Rossiyaning “Starbank” banki bilan mojaro yoki klaster tizimida Yoqubjonovlar oilasining o‘rni
Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi?
O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar
Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga oid navbatdagi nashri tayyorlandi.
Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining amaliy ijtimoiy va siyosiy fanlar maktabi rahbari, kriminologiya professori Kristian Lasslett va O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamkorligida tayyorlangan ushbu nashrda klasterlar ortida turgan noshaffof shirkatlar, ularni o‘rganish natijasida olingan ma'lumotlar, paxta sektorining bu tarzda xususiylashtirilishi jarayonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar haqida so‘z boradi.
“Eltuz” sayti mazkur tadqiqotning asosiy jihatlari haqida o‘z o‘quvchilarini xabardor qilishni lozim topdi.
Rossiyaning “Starbank” banki bilan mojaro yoki klaster tizimida Yoqubjonovlar oilasining o‘rni
Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida tuzilgan klasterning asosiy boshqaruvchisi “Amudaryotex LLC” qo‘shma korxonasi hisoblanadi. Avvaliga 7000 gektar yerda dehqonchilikni boshlagan bu klasterning yeri keyinchalik 8 104 gektargacha kengaydi.
2018 yilda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida 6 400 gektarda tashkil etilgan klaster esa “Textile Technologies Group” tomonidan boshqariladi. Keyinchalik Mirzacho‘l (11 500 gektar), Arnasoy (8 400 gektar) va Bekobod (12 000 gektar) tumanlarida tashkil etilgan klasterlar ham uning boshqaruviga berilgan.
O‘zbekiston paxtachiligida klaster tizimi yanada kengayishi ortidan 2019 yilda yangi boshqaruvchi kompaniyalar paydo bo‘ldi. Ana shunday kompaniyalardan biri “Beshariq Tekstil” bo‘lib, u Beshariq tumanida 8000 gektar maydonda tashkil etgan klaster ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.
“Yuqorida nomlari keltirilgan har uchala boshqaruv kompaniyasi bir necha biznes vakillari orqali o‘zaro bog‘lanadi, – deyiladi Power Briefs tadqiqotida. – Qog‘oz izlar ulardan ikkitasi Rossiyaning “Starbank” bankining bankrotligi bilan tugagan moliyaviy mojarodan to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaat ko‘rganidan dalolat beradi”.
O‘zbekistonning turli hududlarida 6 ta klasterni boshqarayotgan bu uch kompaniyaning asosiy egalari sifatida Mirakbar Yoqubjonov, Murod Yoqubov, Agajan Avanesov va Vohid Ortiqov nomlari keltiriladi.
2013 yilgi xabarlarga ko‘ra, “Amudaryotex”ga Britaniyaning “Welroy Technology Limited” kompaniyasi tomonidan asos solingan. “Welroy Technology Limited” 2009 yil 24 martda Angliyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, uning yagona direktori va aktsiyadori Yangi Zelandiya fuqarosi Reychel Emi Erikson edi.
Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish markazi (OCCRP) ma'lumotlariga qaraganda, “Erikson izini topib bo‘lmaydigan turli offshor kompaniyalar ta'sis etishga ixtisoslangan Ian Teylorning sobiq ayol o‘rtog‘idir. Bu firmalar turli uyushgan jinoiy guruhlar, Sinaloa narkokarteli, Rossiyaning byudjetdan 230 million dollar o‘g‘irlagan amaldorlari, Shimoliy Koreya va boshqalar tomonidan foydalanilgan.
Erikson OCCRPga qator kompaniyalar uning qalbaki shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanilgan holda Londondagi 8 Shepherd Market manzili bo‘yicha ta'sis etilishini bildirdi. “Welroy Technology” ham dastavval xuddi shu manzilda ro‘yxatdan o‘tgan.
Buyuk Britaniya Oliy sudida bo‘lib o‘tgan sudga taqdim etilgan elektron maktubida Erikson shaxsiy ma'lumotlar o‘g‘irlanishi qurboni bo‘lganini ta'kidlaydi.
2016 yil 6 aprelda taqdim etilgan hisobotida “Welroy Technology Ltd” o‘zining 75 foiz aktsiyasi egasi Qirg‘iziston fuqarosi Mirakbar Yoqubjonov ekanini bildirgan. 73 yoshli bu shaxs O‘zbekistondagi “Metal Engineering Group LLC”ning ham yirik aktsiyadori hisoblanadi.
O‘zbekiston yuridik shaxslarining yagona reestrida ushbu kompaniya “Textile Technologies Group” (9,4%), “Salubris Vita” (9%), “Kalorama” (68,1%) va Mirakbar Yoqubjonovga (13,51%) tegishliligi ko‘rsatiladi.
2019 yilda “Amudaryotex”ning aktsiyalari “Welroy Technology Ltd”dan “Textile Technologies Group” qo‘liga o‘tdi. Shundan so‘ng “Welroy Technology Ltd” Buyuk Britaniya kompaniyalari reestridan “faol bo‘lmagan” kompaniya sifatida majburan o‘chirilgan.
“Welroy Technology Ltd” xuddi “Textile Technologies Group” kabi xorijiy investor sifatida ta'riflanadi. 2016 yilda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Textile Technology Group”ni Janubiy Koreya kompaniyasi deb e'lon qilgan edi.
Murod Yoqubov rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha Shveytsariyada 2019 yilda tashkil etilgan forum ishtirokchisi profilini yaratish uchun jo‘natgan rezyumesida o‘zini “Textile Technologies Group” va “Metal Engineering Group” egasi sifatida ko‘rsatgan.
Bungacha Yoqubov O‘zbekiston Markaziy bankida boshqaruvchining o‘rinbosari (2000-2003), keyin esa 30 yoshida MB boshqaruvi raisi maslahatchisi bo‘lgan (2003-2011).
Ayni paytda Yoqubov “Grant Thornton” xalqaro buxgalteriya kompaniyasi sherigi va “Uzpromstroybank” davlat korxonasi boshqaruv kengashi a'zosidir. Davlat organlari ma'lumotlariga ko‘ra, Yoqubov ilgari Qirg‘izistonning o‘zbek aslli fuqarosi bo‘lgan.
Keyingi tekshiruvlar Yoqubovning to‘liq ism-sharifi Murod Mirakbarovich Yoqubjonov ekanini ko‘rsatdi. Ya'ni u Mirakbar Yoqubjonovning o‘g‘li bo‘lib chiqmoqda.
O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyalardan tashqari Yoqubjonovlar oilasi Rossiyada bir necha firmalarga egalik qiladi. Bu firmalar ham “Amudaryotex LLC” va O‘zbekistonning “Genmark Furniture”, ya'ni “Metal Engineering Group”ning sho‘'ba korxonasiga kelib bog‘lanadi.
“Beshariq Tekstil LLC”ning 5,83% aktsiyasi aynan “Genmark Furniture”ga tegishli. Qolgan aktsiyalari esa Buyuk Britaniyaning mas'uliyati cheklangan shirkati bo‘lmish “Vertical Alliance LLP” (94,17%) tomonidan nazorat qilinadi.
Eng qizig‘i, bu kompaniya ham Yoqubjonovlarga tegishli “Welroy Technology Ltd” kabi bitta manzilda joylashgan. 2019 yildan boshlab uning asosiy egasi sifatida Rossiya fuqarosi Agajan Avanesov va uning yordamchi Vohid Ortiqov ko‘rsatilgan.
Avanesov bankrot bo‘lgan “Starbank”ning egalaridan biri va uning sobiq raisi hamdir. Rossiyaning “Novaya gazeta”si surishtiruvlariga ko‘ra, Avanesov va uning biznes sheriklari o‘zlariga tegishli kompaniyalarga qaytmaydigan katta miqdordagi qarzlar berish orqali bankni bankrot qilgan.
Xabarlarga ko‘ra, hozir Avanesov Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan jinoiy xatti-harakatlari uchun qidirilmoqda va ayni paytda Shveytsariyada yashab, bir qator korxonalarga rahbarlik qiladi.
“Starbank”ning bankrotligi yuzasidan sudga murojaat etgan Rossiya jamg‘armalarni sug‘urtalash agentligi tomonidan shakllantirilgan bank qarzdorlari ro‘yxatida “Amudaryotex” va “Beshariq Tekstil” ham bor.
Ko‘rinishidan “Beshariq Tekstil”ning bir qismi “Vertical Alliance LLP” orqali Avanesovga, “Amudaryotex LLC”ning katta qismi esa uning biznes sherigi bo‘lmish Yoqubjonovlar oilasiga tegishli.
Agentlik “Amudaryotex LLC” va “Starbank” o‘rtasida 5 778 474,80 yevrolik kredit liniyasi ajratish bo‘yicha kelishuv imzolangani, lekin “Amudaryotex LLC” o‘z majburiyatlarini bajarmagani sababli sudga qarzning dastlabki summasi, 1 500 083,01 yevro miqdoridagi foizi va 902 686,47 yevro penya to‘lash da'vosi bilan murojaat etdi.
Moskva shahri arbitraj sudi o‘zining 2018 yil 8 maydagi qarori bilan bu da'voni qondirdi. Apellyatsiya sudi ham qarorni o‘z kuchida qoldirdi.
Rossiya banki “Beshariq Tekstil”ga turli yillarda 7 749 042,79 yevro, 64 467 145,05 rubl va 401 058 346,20 rubl miqdorida qarz bergani ham yuzaga chiqdi. “Starbank”ning litsenziyasi qaytarib olinishidan sal avval – 2016 yil mart oyidan “Beshariq Tekstil LLC” qarz bo‘yicha mmajburiyatlarini bajarishni to‘xtatgan.
Bu masalada ham Moskva sudi Rossiya jamg‘armalarni sug‘urtalash agentligi foydasiga qaror chiqargan.
Power Briefs tadqiqotida aytilishicha, aftidan, “Starbank” o‘z raisi bo‘lmish Avanesovning Rossiyadagi qisman unga, shuningdek, Yoqubjonovlar oilasiga tegishli o‘zbek korxonalariga qaytarilmasligi aniq bo‘lgan 22 million dollar miqdorida kredit bergan.
Keyinchalik Rossiya matbuotida e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, “Starbank”ning bunday faoliyati davomiy bo‘lib, keyinchalik uning bankrotligiga va Avanesovga nisbatan tergov boshlanishiga sabab bo‘lgan.
Ko‘rinishidan, Avanesov Buyuk Britaniyada ta'sis etilgan xolding vositasida Jenevadan turib O‘zbekiston paxta klasterlari tizimidagi biznes manfaatlarini nazorat qilishda davom etmoqda.
Mirakbar Yoqubjonov esa hali ham Britaniyadagi rasman “faoliyat ko‘rsatmayotgan” qator kompaniyalarning asosiy aktsiyadori bo‘lib turibdi. Shuningdek u, o‘zining bildirishicha, “Textile Technologies Limited” va “Metal Engineering Group” kompaniyalari egaligicha qolmoqda.
Ushbu maqolada keltirilgan ma'lumotlarga tayanib, O‘zbekiston hukumati “Amudaryotex” va “Beshariq Tekstil” kompaniyalarini qanday qilib klasterlar boshqaruviga bergani borasida bir necha taxminlarni aytish mumkin.
“O‘zbekiston hukumati tanlab olingan kompaniyalar faoliyatini to‘liq huquqiy va moliyaviy tekshiruvdan o‘tkazmagan yoki bunday tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lsa-da, hukumat xorijda turli moliyaviy qing‘irliklarga aralashgan bu kompaniyalarni bilib turib klasterlar boshqaruviga tayinlagan.
Avvalroq O‘zbekiston hukumatining faoliyati jiddiy xavotir uyg‘otadigan investorlar bilan hamkorligi borasida savol berilganida iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari ularga pragmatik munosabatda bo‘lish lozimligini aytgandi”, deyiladi Power Briefs tadqiqotida.