Turar joyga egalik huquqi buzilishiga qarshi petitsiya
Londonlik tahlilchi Alisher Ilhomov 14 may kuni O‘zbekistonda mulkka egalik huquqlari buzilayotgan, ayniqsa, uylaridan ommaviy ko‘chirilayotganlar muammosi yuzasidan petitsiya-murojaatini e'lon qildi.
Keyingi ikki yilda O‘zbekistonda inson huquqlari birmuncha yaxshilangani, biroq turar joyga egalik huquqlari nuqtai nazaridan ahvol Karimov davridagidan-da yomonlashgani bildiriladi, jumladan, murojaatda.
Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab uylarning noqonuniy buzilishidan o‘n mingtacha odam jabr ko‘rgan. Aksariyat sharoiti yaxshi bo‘lgan uylar o‘rnida ko‘p qavatli uy qurib sotish maqsadida buzilmoqda. Buzilgan uylarning egalari esa munosib tovon puli olishmayapti.
Alisher Ilhomovning fikricha, bu qabilda mulkka egalik huquqlarining buzilishi, daraxtlarning kesilib, atrof-muhitga zarar yetkazilishi hukumatdagi korruptsiya, pul yuvish sxemasi va manfaatlar ziddiyati bilan bog‘liqdir.
O‘zbekiston hukumati Germaniyadan yangi investitsiyalar kutayotgani ehtimolidan kelib chiqib, buning evaziga janob Mirziyoevga mamlakatda turar joy, ekologik muammolar va mulkka egalik huquqlari vaziyatini yaxshilash shartlari eslatilishi kerakligi bildiriladi.
Petitsiyaga tegishli imzo yig‘ilgach, Germaniya federal prezidenti Frank Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi chog‘i topshirilishi ko‘zlangan.
Elektron petitsiyani ushbu link orqali imzolash mumkin.