Asosiy mavzular
14 fevral 2019

Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga bosim o‘tkazilayotganligini rad qildi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti marhum Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov Instagram sahifasida onasiga bosim o‘tkazilayotgani, shifokorlar ko‘rigiga kirishga ruxsat berilmayotganini bildirdi.

Mazkur iddao ortidan Bosh prokuratura matbuot xizmati vakili mahalliy nashrlar orqali bu ma'lumotning haqiqatdan uzoq ekanligini ta'kidladi.

«O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga bosim o‘tkazilayotgani yo‘q, uning shifokorlar qabuliga erkin kirishi ta'minlangan», deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

14 fevral kuni Gulnora Karimovaning o‘g‘li kichik Islom Karimov Instagram sahifasida tergov organlari onasiga «gipertonik inqirozga olib borgan shafqatsiz bosim» o‘tkazayotgani hamda uning shifokorlar qabuliga kirishiga ruxsat berilmayotganini yozdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati vakili bu iddaoni izohlar ekan, jumladan, bunday dedi: «Asoslanmagan vajlar tilga olindi, Gulnora Karimovaga har doim, jumladan, o‘zi so‘ragan shifokorlar qabuliga erkin kirish imkoni berilgan. Unga nisbatan bosim o‘tkazilayotgani yo‘q».

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan Gulnora Karimova bir qancha jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga ehtiyot chorasi sifatida 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, Gulnora Karimovaga nisbatan telekommunikatsiyalarga oid uyushgan jinoiy guruhga ko‘maklashish holati bo‘yicha tergov davom ettirilmoqda.

2013 yil 24 oktyabrda “Terra Group” MChJ, “Prime Media” MChJ, “Gamma Promotion” MChJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur jinoyat ishida Gulnora Karimova farg‘onalik Rustam Madumarov rahbarlik qilgan jinoiy ishga ko‘maklashib kelgani aniqlangani bildiriladi.

Jumladan, Karimovaning nazorati ostida va ko‘magida uyushgan jinoiy guruh a'zolari 2001-2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:

tovlamachilik yo‘llari bilan katta pul mablag‘lari, aktsiyalar va mulklarni egallash bilan shug‘ullangan;

davlatga tegishli aktsiyalar va mulklarni past narxlarga tushirib sotib olish, xususiylashtirish yo‘li bilan 344,6 mlrd. so‘mlik talon- taroj qilishgan (“O‘zdunrobita”, “Coca-Cola”, “Rubicon Wireless Communication” va boshqalar);

daromadni, tushumlarni kamaytirib ko‘rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo‘llash, soliq bazasini kamaytirish va offshor faoliyatida 2 trln. 91,4 mlrd. so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashgan.

Ushbu epizodlar bo‘yicha Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e'lon qilingani bildiriladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tarqatgan xabarda.

Gulnora Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub'ekt va 16 ta offshor kompaniya faoliyatini tekshirish asnosida tasdig‘ini topgani aytiladi.

Radiochastota resurslari, mobil operatorlari bilan bog‘liq firibgarliklar

Gulnora Karimova ustidan ayni paytda davom ettirilayotgani iddao qilinayotgan tergov ishi telekommunikatsiya operatorlari, radiochastotalarga oid firibgarliklar bilan bog‘liq.

Bunga ko‘ra, u aloqa operatorlari mijozlaridan asossiz qo‘shimcha to‘lovlar undirish; offshor shirkatlar hisobiga “bo‘naklar” olish; radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish; ulushlarni sotish va dividendlarni to‘lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish; naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilmaslik, eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik; tovarlarni sun'iy oshirilgan narxlarda import qilish yo‘li bilan jami 1 mlrd. 942,8 mln. AQSh doll. va 29,1 mln. yevro miqdoridagi xorijiy valyutani yashirishda ayblanadi.

Import qilingan tovarlar miqdorini to‘liq ko‘rsatmaslik va ularning narxini kamaytirib ko‘rsatish; olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish;

eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib ko‘rsatish yo‘li bilan jami 607,6 mlrd. so‘mga bojxona qonunchiligini buzishda ayblanadi.

Tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassatsiya qilmaslik, pul mablag‘larini noqonuniy naqdlashtirish yo‘li bilan jami 572,9 mlrd. so‘mga savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishda ayblanadi.

Shuningdek, Gulnora Karimovaga hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish; turar va noturar ob'ektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar o‘rtasida soxta kontraktlar bo‘yicha pul o‘tkazmalarini amalga oshirish yo‘li bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish ayblari ilgari surilmoqda.

Ushbu holatlar bo‘yicha unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e'lon qilingan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Gulnora Karimovaning samolyoti va chet ellarda qolgan mulklari

O‘zbek prokuraturasiga ko‘ra, qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Tergov materiallari bo‘yicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakat hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 mln. AQSh doll., 63,5 mln. yevro, 27,1 mln. funt va 18,5 mln. frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangani bildiriladi.

Jumladan, Gulnora Karimovaga tegishli qimmatbaho qasrlar, ko‘chmas mulk va aktivlar tarzidagi bu mablag‘lar Shveytsariyada, Shvetsiyada, Buyuk Britaniyada, Frantsiyada, Latviyada, Irlandiyada, Malta orolida, Germaniyada, Ispaniyada, Rossiyada, Gonkongda, Birlashgan Arab Amirligida ekani bildirilgan.

Malta orolida qolgan, Gulnora Karimovaga tegishli 48,9 mln. dollarlik samolyot shular jumlasidan.

Jinoyatga davlat idoralarining sherikligi e'tibordan chetda qoldi

Prokuratura hujjatlarida hozirgi kunda Gulnora Karimovaning chet ellarda muzlatilgan mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor tergov tadbirlari davom ettirilayotgani bildiriladi.

Jumladan, Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgani aytiladi.

Ammo prokuratura ma'lumotlarida Gulnora Karimova yuqorida qayd etilgan jinoyatlarini davlat idoralarining bevosita ishtirokisiz amalga oshira olmasligi haqida gap-so‘z yo‘q.

Aslida uning otasi, prezident Islom Karimov qizining har qanday injiqliklariga indamay bosh egadigan amaldorlardan iborat tuzumni yaratgani uchun javobgardir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 noyabr 2020
 Oyna – mening eng yaxshi do‘stim. Chunki yig‘lagan paytim u hech qachon kulmaydi. Mana, hafta bir aylandi va yana ...
13 fevral 2020
Siyosatshunos Rafiq Sayfulin Islom Karimov rejimining yetakchi targ‘ibotchilaridan biri edi. Bugun u vatanga xoinlikda ayblanyapti.  Bu ayblov qanchalik to‘g‘ri ...
20 aprel 2019
Rassom Kirpieltuz.com
11 aprel 2018
Shoir Shavkat Rahmon ijodiga oid ko‘rsatuvda uning Usmon Azim, Xurshid Davron va Muhammad Solih bilan tushgan fotosurati 3 aprel ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...