Asosiy mavzular
6 noyabr 2020

RTdan va'z: Nima bizga Amerika? O‘zimizda ham mo‘ylov bor!

 Oyna – mening eng yaxshi do‘stim. Chunki yig‘lagan paytim u hech qachon kulmaydi. Mana, hafta bir aylandi va yana siz bilan yuzlashdim. Hafta voqealar bilan to‘la bo‘ldi. Qorasuvliklar Frantsiyaning go‘riga guvala qaladi. Venada terror hujumi. Izmirda yer qimirladi. Amerikada saylov. Arnasoydagilar tappi yoqa boshladi. Qish kelmoqda. 

Qish o‘chog‘i tor – tur uyingga bor, degan naql bor. Ammo rasman qish kelishiga bir oy bor. Korona bois uyda o‘tiraverib yuragim siqildi. Ko‘ngul sayohat tusadi. Yurgan daryo – o‘tirgan bo‘yra. Qarasam uchoq biletlari suv tekin bo‘lib ketibdi. Shartta chiptani olib, qaydasan Parij deya yo‘lga tushdim.

“Eyr Frans” uchog‘idagi styuardessaning ismi Janna ekan. Hamma yog‘idan frantsuz atirining hidi keladi. Tabletimni ochsam, bir o‘zbek mulozimi o‘zbek ayollaridan tezak hidi keladi, deb yozibdi. Tezak yoqqandan keyin tezak hidi keladi-da, g‘alcha.

Eh, Ovropa, Ovropa!! Bo‘lsangda bizga  opa. O‘z bolangni o‘ylaysan.

(Usta Gulmat – Anvar Obidjon)

UChOQDA

Uchoq darchasidan daryo va ko‘llar ko‘rinadi. Uchoq kapitani frantsuz vatandoshi, ammo tagi tunislik arab. Ismi Xalil Ibrohim. Ënimdan o‘tayotganda assalomu alaykum va barokatuh, dedim. Uchuvchi menga javoban va aleykum assalom va rahmatuloh, dedi. Ënimdagi afkor omma qo‘rqib bir menga, bir pilotga qaradi. Ammo bekor qo‘rqishdi. Egiz binolar allaqachon nishonga olib bo‘lingan.

Yo‘lda bir odam Makron bilan makaronning farqini so‘radi. Makaron –  Italiyada ijod qilinib, butun dunyoda  ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsuloti. Lag‘monga o‘xshaydi, faqat ichi teshik. Frantsiyada makaron deb ustma ust yopishtirilgan ikki dumaloq pechenega aytiladi. Qizil yoki yashil rangli pechenelar orasiga povidlo yoki murabbo qo‘yiladi. Choy bilan ichishlik ammo-lekin. 

Makron esa Frantsiyaning hozirgi prezidenti. 42 yoshda. Oti Emmanuel. Oldin iqtisod vaziri bo‘lib ishlagan. Sunnatga amal qilib, o‘zidan katta Brijit xolaga uylanib olgan. 

Makron  Ameng degan shaharda, yaxshi odamlarning oilasida tug‘ilgan. Otasi nevrologiya bo‘yicha katta professor. Universitetda domla. Onasi katta vrach, ko‘p odamlarni davolab duo olgan.

Makron karikatura chizadigan rassom emas. U prezident bo‘lgan Frantsiya hududda bitta jurnal bor. Bizning ilgarigi “Mushtum” jurnaliga o‘xshash. O‘sha jurnaldagilar chizadi unaqa yomon karikaturalarni. Lekin shu Makronning kuchi jurnalni yopishga yetmas ekan.

PARIJDAGI MYeHMONXONA

Parijdagi mehmonxona korona bois mehmonsiz qolib rosa ichikkan ekan. Meni xuddi tog‘asini ko‘rganday, xursandlik bilan qarshiladi.

Restoranda oldimga shag‘am yoqib ketishdi. Qo‘rqib pisib “chiroq o‘chadimi”, desam, “Aka, bizda chiroq umuman o‘chmaydi. Shag‘am yoqib qo‘ysa – romantika. Ko‘nglingiz anaqa, keyin bunaqa bo‘ladi. Shag‘am yongan stakanning chetiga arvoh kelib o‘tiradi. 200 yillik mehmonxonaga kelib ketganlarning arvohlari”, dedi.

Menyuni o‘qib, totor degan ovqat tanladim. Totorlarning ovqati bo‘lsa kerak, deb. Oldimga xom go‘shtdan bo‘lgan xom qiymani olib kelib qo‘yishdi. Yaxshilab qarasam, xorazmliklar yeydigan ijjonga ham o‘xshadi. Ofitsiant bolani chaqirib, bu xom-ku desam: “Og‘a, bemalol yeyavering, nona ildirib. Odi frantsuzcha bo‘lsa ham zoti ijjon buni.  O‘zim etchopar bilan chopganman”, desa bo‘ladimi. 

Bu ofitsiant bola xonqadan ekan. Bu bola kelib, shu ovqatning ustiga xom tuxum chaqib ketdi. Men unga qarab: “Ey xonqali, agar frantsuzlar bir tuxumni xomlay yesa, xorazmliklar yuz tuxumni bir tovoqqa chaqib, bir yutganda ichadi”, deb qo‘limdagi telefondan video ko‘rsatdim.

Bu restoranda bir odat bor ekan, har bir xo‘randa daftarga bir narsa yozib ketar ekan. Parijdagi mehmonxona restorani daftariga quyidagi gapni o‘zbek lotin yozuvida yozib qo‘ydim.

“Bitta xizmatkor boydan bir oy xafa bo‘lib yuribdi. Boy buni bilmabdiyam”.

Mehmonxonaga mashhur frantsuz rassomi Fernan Leje asari osilgan. Rasm narxi bir million dollardan ko‘p. Bu original rasm mehmonxona yo‘lagida osilib turibdi. Har yerda hashamat, boylik va zodagonlik nafasi ufuradi. Mehmonxona nozirini yonimga chaqirib, «Musyo, maylimi sizga ikki og‘iz o‘zbek Shekspiridan iqtibos o‘qisam, o‘zbekcha”, dedim.  “Musyo, mayli aka, xizmatingizdamiz, bemalol bangillatib aytavering”, dedi. 

Men oltin qubbali hashamatga barmog‘imni qarata dedim: “Eh boylik, boylik. Sen mening uyimga kelsang-u, uyimdan iymon ketsa, men bundayin boylikka o‘t qo‘yaman! O‘t!!!”. 

Musyo chapak chalib, “Aka, zo‘r aytarkansiz monologni”, dedi. Ana shunaqa, biz gapiraveramiz birov tushunmasayam.

Rifat O‘zbek deya dong taratgan  mashhur frantsuz libos dizayneri asarlarini tomosha qildim. Rifat aka 67 yoshda. Parijdagi eng mashhur va boy odamlardan biri.  

Rifat aka Istanbulda tug‘ilgan.  Ota-buvasi 400 yilcha oldin Ko‘hna Urganch taraflardan Rum eliga kelib qolgan, deyishadi. Boya aytganimdek, yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra. O‘tirsang o‘tiraverasan qatlamaday yoyilib.

TAKSIDAGI TALONChILAR

Dunyoni kezib parxonalik kabi muomalasi yaxshi odamlarni uchratmadim. Biram sipo. Qo‘li ko‘ksida. Akajonu opajonlab turadi. Yurayotib chumolini ezvolmay, deb ayoqlarini ehtiyot bo‘lib bosadi. Taksi ushlashsa, sizga ish qildirganidan xijolat bo‘lib o‘tirishadi yerga qarab. 

Ana shunaqa muomalasi chirayli ikki parxonalik yigit taksi ushladi. Taksichi yozyovonlik. “Nexia”ni taksi qilib, uyimga ikkita non oboray, degan qorako‘z vatandosh. 

Xullas, anavi muomalasi yaxshi ikki parxonalik Guliston mahallasi hududiga yetib kelgan vaqtda taksichining biqiniga pichoq tirab, parxonachalab so‘kib boshlashdi. Keyin taksichi qora kunga deya telefon g‘ilofining ichiga solib qo‘ygan ikkita yuztalik dollarni olishdi.

“Mi 8” telefon apparatini ochiqdan-ochiq tortib olib, bonusiga yozyovonlikning basharasiga ikki musht tushirib, hodisa joyidan yashirinishdi.

Taksichining uyi kuysa kuysin, telefoni o‘g‘irlanmasin. Butun mijozlar ana shu telefonning ichida.  Ëzyovonlik birat to‘g‘ri milisaga borib yig‘lab siqtab, ozroq o‘zidanam qo‘shib voqeani aytib berdi. Ariza yozdi.

Parxonaning milisasini yaxshi ko‘raman. Ishlayman desa, ishlaydigan xilidan. Ikki talonchini darrov topishdi. Gop stopchilar qamoqda. Telefonni ham topishdi. Ammo 200 dollarni xarjlab yuboribdi bu yashshamagur parxonalik talonchilar.

Mazkur holat yuzasidan Yozyovon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

5 yil muddat olib, Mirziyoev amnistiyasi bilan 1 yilda qaytib chiqib yana talonchilikni davom qilaveradi bu parxonalik ikki yigit. Darvoqe, tergov paytiga yana asliga qaytib, biram odobli, sipo va namozxon bo‘lib qolibdi bu parxonalik ikki bandit. O‘g‘ri qarisa so‘pi bo‘ladi, degan maqol bor Parxonada.

COVUQ XABARLAR

Mana, gap bilan bo‘lib xabarlarga ham o‘tdik. Namangandan nuqul ayollar bilan bog‘liq sovuq xabar keladi.

Namanganda sha'riy nikohda bo‘lgan xotin ikki bolasini suvga cho‘ktirib o‘ldirdi. Keyin o‘zini o‘ldirdi.

Mirzo Ulug‘bek tumani sudi bloger Asalhoneyni (Asal Xo‘jaeva) 5 kun qamoqqa tashladi va 4,46 mln so‘m jarima qildi.

Asalhoneyga 31 oktyabr kuni kechqurun A.M. degan avrat qorovuli telefon qilib, siz shishgan lablaringiz bilan o‘spirin yigitlar  yuragiga cho‘g‘ tashlayapsiz. Bu ishingiz ma'naviyatga zid, degan. Haliyam bo‘lsa tovba qilib, iymon yo‘liga o‘ting, deb miyasini qotirgan.

Shundan keyin A.M. degan jabrlanuvchi rosa so‘kish eshitgan.

A.M. darrov Mirzo Ulugbek tumani ma'muriy sudiga ariza yozib, nomusi toptalganini aytgan.

Sud A.M.ning tarafini olib hukm chiqarib berdi. Yashasin dunyodagi eng adolatli sud – Mirzo Ulug‘bek tumani ma'muriy sudi.

+++

Lox hassasini bir marta yo‘qotadi. Lekin Loxistondagilarga taalluqli emas bu. Ahmadboydan yeb qo‘ygan loxlar endi bor-budini boshqa ahmadboyga oborib berishdi.

“Qashqadaryoda 2 ming kishi ho‘kiziyu moshin, uyini sotib, Nasdaq Unique Finance shirkatining mahalliy vakillariga  ikki qo‘llab tutqazishdi.

Pullar esa qumga singgan suvday g‘oyib bo‘ldi. Pulni firibgarga bergan loxlar prezidentga xat yozib, adolat so‘ramoqda. Uchtani tug‘dirib, “Kobalt” ber prezident”, deydiganlarga o‘xshab.

Nasdaq Unique Finance shirkatining norasmiy vakili To‘ychi Rizaev va uning sherigi Zokir Yo‘ldoshev qamoqda.

Lekin 2 ming loxning puli allaqachon Kanada chegarasiga yetib olgan.

Shu kunlarda Qarshi va Toshkent simyog‘ochlariga va telegram kanallariga yangi loxotron e'lonlar turibdi: “Ishlamasdan pul topish imkoni!!!”,  “Bir soatda 50 dollarni peshana terisiz topishni istaysizmi, marhamat, moshiningizni sotib, pulini tugib, bizga olib keling”.

Ey, do‘stim, eshit!!! Absattorning xotini kun bo‘yi dalada ishlab 10 dollar pul olib keladi (Absattor bir dollaram topmaydi).

Hayotilla damaschi esa kuni bilan temirning ichida o‘tirib, uyiga 15 dollar olib kiradi.

Sen lox bo‘lmasang, qanaqa qilib ishlamay bir soatda 50 dollarni cho‘ntakka sola olasan?

Sen va senga o‘xshagan 33 million uchun katta hashamatli loxotron qurilgan.

Topganingni olib borib ber. Keyin xotining kun bo‘yi dalada to‘nqayib ishlab, senga papiros puli olib kelib bersin.

Sen lox divanda yotib, serial ko‘r. Yana kechqurun xotinning ustiga sakrab chiqib, bo‘g‘oz qil. Loxotron uchun churvaqa ko‘paytir. Keyingi 9 oyda O‘zbekistonda olti yuz o‘n to‘rt ming bola tug‘ildi. Bundan loxotronchilar xursand. 20 yildan keyin ham ularning ishi to‘xtamaydi.

QOTILLIK QISSASI

Cho‘lpon ustidan kim chaquv yozgani, kim uni otish uchun tepkini bosgani noaniq. Lekin Andrey Kubatin ustidan donos yozgan Joniev Muzaffardir. Islom akademiyasi doktoranti.

Jurnalist Xana Arendt o‘zining  “Banalnost zla” kitobida sobiq SS obershturmbanfyureri Adolf Eyxman ustidan sud jarayonini tasvirlaydi. U yahudiylarni yo‘q qilish bo‘yicha katta amaliyotga boshchilik qilgan. Yahudiylarni o‘lim lagerlariga jo‘natish uchun shaxsan buyruqlar bergan, u yerda ularni gaz bilan zaharlab o‘ldirishgan.

Arendt o‘z kitobida Eyxman sadizmga moyilligi yo‘q bir oddiy odam bo‘lganini ta'kidlaydi. U taqvodor, namunali oila egasi, besh bolaning otasi bo‘lgan. Eyxmanning sud jarayonidagi bergan ma'lumotlardan kelib chiqilsa, u o‘z qilmishlarining qanchalik dahshat ekanini anglamaydi, unda qilmishi uchun javobgarlik tuyg‘usi bo‘lmagan. U shunchaki o‘z ishini bajargan. Uning uchun odamlarni  gaz kameralarida o‘ldirish uchun jo‘natish shunchaki odatdagi ish bo‘lgan.

Men qabihlikning banalligi haqida olim Andrey Kubatin ishi yuzasidan esladim. 37 yoshli Kubatin 29 oktyabr kuni shifoxonada koviddan vafot etdi. O‘limidan oldin u yovuzliklar qilish odatiy kasbi bo‘laroq, bu ish bilan muttasil shug‘ullanuvchi odamlar qo‘lida bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan.

Andrey Kubatinning opasi Klara hikoya qiladi:

“Andreyni 2017 yilning 25 martida hibsga olishdi. Uni avvaliga 15 sutkaga Panelniyga qamashdi. Go‘yo bo‘ysunmaslikda ayblashdi. Bu paytda uni bir necha bor MXX yerto‘lasiga olib tushishdi. Men har kuni u yerga borardim. Garchi bizni u yerga qo‘yishmasa-da, darvoza oldida kutardik, hech qursa kimdandir Andrey to‘g‘risida bilish ilinjida turardik.

Ukam yashagan Bektemir tumani Suvsoz mavzesida turuvchi bir yigit uni tergovga olib ketib, keyin chalajon qilib keltirishgani haqida gapirib bergandi. U hatto yurolmay qolgan. Urib, a'zoi badanini to‘kib tashlashgan. 

Uning aytishicha, birga kamerada bo‘lganlar Andreyning ustiga chopon tashlab qo‘yishgan va u bir sutka qimirlamagan. 15 sutka tugashi bilan Andreyni DXXning Gvardeyskiydagi hibsxonasiga olib borishgan. Bu yerda tergov davom etgan. Uni ko‘zimiz oldida olib o‘tishdi. Qora “Lasetti”ga boshini pastga qaratib tiqib olib ketishdi. Bu dahshat edi.

Andrey Kubatinga donosni Joniev Muzaffar yozgan. U hibs paytida ham shaxsan ishtirok etgan.

Joniev Muzaffar – O‘zbekiston islom akademiyasi doktaranti.

Keyin Gvardeysiyda 5 oy jahannam davom etgan. Birinchi tergovchi Doniyor Abdullaev unga kuch qo‘llagan. Jobur esa tergovni yakuniga yetkazgan. Shuningdek, uning yoniga loxmach Kunaevni o‘tirg‘izishgan. U mening ukamni do‘pposlab, buyragi va yurak a'zolarini urib ezib tashlagan. Yurak sohasida qon ketishi yuzaga kelgan. Shuningdek, krujka bilan boshiga urgan. Bir necha bor uni bo‘g‘gan. Bu odam haybatli gavdali va ruhiy nosog‘lom bo‘lgan.

Tarix institutidan kelgan ekspert ukamning adabiyotlari umumiy ochiq manbalardan olingani haqida xulosa berdi. Shunga qaramay, MXX o‘z amalini to‘xtatmadi.

O‘sha   kontorada ishlaydigan yana bir advokat bo‘lgan – Shahzod Sharipov. U himoya qilmaslikka, aksincha yana ham ko‘proq muddat qo‘shib berishlariga astoydil harakat qilgan va advokatlik xizmati uchun bizdan pul ham olgan. Ayiqlik xizmati uchun, deya ta'riflagandi ukam.

Keyin respublika harbiy sudida mahkama bo‘ldi. Andreyga “davlatga xiyonat” uchun 11 yil berishdi. Sudya Umid Shokirov. Sudya muhokama xonasiga kirish o‘rniga, foeega chiqib ping-pong o‘ynadi, keyin kirib 11 yillik hukmni o‘qidi. Aziz ismli MXX operi kelib ukamga, men qancha desam shuncha o‘tirasan, agar opang tilini tiymasa, sen bilan birga o‘tiradi degan”.

2019 yilning sentyabrida Andrey Kubatin oqlandi va turmadan ozod etildi. Salkam bir yildan so‘ng uning puturdan ketgan sog‘lig‘i koronavirusga dosh bera olmadi va 29 oktyabrda Andrey o‘ldi.

Tergovchilar, operlar, sudyalar va advokat Sharipov o‘zlarining odatiy ishlarini davom ettirishmoqda. Jinoyat ishlari uydirilmoqda, qiynoqlar, aldovlar bilan shug‘ullanishmoqda va ping-pong o‘ynashdan bo‘shaganlarida hukmlar chiqarishmoqda.

Xalq emish, kabobpaz, ana, “keling” der,

Ko‘zidek qizarib sixda chandiri.

Lunjqizil somsapaz piyoz qoradi,

Uyatdan qizarib, chatnab tandiri.

Xalqmi shu, birovning haqini gizlab,

besh-o‘nni yulishni poylab turganlar?

Xalqmi shu, nuroniy siymolar qolib,

soxta sumbatlarni siylab turganlar?

Xalqmi shu, xayolu orzularini,

O‘zidan balandroq tiklolmaganlar?

Xalqmi shu, xalqining nomidan so‘zlab,

mingdan bir va'dasin oqlolmaganlar?

Xalq ulkim, o‘zining peshonasida,

Yulduzlar borini bilsa, quvonsa!

Xalq ulkim, g‘ururi bo‘lsa o‘zida,

aslga ishonsa, soxtadan tonsa!

IJTIMOIY LIFT

Bir paytlar sovetlar davrida ijtimoiy lift degan mexanizm bo‘lgan. Deylik Buxoroning Olot tumanidagi it topmas maktabda matematika o‘qigan bola olimpiadada yutib, Moskvadagi matematika internatiga o‘qishga borib qolardi. Oxirida bu bola Fanlar akademiyasida ishlab Moskvada uyli-joyli bo‘lardi. 

Toshkentdagi amaldor yozuvchi-shoirlar ham turli qishloqlarda inshodan besh olgan bollar. SSSR qulashi bilan bu lift ham quladi. O‘zing uchun o‘l yetim, degan zamon keldi. Inshodan besh, matematikadan olti olsang ham institutga ikkichi o‘g‘rining bolasi kirdi.

Ammo xuddi shu paytda O‘zbekistonda AQShning “Grin kard” lotereyasi o‘ynala boshlandi. Bu ham o‘ziga xos lift edi. Yiliga 5000 o‘zbek oilasiga yutuq chiqadi. Oila a'zolarini kamida 4 kishi desak (er, xotin, ikki bola), demak kamida 20000 kishi AQShdan boshpana oladi. Uyli, elli, molu mulkli bo‘ladi. Hisobida million dollari yoki ikkitadan uyi bor o‘zbeklar Amerikada minglab.

Yaxshiyam Amerika kabi demokratik va bag‘rikeng mamlakat bor dunyoda. Tarozining bir tarafiga Somali, Suriya, Afg‘oniston kabi cho‘pchak, yolg‘on, korruptsiya va jinoyatlar kontsentratsiyasi bo‘lgan davlatlarni qo‘ysak. Bir tarafiga G‘arb va AQShni qo‘yamiz. 

Kim nima desa, og‘zida deyaveradi. Og‘izning o‘lchovi yo‘q. Lekin amalda O‘zbekistondagi afkor omma xuddi magnitga tortilgan kabi AQShga intiladi. O‘tgan yili 2 million, bu yil esa undan ham ko‘p odam “Grin kard” o‘ynadi.

Suriyaga ketib, o‘zimni bangillataman deganlar soni 20 ming atrofida. 2 million qayda-yu, 20 ming qayda? Xazon.o‘z kabi saytlar IShIDni maqtagani bilan odamlar aqliga tayanib G‘arbni, Ochiqlikni, Demokratiyani, Dunyoviylikni va Erkin matbuotni tanlamoqda. 

Ular faqirligim – faxrim, deya chuvrindi bo‘lishni emas, boy va badavlat yashashni tanlashmoqda. Bugun tagi o‘zbek amerikaliklar prezident saylaydi. Tramp akanimi yoki Bayden tog‘ani. Tanlov ularniki. Yaxshiyam tanlov bor. Tanlovsiz davlat qanday qilib enasining teshigiga kirganini O‘zbekiston misolida ko‘rib turibmiz. Dollar degan hammamiz uchun aziz pulning ustida yozilgani kabi “IN GOD WE TRUST”. Yaratgan Amerikani qo‘llasin.

AMYeRIKADA SAYLOV

Har yili 5000 o‘zbek oilasiga boshpana beradigan Amerikada saylov.

Egasi bor yurtning ertasi bordir. AQSh saylovidan xulosam shu. Egasiz yurt turg‘unlari sargardonligini ko‘rib turibsiz o‘zingiz.

1804 yili olamdan o‘tgan nemis faylasufi Immanuel Kant  aytganidek, erkin ovoz berish salohiyati vatandoshni qo‘ydan farqli qiladi.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ming yillardan beri shu qo‘ylarni so‘yib yeymiz. Ular yo‘qolib ham ketmaydi. Ko‘payib yotaveradi. Masalan, Turon yo‘lbarsini pishirib yemaymiz. Lekin u allaqachon yo‘qolib ketgan.

Yana Amerika,

Uchinchi noyabr,

Nyu-Gempshir,

Sakson ming odam.

Tramp taxti bilan

Xayrlashmoqda.

Qarshisida raqib,

Mikrofon bu dam.

U so‘ng so‘z aytmog‘i

Kerakdir taxtga,

Keyingi umriga

Esa  so‘zboshi.

Amerikani seving,

Seving, dedi u.

Seving, dedi

Ko‘zida yoshi.

NIMA BIZGA AMYeRIKA?

AQShdagi Demokratik partiya timsoli eshak. Respublikachi partiya timsoli esa fil. Shu ikkala hayvonni ham yeyishlik joiz emas. Ammo eshakning eti harom bo‘lsa ham mehnati halol-ku. 

Kechagi O‘zbekistonda “Buyuk kelajak”, “Hech kimga qaram va hech kimdan kam emasmiz” degan shiorlar bo‘lgich edi. Bu shiorlar oldingi prezidentga qo‘shilib go‘rga kirdi. 

Yangi O‘zbekistonda esa “uchinchi renesans” degan shiorni naqorati bilan yod oldik. Bunday o‘ylab qarasam, “Biz zo‘rmiz hammadan. Eng uyatchan, eng iboli, eng halol, eng bolajon, eng ishchan, oshni o‘rmalatib yuboradigan darajada mohir oshpaz va hokazo”, degan gaplar boshlanganiga ham 100 yilga yaqinlashibdi. Mana bu she'rni 1932 yili Hamid Olimjon yozgan.

NIMA BIZGA AMYeRIKA!

Nima bizga,

Amerika?

Nima bizga

Uning sur'ati.

Uning tezlikligi,

Kuchi,

Quvvati.

Uning shijoati,

Uning g‘ayrati.

Mana biz

Shu qisqa muddat ichida

Shunday tezlik bilan

Yetdik-ki,

Shunday gigantlarga

Ketdik-ki,

Hatto

O‘ylay olmas

Uning fordlari,

Uning rahbarlari,

Uning lordlari.

Bulutlarga

Bosh chiqargan

Amerika

Mana!

Mana o‘sha

Badmast gavda,

Qarri tantana,

Bukun shunday:

Asabi

Buzilgan

Tomiri

Tolgan.

Go‘shtlar

Erib tushgan,

Bir suyak qolgan.

Ildizi chirigan

Bir chinor kabi

Qattiq shamollarga

Bo‘yin egadi.

Bulutlardan

Kulib boqqan

U mag‘rur tana

Bir karra

Yerga tegadi.

Zavodda

Ish ko‘rgan

Bechora ishchi,

Ertangi

Qora kun

Tushin

Ko‘radi

Ertangi

Ishsizlik

Ashulasini

Oqshomgi uyqudan

yodlab turadi.

Rangi so‘lg‘un uning,

Dilida — alam

Yuragini

Ezayotir

Juda og‘ir

G‘am.

1934 yili yozilgan bu satr, ya'ni minglab ishsizlar haqidagi jumla bugungi O‘zbekiston realligi bo‘lib turibdi.  Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyiga ish izlab kelgan qorako‘zlar…

Butun dunyoga rekord darajada oltin sotayotgan shahar… Yaxshiyam Amerika bor. Bularning bir qismi “Grin kard” yutib, ishsizlik degan darrdan forig‘ bo‘lishi mumkin.

Mashina o‘g‘risi

Amerikada kofe finjonini  to‘nkarib, yo Tramp, yo Bayden deb fol boqilayotgan, Vena terror xujumiga uchragan bir paytda samarqandlik tog‘a o‘zining sevimli “Jentra”sini yuvdirib yarqiratish uchun Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘oni Sayqal ko‘chasida joylashgan avtomashinalarni yuvish shoxobchasiga keldi.

“Jentra”ning “Ë Ali” degan tumor osilgan kalitini 25 yashar yigitga berib, palon so‘mlik qilib yuv, dedi. Amaki bir chetga borib smartfonda Asalhoniylarini tomosha qilib o‘tirdi.

Yuvg‘uchi bola “Jentra”ni yuvib-tarab, mehri tushib qoldi. Kalitni burab, moshinni minib, mingga qo‘yib qochdi.

Buni ko‘rgan tog‘aning gemorroyi irg‘idi. Shakari tushdi. Astma tutqanog‘i tutib og‘zini suvsiz qolgan laqqa baliqday kappa kappa ochib yumdi. Keyin quladi o‘ng tomonga. Yaxshim o‘ng tomonga quladi. Mabodo chapga qulaganda naryoqqa ketvorardi.

Ammo shahar bedarvoza emas. Bo‘lib ham Samarqand. O‘g‘rini quvlab ketishdi. Ikkita milisa moshin quvdi. O‘g‘ri qochdi. Samarqand Amir Temur zamonidan beri bundayin qochdi-quvdini ko‘rmagan edi. Mana, nasiba ekan, buni ham ko‘rdi zavolli Samarqand.

Samarqand shahri IIO FMB xodimlari  o‘g‘irlangan “Jentra”ni majburiy tartibda to‘xtatdi  Shunga qaramay, o‘g‘ri IIO FMB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, o‘zi olib qochgan avtomashina eshiklarini ochmasdan, undan tushishdan bosh tortib o‘tiraverdi.

Mashinaga mehri mantiqdan ustun keldi. Ëmon o‘jar bola ekan.

Milisalar bitta tosh bilan moshina oynasini sindirib, eshikni ochib, anavi o‘g‘ri bolani sug‘urib olishdi.

Ikki milisa ushlab turdi. Bittasi o‘g‘rining qorniga tepdi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘g‘ri qamoqda. Biror o‘n yil o‘tiradi endi u.

Moshinasi qaytarilgan tog‘aning gemorroyi yana irg‘ib joyiga tushdi. Nafas olishi yaxshilandi. Yuziga qizil yugurdi. Ko‘zi namlanib, “mendan qaytmasa, xidodan qaytsin, ako mirshablar”, deb duogo‘y bo‘ldi. Oyna yerunda. Ana shunaqa gaplar. AQShda esa haliyam kim prezident ekanini birov bilmaydi.

IZMIR MARShI

Bundan ancha yil ilgani umrimda ilk bora Turkiyaga safar qilgandim.  Qo‘nalg‘adan qalqqan uchoq Istanbulga qarab yo‘l oldi. O‘sha paytda endi chiqqan Tarqan qo‘shiqlari yangrab turgan layner ichida orziqqan holda o‘tiribman Istanbulni ko‘raman, deya. Ammo nimadir bo‘lib uchoq Izmirga bir muddat qo‘nib turdi. Bizni uchoq salonidan tashqariga chiqarishmadi.

Bir oz so‘ngra uchoq qalqib, Istanbulga ketishga hozirlanayotgan edi.

Men esa tezroq saljuq bobolarim fath etgan zaminga oyoq qo‘yishni istar edi.

Pilotning oldiga borib, tashqariga chiqib birpas tursam maylimi, deb so‘radim. Yo‘q, mumkin emas, degan uchuvchi menga qarab istagim sababini so‘radi.

Men kichik paytimda Izmir marshini eshitganimni va bu shaharga qachon bo‘lmasin borishni orzu qilganimi aytdim. Pilot gapimdan ta'sirlanib, Izmir marshining dastlabki ikki misrasini aytdi:

Izmir tog‘larida chechaklar ochar,

Oltin quyosh unda nurlarin sochar.

Qolganini men aytdim:

Izmir tog‘larida bomba qo‘ydilar,

Turkning sanjog‘ini o‘ngga qo‘ydilar.

Pilot qitmirlik qilib mikrofonni yoqib bu aytishuvni salonga translyatsiya qildi. Issiqda uchoq qalqishini kutayotgan asabiy yo‘lovchilar yuziga nur yog‘ildi, ba'zilari naqoratga qo‘shildi.

Pilot eshikni ochib, narvon chaqirdi va istisno o‘laroq mening Izmir zaminiga oyoq qo‘yishimga ko‘makchi bo‘ldi.

Dengiz havosi esadi Izmirda, buni borganlar biladi.

Yunoncha “Smirna” degan nomning turk lahjasidagi shakli bu asli Izmir.

Qadim ellinlardan qolgan sig‘inoqu mozorlar shahri, Turkiya jumhuriyatchiligi, liberal demokratiya va hurriyat tamali bo‘lgan go‘zal oshiyon bu Izmir.

Bugun Izmirni eslashimga sabab shuki, bu shaharda yuzdan ziyod odam o‘limiga sabab bo‘lgan zilzila ro‘y berdi. Yer qimirlash ofatini toshkentlik va navoiyliklar yaxshi biladi. 

Izmirliklar bu ofatni yengishiga ishonaman. Uch kun davomida betonlar orasida qolgan bir chaqaloq qutqarildi. Hislarimni shoir Kamoliddin Kamu she'ri bilan ifodalayman:

 Ona! Dengiz qani? Ko‘shkimiz nerda?

Mana, ketajakmiz Izmirga deya.

Meni uxlatarding tizzangda, ona!!!

O‘tkan yil opam ham shunday der edi.

Bu bahor Izmirga o‘rdu kirmasa,

Men bu so‘zlarga aldanmay, ona.

Yashil bir bahorga ko‘mildi tog‘lar,

Bulbulli bog‘chalar, uzumli bog‘lar

Kimlarning qo‘liga tushdi-ya, ona!

U bog‘lar qaerda, bog‘chalar nerda?

Har oqshom quyoshning botdig‘i yerda,

Ko‘zlarim Izmirni izlaydi, ona!!

Hozir bir qush bo‘lsam, qanotim bo‘lsa,

Izmirga ketar yo‘l agar bu bo‘lsa

Bir boshimni olib ketardim, ona!!

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2015
Paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazish maqsadida “Alyans” inson huquqlari lideri Yelena Urlaeva bilan 2015 yilning 27 ...
26 yanvar 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 38-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Hayot – ilmdir. ...
1 noyabr 2016
Dalalarda umuman paxta qolmaganiga qaramay haliyam odamlar paxta terib kelish uchun bo‘m bo‘sh dalalarga jo‘natilayapti deydi, Eltuz.comning Farg‘ona viloyatidagi ...
11 avgust 2020
O‘zbekiston Senatining 7 avgust kuni ochilgan oltinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboeva mamlakatda korruptsiya avj olganini ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...