Document UZ
8 fevral 2018

«Janob Dey, diktator Karimovga haykal o‘rnatmang!»

Bir guruh o‘zbek faollari va huquq himoyachilari 5 fevral kuni O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovga yodgorlik yaratmaslikni so‘rab britaniyalik haykaltarosh Pol Deyga murojaat etishdi. «Eltuz» nashri quyida ushbu maktubning to‘liq matnini e'lon qiladi.

Agar Pol Dey Islom Karimov haykalini yaratsa, diktator qurbonlarining qoni haykaltarosh obro‘yini butunlay barbod qiladi

2018 yil 5 fevral

O‘zbekistonlik huquq himoyachilarining mamlakatning sobiq prezidenti Islom Karimovga yodgorlik yaratishga buyurtma olgan britaniyalik haykaltarosh Pol Deyga ochiq xati. Bu haykalni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ro‘parasiga o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Hurmatli janob Dey,

Siz xotirasini o‘z yodgorligingizda abadiylashtirmoqchi bo‘lgan inson sabab biz, siyosiy qochqinlar ko‘p yillardan vatanimizga bora olmaymiz. Islom Karimovning o‘z xalqiga qarshi terrori davomida biz do‘stlarimiz, hamkasblarimiz va yaqin oila a'zolarimizdan ayrildik. Karimov nazoratidagi maxsus xizmatlarning qatag‘onlari quvg‘inda yashayotgan ko‘p sonli yurtdoshlarimizning vatanda qolgan yaqinlari bilan qayta ko‘rishishiga to‘sqinlik qilib keldi. Londondagi Sant-Pankras stantsiyasida o‘rnatilgan «Uchrashuv joyi» haykalingizni hisobga olib, o‘z yaqinlaridan ayro yashash mavzusi sizga begona emasligini eslatmoqchimiz.

2005 yil may oyida Andijonda Karimovning buyrug‘iga ko‘ra yuzlab tinch namoyishchi o‘qqa tutilganini bilsangiz kerak. Biz bu qirg‘inda halok bo‘lganlar sonini qachondir aniq bilishimizga shubha bor. Chunki jinoyat izlarini yashirish maqsadida o‘lganlarning jasadlari diktatorning ko‘rsatmasi bilan nomsiz ommaviy qabrlarga ko‘mib tashlangan. Bo‘lib o‘tgan voqealar haqiqatini oshkor etishga uringanlar jim bo‘lishga majburlandi – guvohlarning ayrimlari turmalarga tashlandi va qiynoqlarga solindi, mamlakatdan qochishga ulgurgan boshqa guvohlar vatanda qolgan yaqinlarining hayotiga tahdid qilinishi sababli jim turishga majburlandi.

Siz Karimov hukmronligi davrida millionlab kishilar, jumladan, yosh bolalar paxta maydonlarida qullikka giriftor etilganini bilishingiz kerak. Majburiy mehnatga asoslangan bu davlat siyosati shu kunlarimizda ham davom etmoqda. U rejimning minglab haqiqiy va faraziy muxoliflarini turmalarga tiqqanini, uning buyrug‘i bilan bu insonlar qiynoqlarga solinganini, ko‘pchiligi o‘lim topganini bilishingiz lozim. Siz siyosiy mavzularga qo‘l urgan rassomlar uning ta'qibga uchraganini, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy fanlar, adabiyot va san'atga qattiq tsenzura qo‘yilganini bilishingiz shart. Uning merosiga yodgorlik yaratar ekansiz, siz aslida zulm qadriyatlarini madh etayotgan bo‘lasiz.

Bu yovuzni sharaflash uchun sizga qancha to‘lashadi, janob Dey?

Siz bu haykal uchun oladigan pullaringiz harom ekanini bilishingiz kerak. Chunki Karimov va uning oilasi davlat va xalqdan milliardlarni o‘g‘irlash uchun o‘z hokimiyatini suiiste'mol qilgan. Ular O‘zbekistonda biznes yuritmoqchi bo‘lgan G‘arb kompaniyalaridan millionlab dollar pora ta'ma qilgan. Uning katta qizi Gulnora Karimova xalqaro telekommunikatsiya kompaniyalaridan yuzlab million dollar pora olgan va ularni G‘arbdagi o‘nlab offshor kompaniyalar orqali yuvib olgan. Natijada AQSh Gulnora Karimovani Magnitskiy ro‘yxatiga kiritdi, uning aktivlarini esa muzlatdi.

Sizning xizmat haqingizni to‘laydigan Islom Karimov jamg‘armasi uning kichik qizi Lola Karimova-Tillaeva tomonidan tuzilgan. Uning maqsadi Karimov va oilasining badnom bo‘lgan obro‘sini tiklashdir. Karimov davrida Lolaning eri Timur Tillaev Toshkentdagi eng yirik ulgurji bozor bo‘lmish Abu-Saxiy ustidan nazoratni sirli ravishda qo‘lga kiritgan. Yaqindagina ma'lum bo‘ldiki, bu biznes imperiya byudjetga oyiga bor-yo‘g‘i 600 ming dollar soliq to‘lagan. Ammo Karimov vafot etganidan va 2017 yil noyabrda Tillaevlar bu bozor ustidan nazoratni yo‘qotganidan so‘ng faqat dekabr oyining birinchi ikki haftasidagina xuddi shu bozor 4,4 million AQSh dollari miqdorida soliq to‘ladi. Bu esa o‘tgan davrlar davomida bozor egalari davlatdan juda ko‘p soliq to‘lovini yashirganini anglatadi.

Biz O‘zbekiston hukumati Tillaevlar boyligining manbalarini chuqurroq o‘rganishi tarafdorimiz hamda soliqdan qochish va pul yuvish bilan bog‘liq yangi dalillar topilishini kutmoqdamiz. Shunday ekan, sizga Karimov jamg‘armasidan to‘lanadigan har qanday to‘lov tergov e'tiboriga tushishi ehtimoli bor. Agar aktivlar muzlatilsa, Sizga gonoraringiz balki hech qachon to‘liq to‘lanmasligi mumkin.

Lekin pul sizni eng kam o‘ylantiradigan masala bo‘lishi kerak. Siz o‘zingizdan qanday badiiy meros qoldirishni ko‘proq o‘ylashingiz lozim. Deylik, Vikipediya (yoki boshqa manbalar)dagi siz haqingizdagi maqolalarda Karimov jamg‘armasidan olgan shubhali buyurtmangiz haqida yozuvlar paydo bo‘ladimi?

Sizning eng mashhur ishlaringizdan biri – «Britaniya uchun jang» asaringizda tinch aholi vakillarini Adolf Gitlerning bombardimonlaridan qutqarish uchun o‘z jonini xavfga qo‘ygan erkaklar va ayollarga hurmat yo‘g‘rilgan. Liverpul 2019 yilda «Atlantika uchun jang» memorialini qurish uchun 2,5 million dollar yig‘moqda. Bu memorialni yaratish sizga buyurtma qilingan. Biz sizning Gitler sharafiga xuddi shunday memorial yaratish bilan o‘z obro‘yingizni bulg‘amasligingizga ishonamiz. Unda nega qotil Islom Karimov haykalini yaratishga rozilik berish orqali o‘z obro‘yingizni yo‘qotishdan cho‘chimayapsiz?

1991 yil siz Shahzoda vasiylik kengashining, 1993 yilda esa Teylor jamg‘armasining mukofotini olgansiz. Siz Susse jamg‘armasi mukofoti laureati va Glostershir universiteti faxriy doktori hisoblanasiz.

Biz bu muassasalarning har biriga, shuningdek, Liverpul shahri kengashiga diktator, qotil hamda fuqaroviy huquqlar va ijodiy erkinliklarni bo‘g‘ib kelgan inson xotirasini abadiylashtirishga tayyor rassomni qo‘llab-quvvatlamaslikni so‘rab murojaat etamiz.

Biz sizni o‘z qaroringizni qayta ko‘rib chiqishga va Karimov jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga chaqiramiz.

Nadejda Ataeva, Markaziy Osiyo bo‘yicha inson huquqlari uyushmasi, Frantsiya
Umida Niyozova, O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi, Germaniya
Yodgor Obid, yozuvchi va siyosiy dissident, Avstriya
Ulug‘bek Haydarov, jurnalist, Kanada
Daniel Anderson, sobiq siyosiy mahkum, Shvetsiya
Qudrat Bobojonov, «Eltuz» sayti muharriri, Shvetsiya
Alisher Obidov, huquq faoli, Norvegiya
Anvar Usmonov, jurnalist, Germaniya
Mirrahmat Mo‘minov, o‘zbek faoli, AQSh
Dilobar Erkinzoda, o‘zbek faoli, Shvetsiya
Salohiddin Usmonov, siyosiy muhojir

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2024
Kishilik tarixi temir ixtiro qilinganiden keyin dev qadamlar bilan rivojlandi. Bugun oyoqda muhtasham turgan Britaniya va Amerika kabi davlatlarlar ...
11 may 2016
O‘zbekistondagi ayni tendentsiyani bugun Eltuz.com nashri rassom Tuz qalamiga mansub navbatdagi kariakatura orqali aks ettiradi. Gazetada ismi oshkor etilmagan ...
2 avgust 2021
Separatizm deya talqin qilingan virtual chiqishlari va o‘zbek lotin yozuvi joriy qilinishi bo‘yicha mavjud qonunlarga qarshiligi ortidan nazoratga olingan ...
4 aprel 2018
«O‘zbekkontsert» davlat muassasasida 30 mart kuni san'atkorlar ishtirokida «To‘y-hashamlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda majlisda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...