Tuman hokimi murojaatchi muallimani “jinni”ga chiqardi
Andijon viloyatining Izboskan tumani hokimi Serobiddin Ismoilov tuman selektorida uy so‘rab joniga tekkan bir muallima ayolni jinni deb haqorat qilgan va maktab direktoriga ayolni ishdan olishni buyurgan. Bu haqda yig‘ilishda bo‘lgan ishtirokchilardan biri ma'lum qilgan.
Selektor yig‘ilishida ishtirok etgan o‘qituvchining “Eltuz”ga aytishicha, muallima arzon uy-joylar masalasida yordam so‘rab hokimlikka 4 yildan buyon murojaat qilib keladi.
“Hokimimiz juda “nervinniy” (asabiy). U kurashuvchan, hadeb kelaveradigan shikoyatchilarni yomon ko‘radi. Asablari qo‘zib ketadi. Ayniqsa, uy so‘rab murojaat qilganlar unga to‘ng‘izday ko‘rinadi”, deydi manba.
Bu Izboskan hokimi bilan bog‘liq birinchi holat emas. O‘tgan yili Paytug‘ shahridan bo‘lgan bir nogiron ayol ham hokimlikka uy so‘rab murojaat qilgan.
Murojaatlari besamar ketgan ayol tumanga jurnalistlarni chaqirib kelgan. O‘shanda Serobiddin Ismoilov bu ayolga bahorda uy qurib berishni va'da qilgan.
Va'da bajarilmagach, qayta-qayta boravergan ayolni Ismoilov uyatsiz gaplar bilan haqorat qilib haydagan. Hozir nogiron ayol buzilib ketay deb turgan xarobada ijarada yashamoqda.
“Bu o‘qituvchi esa ayol 30 yildan buyon maktabda dars beradi. Ruhiy xasta bo‘lsa, muallimlik qilarmidi? Haqoratga chidolmay yig‘lab yuribdi, qo‘shimchasiga ishdan haydalishdan qo‘rqyapti”, deydi yig‘ilishda ishtirok etgan o‘qituvchi.
Mustaqillik bayrami arafasida Izboskan tumani hokimi Serobiddin Ismoilov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
So‘kong‘ich, tumanidan murojaat va muammolar arimaydigan Ismoilov qaysi “fidokorona” mehnatlari uchun bu medalga loyiq ko‘rilgani izboskanliklarni ajablantiryapti.
Eltuz.com