Asosiy mavzular
9 iyun 2020

Asakadagi avtozavod mexanigi karantinda ko‘richakdan o‘ldi

“Uzauto Motors”ning Asakadagi zavodida avtobuslar garajida navbatchi mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli Ahrorbek Sayfiddinov ko‘richakning zo‘rayishi oqibatida 3 iyun kuni operatsiya stolida o‘ldi.

Voqeadan o‘n kun burun navbatchilikda bo‘lgan mexanik Ahrorbek Sayfiddinov mazasi yo‘qligi, qorni va belida og‘riq paydo bo‘lganini aytib ruxsat so‘raganida uyga ketishga izn berishmagan.

Buning o‘rniga zavod sanitariya qismi shifokori unga uch kun mobaynida og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, baralgin berish bilan kifoyalangan. Bemorning ko‘richagi yiringlab, oshqozoniga o‘tganidan so‘ng uyiga jo‘natishgan.

Bu haqda Sayfuddinovning o‘z ismini ochiqlashni istamagan hamkasbi, “Uzauto Motors” zavodi ishchisi “Eltuz”ga 8 iyun kuni gapirib berdi.

Uning bildirishicha, karantin davrida joriy qilingan qoidaga ko‘ra, ishchilar 15 kun zavodda yotoqda, 15 kun uyda qolib, almashib ishlashmoqda.

Zavod sanitariya qismida ham ikki vrach – bir ayol va bir erkak xodim almashib ishlagan. Tez yordam chaqirish o‘rniga ular og‘ir bemorni ishda saqlab o‘tirishgan.

“Eltuz” Sayfuddinovning yaqinlari bilan bog‘landi. Ular ham o‘lim tafsilotlarini tasdiqlashdi. Marhumning bevasi, 42 yoshli Nasiba Bozorboevaning “Eltuz”ga aytishicha, 15 kunlik navbatchilikda qolgan eri ahvoli og‘irligidan, ishtahasi yo‘qligidan shikoyat qilgan.

“Karantin bo‘lgani uchun uyga javob berishmayapti, dedi. Arafa kuni boshlangan. Og‘riq qoldiradigan dorilarni ichib yurgan. Javob berishmabdi unga. Karantinda vahima bo‘lib ketadi, deb qo‘rqishibdi. Keyin og‘riq zo‘raygan. 30 may kuni ukasini chaqirib, berib yuborishgan. Asakaga, “shoshilinch”ga olib borishdi keyin. Avvaliga og‘riq qoldiradigan ukol qilib qo‘yvorishdi. Keyin yana olib bordik o‘sha yerga. O‘tkazib yuboribsizlar, bu kamida 10 kunlik kasal, ko‘richak yorilib, yiringlab, ichki a'zolariga ham o‘tib ketgan, deyishdi. 3 iyun kuni narkoz ostida operatsiya stolida o‘ldi keyin”, dedi marhum mexanikning bevasi.

Maqola chop etilishidan oldin «Eltuz» 8-9 iyun kunlari “Uzauto Motors” matbuot markazi va koltsentr telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi.Telefonni ko‘targan shirkat matbuoti xizmati xodimasi iltimosiga ko‘ra, Ahrorbek Sayfiddinov o‘limiga oid savollar “Uzauto Motors” matbuot xizmati telegram mesenjeriga jo‘natildi. Lekin hozircha javob olingani yo‘q. Bundan oldin “Ozodlik” radiosi “Uzauto Motors” avtomobil zavodi ishchilari koronavirus xavfi sabab yotib qolib ishlashayotgani haqida xabar qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 mart 2019
Assalomu alaykum. Bugungi va'zni qo‘shiq bilan boshlasam. Mard yigit mehmonga ko‘ksini ochibnomardni mehmondan qochishin go‘ring… Bu qo‘shiq matnini 18-asrda ...
23 avgust 2017
Muhammad Solih shoir va siyosatchi. 1949 yil 20 dekabrda Xorazmning Urganch tumanida dunyoga kelgan. Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakulteti ...
22 noyabr 2018
Camarqandda 22 noyabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga bag‘ishlangan Osiyo forumi inson haqlaridan ko‘z yumilishi fonida kechmoqda. Paradoks shundaki, ...
4 may 2018
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 30 aprel kungi tashrifi chog‘ida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonni o‘z ota yurti deya ta'rifladi. «Ota ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...