgan 40 yashar nogiron o‘zbek ...
17 noyabr 2016
Internet va media sohasi O‘zbekistonda dunyoda eng keskin nazorat qilinadigan davlatdir. «Freedom House» har yili o‘tkazadigan Dunyo bo‘yicha Internet ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...