Asosiy mavzular
30 noyabr 2018

KGB-MXX vs Rembo. Kurash davom etadi. 3-qism

1992 yilning dekabr oyida Qahramon Xo‘jaqulov yana o‘z manbalaridan jiddiy ma'lumot oladi. Bu safar MXX xodimlari Afg‘onistondan O‘zbekistonga konteynerda besh tonnadan ortiq eng kuchli va qimmatbaho narkotik hisoblangan “Romeo” narkotigini jo‘natishga hozirlik ko‘rayotgani aytilgan edi. Xo‘jaqulovning manbalari konteynerning yakuniy manzili Gollandiya mamlakati ekanligi haqida xabar berishadi.

Gollandlarga atalgan besh tonna narkotik

Xo‘jaqulov narkotik yuklangan konteynerning nomerigacha oldindan xabardor qilinadi. Militsiya mayori O‘zbekiston MXX xodimlari bu konteynerni nomiga tekshirib, Gollandiyaga eson-omon o‘tkazib yuborishi haqida ham oldindan ogohlantirilgan.

Qahramon Xo‘jaqulov kutgan konteyner Termizga 1993 yil boshida kirib keladi. Kutilganidek, MXX va bojxona xodimlari konteynerni nomiga tekshirishadi. Ular “Konteynerda g‘ayriqonuniy hech narsa topilmadi”, degan tamg‘a bilan yukni o‘tkazib yuborishadi.

Gollandlarga atalgan narkotiklarni Qahramon Xo‘jaqulov va u tuzgan 10 kishilik qurollangan tezkor guruh Termizdan 50 kilometr ichkarida qo‘lga olishadi. Konteyner tovar vagonlaridan iborat sostavdan ajratib olinadi va Termiz temir yo‘l stantsiyasining harbiy maydoniga olib kelinadi. Bu yerda Qahramon Xo‘jaqulovning guruhi maxsus tayyorlangan itlar yordamida konteynerni obdon tekshira boshlaydi.

Surxondaryo MXXsining rahbari tez orada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Alisher Sharipovga chiqadi. Telefon orqali Sharipovga tahdid qiladi. Sharipov, o‘z navbatida, ratsiya orqali Qahramon Xo‘jaqulovga chiqadi va vaziyatni tushuntiradi.

Qahramon Xo‘jaqulov MXXchilarning va'dasiga ishonadi. Shuning uchun u kelishilgan manzilga, ya'ni Termiz shahri daryo portiga yo‘l oladi.

MXXchilar esa konteynerni va'dalashganlaridek daryo portiga emas, Afg‘oniston va O‘zbekiston chegaralari o‘rtasidagi neytral hududga (neytral hudud tushirilgan videotasvirlar) qaytarib olib borishadi. Bu qonunga zid ish edi. Lekin shunday bo‘lsa ham MXX vakillari aynan noqonuniy yo‘lni tanlashadi.

Chunki konteynerni Afg‘onistondan O‘zbekistonga endi kirib kelgan yuk qilib rasmiylashtirish kerak edi. MXXga “Konteyner O‘zbekiston hududiga kirib kelishi bilanoq qo‘lga olindi”, degan gap kerak edi.

Vagonlar tekshiriladigan neytral hududda o‘zbek “chekist”lari Qahramon Xo‘jaqulov bilan tuzgan yana bir ahdini buzishadi. Ular militsiya mayori o‘rnatgan qulflarni kuvaldalar bilan urib buzishadi va konteynerni ochishadi. Mana o‘sha tasvirlar! (MXXchilar tunda konteynerning qulflarini buzib, eshigini ochayotgani videolavhasi).

Keyinchalik “chekist”lar konteynerning polini ochishga tushishadi (konteynerning polini buzishayotgan lavhalar). U yerdan juda katta partiyada narkotik moddalar chiqadi.

Mana bu tasvirlar o‘sha paytda Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasi tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘tkazilgan tadbirda payti olingan. Mana o‘sha konteyner raqami (pol tagidan narkotiklar topilishi aks etgan, konteyner raqami ko‘rsatilgan videolavha, boshqa videolavhalar).

MXXchilar ashadiy narkofurush, qasamxo‘r va yolg‘onchiligi uch-to‘rt kundan so‘ng yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Demak…

MXX yolg‘onlari

Uch-to‘rt kundan so‘ng MXXchilar narkotik ushlash operatsiyasi haqida xalqqa xabar berishadi. Chunki narkofurush “kontora”ning obro‘sini oshirish uchun eng qulay fursat kelgan edi.

MXXchilar Surxondaryo viloyati televideniesi muxbirini chaqirishib, katta partiyada narkotikni qo‘lga olishganini aytishadi. Telekameralar qarshisiga viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Xoldor Sherovni chiqarishadi. MXX taqdim etgan rasmiy xabarni aynan u ochiqlaydi.

Telemuxbirga Xoldor Sherov besh tonnadan ortiq emas, atigi bir tonnadan ortiq narkotik moddalar ushlangani haqida xabar beradi. Bojxonachi o‘z intervyusida bu operatsiyani MXX va bojxona xodimlari birgalashib o‘tkazishganini aytadi. Xoldor Sherov MXXchi va bojxonachilarni qahramon qilib ko‘rsatadi.

Konteynerni qo‘lga tushirgan Qahramon Xo‘jaqulov va militsiya haqida bir og‘iz so‘z ham aytilmaydi. Ya'ni asl qahramon chetda qoldiriladi.

Mana o‘sha intervyu! (Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Xoldor Sherovning intervyusi)

Eshitganingizdek, Xoldor Sherov konteynerdan atigi bir tonnadan ortiq narkotik chiqqanini iddao qilgan.

Qolgan to‘rt tonna “Romeo” nega rasmiylashtirilmadi?

“Eltuz” surishtiruv guruhi qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, qolgan partiya narkotiklar boshqa konteynerga solinib, yakuniy manzil – Gollandiyaga baribir jo‘natilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, “Eltuz”ga ma'lum bo‘lishicha, rasman fosh qilingan bir tonnadan ortiq narkotikni ham MXXchilar yoqib yuborishga ko‘zlari qiyishmagan. Xujjatlarda “yoqib yuborish”gan, xolos!

Shu bilan birga, “gollandlarga atalgan konteyner” voqeasidan so‘ng MXXchilar “kontora”ning narkobiznesiga rahna solayotgan militsiya mayori Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi haqiqiy urush e'lon qilishadi. Surxondaryolik «chekistlar» o‘sha 1993 yiliyoq unga qarshi turli bo‘htonlarni uyushtira boshlashadi.

Davlat narkomafiyasi ta'qiblari

MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi va hattoki respublika apparati 1993 yil davomida Qahramon Xo‘jaqulovning ustidan shikoyat qilaverib, ichki ishlar vaziri Zokir Almatov va bosh prokuror Bo‘ritosh Mustafoevning me'dasiga tegishadi.

Zokir Almatov o‘z xodimini MXXga yem qildirib qo‘ymagan bo‘lsa, Bo‘ritosh Mustafoev surxondaryolik “Rembo”ning harakatlarida biron bir noqonuniy jihatni topmaydi.

Bu esa MXX rahbariyatini battar asabiylashtiradi. 1994 yilga kelib MXX rahbariyati Qahramon Xo‘jaqulovni qamoqqa tiqishga astoydil kirishadi. Bu paytda MXX raisi G‘ulom Aliev (GulomAliyev.jpg) bo‘lib, uning o‘rinbosari Rustam Inoyatov edi.

Shu yili Qahramon Xo‘jaqulov o‘z manbalaridan vahimali ma'lumot oladi. Unda Surxondaryo viloyati MXXsida Xo‘jaqulovga qarshi maxsus guruh tuzilib, bu guruh militsiya mayoriga qarshi tuhmat ko‘rsatmalarni yig‘a boshlagani haqida xabar qilingan edi. Ma'lumotda aytilishicha, guruhga viloyat MXX boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Nikolay Karika rahbar etib tayinlangan.

Qonun oldida tozaligiga ishongan Qahramon Xo‘jaqulov bu gaplarga unchalik ishonmaydi va o‘z ishini davom ettiradi. O‘ziga kelgan yangi ma'lumotlar asosida yana narkobaronlarning ketiga tushadi.

Jumladan, u O‘zbekistonga 1994 yil 6-9 may kunlari kirib kelishi kutilayotgan taxminan 60 kilogram narkotikni qo‘lga tushirishni rejalashtirib qo‘yadi. Lekin bu safar Qahramon Xo‘jaqulov o‘ylagan operatsiyasini amalga oshira olmay qoladi.

1-qism tugadi. Davomi bor

Video: https://youtu.be/kK3TZL9sJ_8

Eltuz.com
surishtiruv guruhi

Tag‘in o‘qing
18 oktyabr 2024
Aziz va mukarram, qadrli va mehribon, ko‘zi qora, qoshi qora yurtdoshlarim, mana xapta aylanib, siz bilan yuzma-yuz, betma bet suhbatga musharraf bo‘lganimdan shodman. MS: Nichiksizla xo‘jik ...
15 fevral 2017
«Jamiyat» gazetasi (10.02) nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining «sirli qirralari» haqida maqola e'lon qildi. Unda yozilishicha, «dunyoda o‘z manfaatini boshqalarnikidan ...
8 avgust 2021
rassom Kirpi
6 sentyabr 2024
RT: Mana xafta zuvv etib aylanib yana siz bilan yuzma yuzman. MS: Ovong og‘o, bugun beshlanjiy gun. Gurungni sizdan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...