Asosiy mavzular
25 sentyabr 2024

Vaqt mashinasi: Yosh xivaliklar va Islomxo‘ja

Said Muhammad Rahimxon II Rossiya imperiyasiga o‘z yurtini boy bergan Xivaning oxirgi hukmdori edi. Ammo tan olish kerak, u har holda amir Muzaffar va Xudoyorxondan ko‘ra ancha durustroq podsho edi. 

Ma'rifatli xon Xivada madaniyat, adabiyot va san'atning gullab-yashnashiga e'tibor qaratgan. Bejiz bu diyorda Komil Xorazmiy, Avaz O‘tarlar kamol topmagan edi. 

Xonning o‘zi ham Feruz taxallusida ijod qilgan. Aynan Feruzxonning qarori bilan Islomxo‘jaday buyuk davlat arbobi bosh vazirlikka tayinlangan. 

Islomxo‘ja va bevosita xonning o‘zi ham islohotlar tarafdori edi. Islomxo‘ja Turkistonda kurtak yozayotgan jadidchilik harakatining Xorazmda shakllanishiga, qanot yozishiga keng yo‘l ochib beradi. U zamonasining buyuk iqtidor egasi edi. 

Keksayib borayotgan xonning o‘rniga valiahd tayyorlash va kelajakda xonlikka ko‘tariladigan shaxsning ma'rifatli, iqtidorli bo‘lishini o‘ylab, butun umidini shahzoda Asfandiyorga tikadi. 

Asfandiyorxon rus-tuzem maktabida o‘qitiladi. Ulg‘aygach, Moskva va Peterburgga sayohatga yuboriladi. Asfandiyorxon Yevropa taraqqiyoti bilan tanishib, xuddi Islomxo‘ja kabi ilg‘or yangiliklarga intiluvchi, Xorazmda jadidchilikka keng yo‘l ochuvchi, xalqaro siyosat bilan qiziquvchi shaxs bo‘lib yetishadi. 

Aynan Asfandiyorxon va uning ustozi – bosh vazir Islomxo‘ja davrida davlat ishlariga yetuk shaxslar, jadidlar jalb qilinadi. Islomxo‘ja, Komil Xorazmiy, Bobooxun Salimov rahbarligida Xivada kapitalistik munosabatlar, ishlab chiqarish, sanoat industriyasi kurtak ochib, taraqqiy qila boshlaydi. 

Xuddi Buxorodagidek, Xivada ham yosh xivaliklar – jadidlar harakati paydo bo‘ladi. Rus chorizmiga qarshi kurashayotgan rus ziyolilari, rus talabalarining ham yosh xivaliklar harakati shakllanishida ozmi-ko‘pmi roli borligini tan olish kerak. 

Masalan, 1898 yilda rus talabalari Kislyakov, Andreev va Safonov Rossiyadan Xivaga surgun qilinadi. Ularning ta'sirida shakllangan bir qancha yosh xivaliklar keyinchalik Xorazm bolsheviklar partiyasining o‘zagini tashkil qiladilar. Shulardan eng mashhuri Polvonniyoz Yusupov edi. 

Yosh xivaliklar Rossiyadagi jadidlar bilan ham muttasil aloqada bo‘lib turadilar. 1905 yilda Nijniy Novgorod shahrida Xolisjon Borudiy rahbarligida tatar ziyolilarining ta'sis majlisi bo‘lib o‘tadi. Majlisda Turkiston, xususan, Xorazm jadidlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilab olinadi. 

Tatar ziyolilari Tavfiq Bikkulin, Yusuf Ahmedov kabi atoqli pedogoglarni Xivaga yuboradilar. Xorazm jadidlari xonlik hududida o‘zlarining 8 ta maktabini ochishga muvaffaq bo‘ladilar. 

1904 yil 10 noyabr kuni Said Muhammad Rahimxon II ruxsati bilan Xivada yangi uslubdagi maktab ochiladi. Bu maktabga Turkiyadan maxsus domla – Husayn Kushay o‘g‘li taklif qilingan edi. 

Yevropacha ilk maktabda 55 ta o‘quvchi tahsil oladi. 1906-1907 yillarda domla Husaynning sa'y-harakatlari bilan Urganchda qizlar maktabi ham ochiladi. 

Xiva xonligida mamlakatni kuchli taraqqiyot yo‘liga, kerak bo‘lsa, mustaqillikka olib chiqa oladigan progressiv kuch – Xiva jadidlari harakati shakllanayotgandi. Ular orasidan zamonasining 40 dan oshiq ajoyib, ilmi yetuk shaxsi yetishib chiqqandi. 

1901 yilda Xorazm jadidlarining rahbari va homiysi bo‘lgan Matmurod devonbegi vafot etgach, jadidlar harakatining rahbarligi va homiyligi Islomxo‘ja, Bobooxun Salimov qo‘liga o‘tadi. 

Jadidlar orasida Husaynbek Matmurodov, Avaz O‘tar, Komil Xorazmiy, Nazar Sholikorov, Xudoybergan Devonov, Muhammad Rasul Mirzo, Bekjon Rahmonov, Polvonniyoz Yusupov va boshqa yetuk shaxslar bor edi. 

Islomxo‘ja boshchiligidagi jadidlar bo‘lg‘usi xon – Asfandiyordan katta umidlar qiladilar. Islomxo‘janing maslahati bilan Asfandiyor Ahmadjon Agievdan rus tilini o‘rganadi. 

Asfandiyor va boshqa zodagonlarning farzandlari ma'rifatli bo‘lib yetishishlari uchun Xivaga rus, tatar, turk, ozarbayjon gazeta va jurnallari buyurtirilib keltirilardi. Asfandiyorga gazetalarning tushunmagan joylarini jadid Ramazon Saydashev tarjima qilib turardi. 

Darhaqiqat, Islomxo‘janing islohotlari olamshumul edi. Said Islomxo‘ja 1907 yilda Xiva xonligi bosh vaziri etib ko‘tarilgach, juda katta islohotlarni boshlaydi. U Xivada dorixona, pochta, telegraf, yangi uslubdagi maktablar ochtiradi. Xivaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan Ichanqal'a ansamblini qurdiradi. Asfandiyorxonning taxtga o‘tirishida katta yordam bergan ham Islomxo‘ja edi.

Islomxo‘ja xalqaro siyosatga qiziqardi. Albatta, u Xivaning mustaqil va kuchli davlat bo‘lishi tarafdori edi, bu esa, tabiiyki, chor Rossiyasi hukumatiga yoqmasdi. 

Chor Rossiyasining maxfiy xizmatlari kuchayib borayotgan yosh xivaliklar, ya'ni Xorazm jadidlari harakatining popugini pasaytirish yo‘li Islomxo‘jani yo‘ldan olib tashlash, deb qaragani tabiiy. 

Shuning uchun feodal, ilmsiz, poraxo‘r beklar, reaktsion ruhoniylar tabaqasi orqali Asfandiyorxonni Islomxo‘ja va jadidlar harakatiga qarshi gij-gijlaydilar. 

1913 yil 9 avgust kuni Asfandiyorxon Islomxo‘jani kechgacha atayin ushlab o‘tiradi. Kechasi qorong‘uda uyiga qaytayotgan Islomxo‘ja qotillar tomonidan xoinona o‘ldiriladi. 

Islomxo‘janing janozasida xon ko‘zlariga yosh oladi, albatta, bu soxta ko‘z yoshlari edi. Islomxo‘janing o‘limini taftish qilgan komissiya ishga jiddiy qaramadi. Shundan ham bu ishda korruptsiya va hukmfarmolarning qo‘li borligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. 

Agar Islomxo‘ja Rossiya imperiyasiga sodiq kishi bo‘lganda, albatta, qotillar va ularning orqasida turgan guruhlar topib jazolanardi. Jazo bo‘lmaganidan ruhlangan reaktsion kuchlar biroz o‘tib Islomxo‘janing o‘g‘li Abdusalomxo‘jani va uning yordamchisi Rayimberganni ham o‘ldirtirib yuboradilar. 

Islomxo‘ja o‘ldirilmasidan oldin Asfandiyorxonga general-mayor unvoni, “Avliyo Stanislav”, “Muqaddas Anna” ordenlari berilishi, 1911 yilda imperator Nikolay II ning xos ayonlari qatoriga qo‘shilishi, 1913 yilda Nikolay II tomonidan Asfandiyorxonga hazrati oliylari maqomi taqdim etilishi ham tasodifmikin? 

Qolaversa, bu Xorazm jadidlarining tanobini tortib qo‘yishga berilgan avans va mukofot bo‘lganmikin, degan savollar charx uraveradi. Islomxo‘janing o‘limidan so‘ng chindan ham jadidlar harakatiga jiddiy zarba beriladi.

Tarixchi Ixtiyor Esanov

Tag‘in o‘qing
5 iyul 2019
Prezident Mirziyoev 2017 yilning  13 iyunidagi chiqishida o‘zbek sudyalarini odamlarni himoya qilmaslikda, poraxo‘rlikda, nohaq qarorlar chiqarishda ayblagan edi. Karimov ...
13 may 2023
2005 yilning 13 mayida O‘zbekiston hukumati harbiylari tomonidan Andijonning Bobur maydonidagi begunoh odamlar otilgandi… O‘sha kuni saharda Andijonda qo‘zg‘olonchilar ...
3 aprel 2024
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyasi Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik), 28, 211-(pora berish) moddalarining tegishli qismi ...
8 iyul 2019
Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonning o‘lgan prezidenti Islom Karimovning Samarqanddagi mozoriga qo‘yilgan lavhadagi yozuvlar bahslarga sabab bo‘ldi. Kimdir uning o‘lganidan keyin ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...