Tizimdagi xatarlarni belgilab bergan ilk klaster
Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi?
O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar
Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga oid navbatdagi nashri tayyorlandi.
Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining amaliy ijtimoiy va siyosiy fanlar maktabi rahbari, kriminologiya professori Kristian Lasslett va O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamkorligida tayyorlangan ushbu nashrda klasterlar ortida turgan noshaffof shirkatlar, ularni o‘rganish natijasida olingan ma'lumotlar, paxta sektorining bu tarzda xususiylashtirilishi jarayonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar haqida so‘z boradi.
“Eltuz” sayti mazkur tadqiqotning asosiy jihatlari haqida o‘z o‘quvchilarini xabardor qilishni lozim topdi.
Tizimdagi xatarlarni belgilab bergan ilk klaster
2017 yilda prezident farmoni bilan paxta klasterlari tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Sirdaryo viloyatida pilot loyiha ish boshladi va “Bek” klasteri tashkil etildi.
Ushbu loyiha va “Bek” klasterini boshqarish huquqini olgan kompaniyalar tizimdagi xatarlar va uning zaif jihatlarini belgilab berdi. Bu jihatlar klaster tizimi katta sur'atlar bilan rivojlangan 2018-2019 yillarda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Prezident farmoni bilan “Bek” klasteriga 18 ming gektar sug‘oriladigan yer ajratib berildi. Lekin unda klaster bu yer uchun haq yoki ijara puli to‘lashi aniq belgilanmagan.
Shu bilan birga, farmon asosida klasterni boshqaruvchi kompaniya 2022 yil 1 yanvargacha bojxona yig‘imlaridan ozod etilgan. “Asakabank”ka esa klasterga imtiyozli kredit liniyasini ochish vazifasi yuklangan.
“Ushbu pilot loyihani moliyalashtirish uchun ajratilgan sarmoyaning umumiy miqdori, farmon ilovasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 165 million AQSh dollarini tashkil etadi”, deyiladi Power Briefs tadqiqotida.
Prezident farmoni boshqaruvchi kompaniyalarga ilgari fermerlarda umuman bo‘lmagan keng ko‘lamli moliyaviy erkinlik taqdim etadi. Xususan, ularga paxta mahsulotini erkin tasarruf etish, narx siyosatini o‘zi belgilash huquqi berilgan.
Tadqiqotda ta'kidlanishicha, farmonda pilot klasterni boshqarish uchun kompaniyalarni tanlash sohaga tegishli davlat idoralari takliflari asosida amalga oshirilgani aytilgan. Rasmiy tender yoki raqobatli tahlil o‘tkazilgani hech qaerda qayd etilmagan.
“Ko‘rinishidan, – deyiladi tadqiqotda, – bu O‘zbekiston Respublikasining ochiq va shaffof tanlov o‘tkazish sharti majburiy etib belgilangan “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuniga ziddir”.
Tadqiqot mualliflarining davlat idoralari taklifida nomlari keltirilgan kompaniyalar ro‘yxatini taqdim etish to‘g‘risidagi so‘roviga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi javob bermagan. Shuningdek, bu masalada prezident devoniga jo‘natilgan shikoyat ham javobsiz qolgan.
Farmonda ilk klasterni boshqarish mahalliy “Mirzaobod Universal Trade Cluster” MChJ bilan birgalikda uning biznes sheriklari “Trontex LP” va “Gratum Trading LP” xorijiy kompaniyalariga berilgani qayd etilgan. Ularning ikkalasi ham Shotlandiyaning mas'uliyati cheklangan shirkatlari hisoblanadi.
Shu o‘rinda bir eslatma. 2007 yildan so‘ng Shotlandiya mas'uliyati cheklangan shirkatlari (Scottish Limited Partnerships – SLP)dan turli iqtisodiy jinoyatlar va pul yuvishda keng foydalanila boshlangan.
Chunki SLPlarning moliyaviy hisobotlar topshirishi talabi deyarli bo‘lmagan va ular o‘z faoliyatini to‘liq moliyaviy va tashkiliy maxfiylik asosida yuritish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Buyuk Britaniya G‘aznachiligi va Houm-ofis tomonidan 2017 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlarda quyidagilar ta'kidlanadi:
“Ular (SLPlar) jinoyatchilar uchun juda jozibadordir. Chunki Shotlandiya shirkatlar qonunchiligiga ko‘ra, SLPlar sheriklardan alohida yuridik shaxs bo‘lib, boshqa shakldagi firmalardan farqli o‘laroq, moliyaviy hisobdorlik va shaffoflik borasidagi majburiyatlari juda kam”.
2017 yilda o‘tkazilgan huquqiy islohotlar natijasida SLPlarga kompaniyalar ustidan sezilarli nazoratga ega bo‘lgan shaxslarning reestrini taqdim etish majburiyati yuklandi. Biroq Buyuk Britaniya korporativ reestri bu ma'lumotlarni tekshirish vakolatiga ham, imkoniyatiga ham ega emas. Mohiyatan, bu tizim kompaniyalar qanday ma'lumot taqdim etsa, shungagina tayana oladi.
“Bu ma'lumotlardan “Trontex LP” va “Gratum Trading LP” aynan “Bek” klasterida qonunbuzarliklar orqali daromad ko‘rish maqsadida tuzilgan, degan fikr kelib chiqmasligini kerak. Biroq bu shakldagi shirkatlardan foydalanish noqonuniy faoliyat xatari mavjudligi nuqtai nazaridan xavotir uyg‘otadi”, deyiladi tadqiqotda.
Unda keltirilishicha, “Trontex LP” ham, “Gratum Trading LP” ham tegishlicha 2015 yil va 216 yilning sentyabr oylarida Edinburgda joylashgan “Global Advisors” kompaniyasi tomonidan ta'sis etilgan. Ularning yuridik manzili ham shu shaharda.
Xuddi shu manzil “Esperansa Group LP” kompaniyasiga ham tegishli. 2019 yilda o‘tkazilgan surishtiruv natijasida qo‘lga kiritilgan hujjatli dalillarga ko‘ra, “Esperansa Group LP” “Akfa Dream World” kompaniyasining 68,19 % aktsiyasiga egalik qiladi.
“Akfa Dream World” esa Toshkent shahrining hozirgi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev ta'sis etgan “Akfa Group”ning bir qismidir. “Gratum Trading LP” va “Akfa Group” o‘rtasida yuridik manzilining bir xilligidan tashqari yana birorta aloqadorlik mavjudligi aniq emas.
“Gratum Trading LP” ham, “Trontex LP” ham bitta bosh sherikka ega: “Greencircle Services Ltd” va “Lemford Business Solutions Ltd”. Bu ikkisi Markaziy Amerikadagi Belizda ro‘yxatdan o‘tgan qog‘ozdagi kompaniyalardir. Ular Shotlaniyada ro‘yxatdan o‘tgan qator shirkatlarni panaga tutishda fasad vazifasini bajaradi.
2018 yilning 6 noyabrida “Gratum Trading LP” va “Trontex LP” ularning nazorat paketlari “Intrus Alliance LP” va “Galore Trade LP” kompaniyalariga tegishli ekani to‘g‘risida ma'lum qildi. Bu kompaniyalar bir kunda, bir manzilda tuzilgan bo‘lib, Irlandiyaning mas'uliyati cheklangan shirkatlari hisoblanadi.
Prezidentning 2017 yilgi yuqorida qayd etilgan farmoni asosida “Gratum Trading LP” va “Trontex LP” “Bek” klasterini boshqarish huquqini olgandi. 2019 yil 30 sentyabrda “Gratum Trading LP” shirkati faoliyatini to‘xtatdi. Endi esa “Mirzaobod Universal Trade Cluster” “Bek”ning yagona boshqaruvchisi sifatida ko‘rsatilmoqda.
Diagram 2 “Bek” klasterini sheriklari va filiallari (2017-2019)
“Mirzaobod Universal Trade Cluster”ning egalari Ulug‘bek Sotiboldiev (87,44%) va “Bek Metal Production” MChJ (12,56 %) hisoblanadi. Sotiboldiev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining katta mansabdoridir. 2018 yilda u partiyaning Sirdaryo viloyati kengashi raisi bo‘lgan. Yaqinda esa u Oliy Majlis Senatiga saylandi. Shunday qilib, xatarlarni baholash nuqtai nazaridan Ulug‘bek Sotiboldiev siyosiy nufuzli shaxs hisoblanadi.
Klasterni boshqaruvchi kompaniyalarni tanlash jarayonining noshaffofligi, u prezidentning siyosiy partiyasidagi mansabdor va ikkita SLP nazoratidaligi, 165 million dollar hajmidagi ulkan investitsiyaning ularga ishonib topshirilgani – bularning barchasi noqonuniy faoliyat yuritishni boshqarish nuqtai nazaridan juda jiddiy xavotirga sabab bo‘ladigan omillardir. 2018 yilda klasterlar tizimining kengayishi xuddi shunday omillar bilan, lekin yanada kengroq ko‘lamda davom etdi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi qarori bilan yana 13 ta viloyatda umumiy yer maydoni qariyb 133 ming gektar bo‘lgan 17 ta klaster tuzildi.
“Xuddi pilot loyihada bo‘lgani kabi yangi klasterlarni boshqaruvchi kompaniyalar ham noshaffof jarayonda tanlangan ko‘rinadi. Chunki bu tanlov jarayonlari yuzasidan tegishli idoralarga yuborilgan so‘rovlar javobsiz qoldirildi”, deyiladi tadqiqotda.
Qarorda ko‘rsatilishicha, Moliya vazirligi boshqaruvchi kompaniyalarga ssuda taqdim etadi. 3 foiz stavkasida beriladigan bu qarzlar paxta xomashyosi yetishtirish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarning kamida 60 foizini qoplaydi.
Qolaversa, qarorda boshqaruvchi kompaniyalar taklif etgan loyihalarni qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit liniyalarini kengaytirish, 2020 yil 1 yanvargacha boshxona to‘lovlaridan ozod etish ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi qarorida paxta tozalash zavodlari va qabul qilish punktlari bino va inshootlarini klaster boshqaruvchilariga sotish majburiyati belgilangan. Lekin bu ko‘chmas mulkni xolis baholash, kelishuvning shaffofligi va adolatligini ta'minlash shartlari ko‘rsatilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 sentyabrdagi qarori bilan yana qo‘shimcha klasterlar tuzilib, ularning jami soni 58 taga, umumiy yer maydoni 463 836 gektarga yetkazildi. Xuddi avvalgi holatlardagidek, yangi klasterlarni boshqaruvchi kompaniyalar ular tomonidan tegishli davlat organlari bilan kelishilgan holda topshirilgan arizasi asosda tanlab olindi.
“2018 yil davomida yaratilgan mexanizmlar asosida fermerlarning xatarli vaziyatga tushib qolgani alohida xavotir uyg‘otadi. Ular o‘zlari shartnoma asosida munosabatga kirishadigan klasterlarni erkin tanlash huquqiga ega emasligi ularning o‘z shartlarini o‘tkazish imkoniyatini nihoyatda cheklab qo‘yadi…
Yuqori reja ko‘rsatkichlarini bajara olmagani sababli fermerlar yerlaridan mahrum bo‘lib qolishi mumkin”, deyiladi tadqiqotda.
Unda ta'kidlanishicha, klasterlarni boshqaruvchi kompaniyalar ochiq, shaffof va ijtimoiy mas'uliyatli bo‘lmasa, hozirgi boshqaruv mexanizmlari hokimiyatni suiiste'mol qilish va ehtimoliy qonunbuzarliklar xatarini sezilarli darajada oshiradi.
Eltuz