RTdan va'z: Pul uchun OPEN
Mana, dengiz bo‘ylarida dam olib, qaytib keldik yana ishlashga. Biz dam olgan paytda O‘zbekiston prezidenti qattiq ishlabdi. Ëmonam qattiq ishlab tashabdi. Hokimlarni tergab, blogerlardan kechirim so‘rashga majbur qilibdi. Mosholloh. Bunday prezident qayda bor?
Biz ishga chiqsak, prezident dam olishga ketvoribdi. Dam olsin-da endi. Bosh vazir bo‘lib 14 yil ishlaganida ham, prezident bo‘lib uch yildan beri lavozimda o‘tirganida ham hech dam olmadi. Asalari kabi tunu kun ishlaydi. It tinsa tinadi, qush tinsa tinadi, lekin prezident tinmaydi. Yaxshi dam – mehnatga hamdam.
Biz ham otpuskaga ketishdan oldin Berlinda yig‘ilib rejalarni belgilagan edik. Kechqurun Berlin ko‘chalarini sayr qilib yursam, nemisga erga tegib, uvali-juvali bo‘lib ketgan o‘zbeklarni ko‘rdim. Bir paytlar «Pona.o‘z» degan saytni yuritganimda berlinlik Olimjon ismli muxbirimiz nemisga oshiq o‘zbeklar haqida bir narsalar yozvoruvdi.
Bu Olimjon degani o‘sha paytda tuppa-tuzuk blogger bo‘lgan ekan – buni na Tuz, na el bilibdi. Hozir to‘ylarda jurnalistlarni tashqariga haydab yuborib, ichkari uyda blogerlarning oldiga qazili palov qo‘yishmoqda.
Qazi – bu o‘zbek viagrasi, deyishadi o‘zbek erkaklari. Ammo negadir o‘zbek qizlari nemisga oshiq.
Xullas 10 yil oldin yozilgan matnni o‘qisak.
Berlin markazidagi Gezuntbrunen (shifoli buloq) mavzeidagi internet kafeda o‘tirirarkanman, qulog‘imga o‘zbekcha ovoz eshitildi.
Tanishga o‘xshadir ovozing sening…
Mendan sal narida 40 yoshlardagi bir o‘zbek opaxon yonida bo‘yi yetgan qizi bilan kompyuter oynagiga intiqlik bilan tikilib o‘tirishar edi.
– Mama, ya uje ustala, boshqa qidirgim kelmayapti. – Onasi bo‘lsa unga dalda beradi.
– Qizim, yana bir qidirib ko‘rgin, zora sanga loyiq toparmon-tuparmon bir nemis kuyov chiqib qolsa.
Ona bilan qiz internetdan nemis er izlashar edi. Nemis er degani ham anqoning urug‘i shekilli, ha deganda topilavermadi. Hammaga yor uchrasa – menga ag‘yor uchradi…
– Qizim o‘sha Gans degani tuzuk edi. Gapimga quloq solib o‘shanga tegib ketavermading-da.
– Opa, man sizga etvomman-u. U qari. Keyin biror bir tayin ish joyi ham yo‘q ekan. On sotsiale sidit. Ya yego ne xochu. – Ona bechora qiziga gap uqtiradi.
– Hecham Gans qari emas. Bor yo‘g‘i 55 da. Erkak odam tuproqdan bo‘lgan. Suv quysang yashnayveradi. Samiy glavniy – on nemets. Tushundingmi, g‘alcha?
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglim pisand etmas…
Internet kafedagi suhbat mavzusi menga tanish. Nemis er izlab Toshkentdan Germaniyaga qarab yo‘lga chiqqan ona qizlarni bundan oldin ham uchratgan edim. Bir kuni yaqin bir tanishim qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
– O‘zbekistondan ikki kishi kevotdi. O‘shalarni kutvosang…
Berlin vokzalida tanishim aytgan ikki kishini kutvoldim. Bular yunusobodlik Lazokat opa degan ayol va uning qizi Dilfuza ekan.
Salom-alikdan keyin ular olib kelgan zil-zambil chamadonlarni ko‘tarib, mashinamni park qilgan joyga shoshildim. (Agar shoshmasam naq 70 qo‘qon jarimaga tushardim). Mashinani ko‘rib Dilfuza burnini jiyirdi.
– Voy, namuncha isqirt buningiz, – onasi bo‘lsa qiziga tanbeh berdi. – Unaqa demagin, har holda inomarka-yu bu.
Mening e'tiroz bildirishga vaqtim ham, xohishim ham yo‘q edi. (Umuman, Dilfuzaning gapi to‘g‘ri. 1989 yili chiqqan AUDI to‘kilay-to‘kilay deb turar edi).
Yo‘lda ularning muddaosini bilvoldim. Dilfuzani bundan olti oy oldin ippodromda savdo qiluvchi, Qo‘yliqda turadigan bir yigitga erga berishgan ekan. Uch oy yashab, uyga qaytib kepti qiz boyaqish.
– Iloyim og‘zidan qoni kelsin u yashshamugurni. – Lazokat opa sobiq kuyovini qarg‘ar edi.
Xullas, bir erga tegib chiqqan qizgina yana erga tekkisi kelibdi, ammo bu safar nemisga.
Men sevaman, sen sevasanmu?
Dilfuza internetda o‘tirib Haynrik degani bilan maslahatni mahsiga tiqibdi. Haynrik degani taklifnoma jo‘natibdi. Lazokat opa bo‘lsa qizini notanish erkaknikiga yolg‘iz yuborishdan qo‘rqib, o‘zi ham birga kelishga qaror qilibdi.
– Haynrik chipta biletining pulini to‘ladimi? – deb so‘rayman Lazokat opadan.
– Yo‘q, u nemis-ku. Hisob-kitobli xalq. Dilpuzni ko‘rsin, yoqtirsin, zagsdan o‘tsin, ana undan keyin chipta pulini kampensatsiya qilarkan. Lazokat opa gapini tugatarkan, qizi tarafga qarab, ko‘zini qisib, hiringlab kuldi. Qiz uyalganday bo‘lib, qoshini chimirdi.
– Opa, perestan.
Nemis chiqdi o‘rmondan…
Haynrik degani Berlindan 80 km uzoqdagi Shtrausberg degan qishloqda yashar ekan (bir kolxozda).
– Shu, sizlar S ban (elektrichka) bilan yetvolsangiz. Nima deysiz, – deb kalovlandim, benzin narxini andisha qilib.
– Voy, Olimxon ukaginam. Nima devossiz. Yalab-yulqab boqqan qizimni poezga solib oborib, kuyovning qo‘liga tutqazarkanmanmi. Uka bizda ham qolib ketmas…
Kartani olib Shtrausbergga boradigan yaqin yo‘lni qidirdim. Haynrik degan nemis o‘rmon ichidagi qishloqda yashar ekan.
Ishqilib, propkaga tushmasak bo‘ldi.
Ërim ketaman deydi, ketkizgali qo‘ymayman
Haynrikka telefon qildik. Telefonda saksoniya lahjasida g‘o‘ldiragan bir ovoz keldi. Xullas, Haynrik bizni Rathauz (selsovet) oldida soat 4 da kutadigan bo‘ldi. Berlindan Shtarusberggacha 40 minutlik yo‘l. Soat esa 2.
– Kuyov to‘raning ishi bor ekan. 4 da bo‘shar ekan.
Bir chetga chiqib tamaddi qildik. Lazokat opaning sumkasidan qazi, patir va sovib qolgan somsalar chiqdi.
– Voy, esim qursin, Shafaat opamlar (maning ammam) sizga manavuni bervoruvdilar. Lazokat opa qo‘limga zarchava solingan paketni tutqazdi (zarchava oshni sariq qiladigan ziravor).
Tuya hammomni orzu qilibdi
Nihoyat, rathauz oldida Haynrik (nemis kuyov) bilan uchrashdik. Haynrik degani bo‘yi ikki metr, yuziga sepkil toshgan bir galvars ekan. O‘rmonda o‘rmonchi bo‘lib ishlar ekan. Qo‘ltig‘ining tagi terlaydi shekilli. Sasib yotibdi. Ësh 46 da. O‘tgan yili xotini bilan ajrashibdi. (Xotini qutulganiga shukr qilayotgandir).
Dilfuza Haynrikka qarab inglizcha bir-ikki og‘iz gap qildi. Lazokat opa bo‘lsa bo‘lg‘usi kuyovni ruscha kalimalar bilan siyladi. Haynrik degan galvars nemischaning sakson shevasidan bo‘lak biror tilni bilmas ekan. Tilmochlik vazifasi ham kamina zimmasiga tushdi.
To‘g‘risi, Dilfuzadek yoqimtoy, oliy ma'lumotli qizning shu galvars Haynrikka tegishini hech istamas edim.
PMJ !!! Qanday shirin so‘z bu
– Uka, boshshi og‘ritmang. Bizga PMJ kerak, PMJ. Lazokat opa manga qarab qo‘lini sarak-sarak qildi.
PMJ degani Germaniyada doimiy yashash huquqi. Nemis erkakka tegasan – ana shu huquq sohibi bo‘lasan. Nemis erkaklari haqida Lazokat opa tasavvuri: – Nemis erkak rashk qilmaydi. Hatto kelin bola qiz chiqmasayam xafa bo‘lmaydi. – Nemis erkagi chidamli bo‘ladi. Xotinparvar bo‘ladi.
“Maning bir elchixonada ishlaydigan dugonam oldin pokistonlik bilan yurdi. Ozgina erga tekkanday bo‘ldi. Hatto undan bola ham orttirdi. Parallelniy bir nemis bilan ham osh-qatiq bo‘ldi. Oxirida baribir nemisga tegdi. Tak chto, o‘zbek ayoli uchun nemisdan yaxshisi yo‘q”.
“O‘zbek-chi, o‘zbek?” deb so‘rab baloga qoldim Lazokat opadan.
“Ha ordona qolsin o‘zbek erkaklari. Hammasi ammamning buzog‘i. Na oila boqishga yaraydi, na boshqa ishga. Uzzukun choyxonada. Maning erim Ukrainaga pul topaman deb ketganicha 4 yildan beri daragi yo‘q. Kuyovim esa qizim bilan qo‘shilishga ham kuchi yetmadi. Hezalakmi nima balo…”.
Gapning uyog‘ini eshitmasdan, ona-bolani nemis qishlog‘ida qoldirib Berlinga qaytdim.
Pul uchun OPEN
Berlinga oqshom payti kirib bordim. Shaharga kiraverishda bir uy-mashina oldida bir fohisha qiz tizasini yalang‘och qilib turar edi. Uy-mashina ustida OPEN degan yozuv yoniq turar edi. Mashinani sekinlatib qizga savol berdim:
– San qaysi millat bilan qo‘shilishni istaysan?
– Cho‘ntagida puli borini istayman. Millatining farqi yo‘q.
Ana shunaqa – puling bo‘lsin. Puling bo‘lsa xaltada – dam olasan Yaltada.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com