Document UZ
16 may 2018

Andijon shahrida yo‘llardagi panjaralar olib tashlanmoqda

Andijon shahrida yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqlar shu hafta boshidan butunlay olib tashlanmoqda. Yo‘l patrul xizmati xodimlarining ta'kidlashlaricha, bunga shaharda piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transort hodisalarining ko‘payishi sabab bo‘lgan.

Harakat xavfsizligi uchun qo‘yilgan to‘siqlar, aksincha, yo‘l harakatiga xatar keltirdi. Foto: eltuz.com

«Bu to‘siqlar serqatnov ko‘chalarda transportlarning bir-birini quvib o‘tish chog‘ida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketmasligi hamda piyodalar xavfsizligini ko‘zlab o‘rnatilgandi. Ammo temir panjaralar yo‘lovchi va haydovchilar uchun noqulaylik tug‘dirdi. To‘siqlar baland va qalin bo‘lgani sababli haydovchilar o‘tish joyidan yo‘lning bu qismiga o‘tayotgan piyodani payqamay qolmoqda», deydi yo‘l patrul xizmati xodimi B.Sh.

Xodim buning oqibatida aynan piyodalar o‘tish joylarida avariyalar soni keskin ko‘payganini «Eltuz» muxbiriga bildiradi.
YPX xodimining «Eltuz»ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, 12 may kuni Bobur shohko‘chasining piyodalar o‘tish joyida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Hodisaga “Damas” haydovchisining o‘tish joyidan chiqib qolgan piyodani ko‘rib keskin tormoz bosgani sabab bo‘lgan.

To‘siqlar yig‘ishtirib olinmoqda. Foto: eltuz.com

Oraliq masofani saqlamagan avtomobillar birin-ketin bir-biriga kelib urilgan. Hodisa oqibatida hech kim jiddiy jarohatlanmagan. Biroq katta miqdorda moliyaviy zarar ko‘rilgan.

«O‘tgan yili aynan mana shu o‘tish joyida bir homilador ayolni mashina urib, uchirib yuborgandi. Umuman, bizning hududda bunday avariyalar tez-tez bo‘lib turadi. Haydovchilar to‘siqlar orasidan chiqib kelgan yo‘lovchini kech payqashadi. Ko‘pincha uyda o‘tirib mashinaning qattiq tormoz bosgani va urilgan zarbaning ovozini eshitamiz. Bu metall to‘siqlar ne-ne odamlarning umriga zomin bo‘ldi», deydi Bobur shohko‘chasida yashovchi mahalliy aholi vakillaridan biri «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqlar bundan ikki yil avval o‘rnatilgan edi. Ularni olib tashlash joriy yil boshida shaharning markaziy ko‘chasi hisoblanmish Navoiy shohko‘chasidan boshlangan.

Keyinroq bu ish negadir to‘xtab qolgandi. Shahar hokimligida ishlovchi manbaning aytishicha, to‘siqlarning noqulaylik tug‘dirayotgani yuzasidan haydovchilardan ko‘plab shikoyatlar tushgan.

Hozirda yo‘lning ikkala tomonidagi yo‘lkalar, mahalliy rasmiylar ko‘ra, shaharsozlik me'yorlariga mos deya hisoblangan panjaralar bilan to‘silmoqda va yo‘l belgilari ta'mirlanmoqda.

Andijon viloyati IIB matbuot xizmati tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, 1 iyundan boshlab yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash hamda transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni qayd etish maqsadida Andijon shahridagi 7 ta shohko‘chada videokuzatuv kameralari ishga tushiriladi.

Shohida Saidova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 dekabr 2024
Tbilisida soxta saylov natijalariga qarshi namoyishlar, Germaniya kantslerining sirli chamadoni, Suriyadagi ziddiyatlar, Rossiyada go‘dak bolasini qorga uloqtirgan ayol, O‘zbekistonda ...
29 mart 2021
«Fergana» agentligining yozishicha, ko‘p masalalarda o‘zbek rasmiylarini tanqid qilgan toshkentlik bloger Miraziz Bazarov 28 mart, yakshanba kuni kechqurun o‘z ...
28 aprel 2016
Bugun O‘zbekistonning markaziy shaharlarida kambag‘allarning munkaygan kulbasi yonida qad ko‘targan muhtasham qasrlarni ko‘rish mumkin. Albatta, aksariyat amaldorlar kambag‘al mahallada ...
18 yanvar 2017
Turk matbuotiga ko‘ra Masharipovning O‘zbekiston vatandoshi ekanligini rasmiy Toshkent tasdiqlagan. O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, Masharipov qidiruvda bo‘lgan. Turk politsiyasiga ko‘ra, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...