Asosiy mavzular
9 iyun 2020

Asakadagi avtozavod mexanigi karantinda ko‘richakdan o‘ldi

“Uzauto Motors”ning Asakadagi zavodida avtobuslar garajida navbatchi mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli Ahrorbek Sayfiddinov ko‘richakning zo‘rayishi oqibatida 3 iyun kuni operatsiya stolida o‘ldi.

Voqeadan o‘n kun burun navbatchilikda bo‘lgan mexanik Ahrorbek Sayfiddinov mazasi yo‘qligi, qorni va belida og‘riq paydo bo‘lganini aytib ruxsat so‘raganida uyga ketishga izn berishmagan.

Buning o‘rniga zavod sanitariya qismi shifokori unga uch kun mobaynida og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, baralgin berish bilan kifoyalangan. Bemorning ko‘richagi yiringlab, oshqozoniga o‘tganidan so‘ng uyiga jo‘natishgan.

Bu haqda Sayfuddinovning o‘z ismini ochiqlashni istamagan hamkasbi, “Uzauto Motors” zavodi ishchisi “Eltuz”ga 8 iyun kuni gapirib berdi.

Uning bildirishicha, karantin davrida joriy qilingan qoidaga ko‘ra, ishchilar 15 kun zavodda yotoqda, 15 kun uyda qolib, almashib ishlashmoqda.

Zavod sanitariya qismida ham ikki vrach – bir ayol va bir erkak xodim almashib ishlagan. Tez yordam chaqirish o‘rniga ular og‘ir bemorni ishda saqlab o‘tirishgan.

“Eltuz” Sayfuddinovning yaqinlari bilan bog‘landi. Ular ham o‘lim tafsilotlarini tasdiqlashdi. Marhumning bevasi, 42 yoshli Nasiba Bozorboevaning “Eltuz”ga aytishicha, 15 kunlik navbatchilikda qolgan eri ahvoli og‘irligidan, ishtahasi yo‘qligidan shikoyat qilgan.

“Karantin bo‘lgani uchun uyga javob berishmayapti, dedi. Arafa kuni boshlangan. Og‘riq qoldiradigan dorilarni ichib yurgan. Javob berishmabdi unga. Karantinda vahima bo‘lib ketadi, deb qo‘rqishibdi. Keyin og‘riq zo‘raygan. 30 may kuni ukasini chaqirib, berib yuborishgan. Asakaga, “shoshilinch”ga olib borishdi keyin. Avvaliga og‘riq qoldiradigan ukol qilib qo‘yvorishdi. Keyin yana olib bordik o‘sha yerga. O‘tkazib yuboribsizlar, bu kamida 10 kunlik kasal, ko‘richak yorilib, yiringlab, ichki a'zolariga ham o‘tib ketgan, deyishdi. 3 iyun kuni narkoz ostida operatsiya stolida o‘ldi keyin”, dedi marhum mexanikning bevasi.

Maqola chop etilishidan oldin «Eltuz» 8-9 iyun kunlari “Uzauto Motors” matbuot markazi va koltsentr telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi.Telefonni ko‘targan shirkat matbuoti xizmati xodimasi iltimosiga ko‘ra, Ahrorbek Sayfiddinov o‘limiga oid savollar “Uzauto Motors” matbuot xizmati telegram mesenjeriga jo‘natildi. Lekin hozircha javob olingani yo‘q. Bundan oldin “Ozodlik” radiosi “Uzauto Motors” avtomobil zavodi ishchilari koronavirus xavfi sabab yotib qolib ishlashayotgani haqida xabar qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 mart 2018
Sorri, albatta, biroq men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak? Hozir to‘y an'analaridan, ayniqsa badavlat ...
8 dekabr 2023
Taralgay mushk ila anbar, Ko‘chamdan Salim  o‘tganda, Izida tuproq o‘lgay zar, Ko‘chamdan  Baxtiy o‘tganda. Boshiga soyabon bo‘lmoq Umidida oshib ...
20 aprel 2018
Kollej o‘quvchisini urgan urganchlik o‘qituvchi Zebo Nafasova 14 aprel kuni ishdan bo‘shatildi. Uning ishdan ketishiga oyoq kiyimi bilan o‘quvchini ...
5 oktyabr 2018
26 avgustgacha prezident devoni deb yuritilgan tuzilma endilikda prezident administratsiyasi deb atalmoqda. Shu adminstratsiya rahbar o‘rinbosari, prezident matbuot kotibi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...