Asosiy mavzular
12 fevral 2019

​​Navoiy o‘zbek shoiri bo‘lganmi?

Alisher Navoiyning navbatdagi yubileyini eson-omon o‘tkazib oldik. U allaqachon o‘zbek millatining, o‘zbek tarixi va madaniyatining ramziga aylanganini hech kim shubha ostiga olmasa kerak. Shu bilan birga, fanda u haqdagi bir fakt ustida ko‘p bahslar boradi: Navoiyni o‘zbek shoiri deyish qay darajada to‘g‘ri?

Gap shundaki, Navoiy yashagan XV asrda o‘zbek deganda hozirgi O‘zbekistondan shimolroqda, Oltin O‘rda hududida istiqomat qiluvchi aholi tushunilgan. Bu hududlarda esa chig‘atoylar yashagan.

Navoiyning kelib chiqishi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. Undan ancha keyin yashagan Mirzo Haydar Dug‘lotgina bu masalaga to‘xtaladi. Uning yozishicha, Navoiy turfonlik uyg‘ur baxshilarining (kotiblarining) avlodi ekan; Temuriylar davrida turk tilidagi hujjatlarni uyg‘urlar yuritar edi. Keyinchalik yana bir qancha mualliflar Mirzo Haydarning ma'lumotlarini takrorlaydi.

XVI asr boshida shimoldan o‘zbek qabilalari kirib kelib, hokimiyatni qo‘lga oladi. Til, din va madaniyat jihatidan ular mahalliy chig‘atoylardan jiddiy farq qilmas, ular orasidagi tafovut siyosiy bo‘linishga borib taqalardi — chig‘atoylar Chig‘atoy ulusida, o‘zbeklar esa Jo‘chijon ulusida shakllangan siyosiy-etnik birliklar edi. O‘zbek hokimiyati o‘rnatilgach, chig‘atoylarning katta qismi o‘zbeklarga qo‘shilib ketadi; yana bir katta bo‘lagi ularga qo‘shilmay, alohida hududlarda yashashda davom etadi. Kichik qismi janubga, Hindistonga ko‘chib ketadi.

Buyuk etnograf Qarmishevaning yozishicha, XVII asrgacha o‘zbeklar va chig‘atoylar orasida farq saqlanib qolgan; o‘zbeklar chig‘atoylarni odatda turk deb atagan. XVII asr oxirlariga qadar hujjatlarda mahalliy xalqlar sanab o‘tilganida, o‘zbeklar, tojiklar va turklar sanab o‘tiladi. XVII asr oxiri — XVIII asr boshidan esa hujjatlarda turk nomi yo‘qoladi, faqat o‘zbeklar va tojiklar qoladi. Shu davrda turli asrlarda Movarounnahrga ko‘chib kelgan turkiy xalqlar qo‘shilib, yagona o‘zbek nomi bilan yuritila boshlaydi, desak bo‘ladi. Buni XVII asr ikkinchi yarmida ijod qilgan Turdi Farog‘iyning g‘azallarida ham ko‘ramiz — u birinchi bo‘lib Buxoro xonligini O‘zbekiston deb ataydi.

XVIII asrda o‘zbek xonliklariga kelgan rus va Yevropa sayyohlari ham bu hududda faqat o‘zbeklarni qayd etadi, ya'ni XVI asrdagi o‘zbek-turk farqi unutilgan edi. Buxoro haqida ilk statistik ma'lumotlarni keltirgan Yegor Kazimirovich Meyendorf xonlikning asosiy aholisi o‘zbeklardan iboratligini aytib o‘tadi (o‘zbeklar — 1,5 million, tojiklar — 650 ming, turkmanlar — 200 ming, qolganlar kam miqdorda).

Shunday qilib, XVIII–XIX asrlarda mahalliy turkiy tilli qabilalar o‘zbek nomi ostida yagona siyosiy-madaniy birlikka aylanadi; shundan so‘ng Movarounnahrning o‘zbeklargacha bo‘lgan tarixi va madaniyati ham shu birlikka tegishli deb qarala boshlaydi. Chingizxon, Temur, Yassaviyni mahalliy aholi o‘zbek deb hisoblaganini ilgarigi postlarda yozgandim. Navoiyga ham shu davrda o‘zbek shoiri sifatida qarala boshlangan bo‘lsa kerak. XIX asr o‘rtalarida ilk marta bir mashhur muallif uni o‘zbek shoiri deb ataydi — 1863–1864 yillarda O‘rta Osiyoga sayohat qilgan German Vamberi. Iqtibos keltiraman:

“Xivalik dutor va qo‘biz ijrochilari butun Turkistonda mashhur. Eng buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy hammaga ma'lum va mashhur, ammo har o‘n yilda ikkinchi yoki uchinchi darajadagi yangi shoir maydonga chiqadi. Xivada ikki aka-uka bilan tanishdim. Ulardan biri – Munis she'rlar yozadi, ayrimlarini keyinchalik nashr etmoqchiman; ikkinchisi – Mirob ulkan sabr bilan Mirxondning asarini o‘zbek tiliga tarjima qilayotgan edi”.

Ammo siyosiy yoki etnik nom Navoiyni qaysi asrda qanday qabul qilganlarini aks ettiradi, xolos. U yashagan davrda turklar hali bugungi millatlarga bo‘linmagan, Navoiyning o‘zi ham barcha turklarni yagona xalq deb ta'kidlashdan charchamasdi. Shunga qaramay, u chig‘atoy tilida yozgan, chig‘atoy tilining bugungi avlodlari esa o‘zbek va uyg‘ur tillaridir.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosini qishloq xo‘jaligidagi ko‘zbo‘yamachilik, ...
9 iyul 2018
(fermer xo‘jaligi ishchisining hikoyasi) Xorazmlik Hasanboy fermer xo‘jaligida ishlaydi. Umri dalada o‘tgan, desa ham bo‘ladi. Ma'lumoti o‘rta. Shunday bo‘lsa-da, ...
9 may 2020
Mana, hafta o‘tib yana ko‘zimiz ko‘zimizga tushdi. Men aytayotgan gaplarga quloq solyapsiz. Ko‘rsatuvni ko‘zdan emas, yurakdan kechirayotganingizni bilaman va ...
21 aprel 2021
Samarqandning Qorasuv massividan o‘tuvchi yo‘l chekkasiga “ekilgan” archa ko‘chatlarini mahalliy hokimlik prezident tashrifidan keyin egalariga qaytardi. “Eltuz”ga Samarqandda plastik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...