Asosiy mavzular
5 oktyabr 2023

Vaqt mashinasi: Turkiston yurti tanazzulining sabablari

XIX asr o‘rtalariga kelib Turkistondagi uch mamlakat – Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklarini uch yirik imperiya – Buyuk Britaniya, Rossiya va Xitoy tobora iskanjaga olib kelmoqda edi.

To‘g‘ri, Xitoy hali u darajada xavfli emasdi, ammo Sharqiy Turkistonni Qo‘qon xonligidan tortib olgandi. Britaniya esa Hindistonni mustamlaka qilib, afg‘on tuproqlariga kirib kelayotgan edi.

Ammo O‘rta Osiyo uchun eng xavflisi baribir Chor Rossiyasi bo‘lib qolayotgandi. U allaqachon Kavkaz va Eronda siyosiy pozitsiyasini mustahkamlab olgan, Yettisuv va Turkiston shimoli – Janubiy Qozog‘istonga yaqinlashib qolgandi.

Amir Muzaffarxon

Rossiya xavfi ana shunday eng jiddiy bo‘lib turgan bir paytda bu uchala xonlik siyosiy ittifoq tuzish o‘rniga bir-birlarining go‘shtini yeyish bilan ovora edi.

Qo‘qon xoni Muhammad Alixon Sharqiy Turkistonni – Uyg‘uristonni ozod qilish uchun Xitoy bilan kurashayotgan paytda Buxoro amiri Nasrulloning Qo‘qon hududlariga xavf solishi siyosiy xoinlikdan boshqa narsa emasdi.

1841 yilda amir Nasrullo Qo‘qonga bostirib kirib, Muhammad Alixon va uning onasi, shoirai davron Nodirabegimni shahid qildi.

Amir Nasrullo

Amir Nasrullo butun Turkistonni Buxoro atrofida birlashtirishga harakat qilgan-da, deydigan tarixchilarimizga aytish mumkinki, u Buxoro amirligini qisman kuchaytirgani bilan aslida Turkistonni zaiflashtirdi.

Uning yana bir katta xatosi Rossiya imperiyasi bilan yaqinlashishga bo‘lgan harakatlaridadir. Amir Nasrullo 1830 yildayoq Rossiya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish harakatini boshlaydi.

Unga buni bosh maslahatchisi va artilleriya vaziri bo‘lgan asli tabrizlik Abdusamadxon o‘rgatgan bo‘lsa kerak. Chunki Eron, ayniqsa, Ozarbayjon allaqachon Rossiyaning ta'siriga tushib bo‘lgan edi.

Buyuk Britaniya elchisi Artur Konnoli

Bu odamning Rossiya xufiyasi bo‘lgani ehtimoli yo‘q emas. Sababi, Buxoroning Rossiya bilan yaqinlashishi aynan Abdusamadxonning amir saroyida yuqori lavozimga erishganidan keyingi jarayonlarga to‘g‘ri kelishi judayam shubhali.

Buxoro amiri Peterburgga o‘z mulozimi Boltaquli Rahmatbek o‘g‘li Chig‘atoybek (Rahmatbekov)ni yo‘llaydi. Rus hukumati vakillari bilan uchrashgan Boltaquli chegara bojlarini qisqartirish va zambarak yasaydigan po‘lat quyuvchi ustalar bilan yordam berishlarini so‘rab murojaat qiladi.

Ammo bu paytda Rossiya Turkistondan hali uzoqda va uning muammolari unchalik qiziq bo‘lmagani tufayli Rossiya hukumati Boltaquliga rad javobini beradi.

Ingliz elchilari Artur Konolli va Charlz Stoddart bilan uchrashuv

Amir Nasrullo 1838 yil yozida Boltaqulini yana Peterburgga yuboradi. 1838 yil 5 avgust kuni Peterburgga yetib kelgan Boltaquli Rahmatbek o‘g‘li bu safar Rossiyadan Buxoro uchun tog‘ konchiligi mutaxassislari – geologlarni so‘raydi.

Buxoro amiri rus geologlari yordamida oltin va boshqa qimmatbaxo ma'danlarni topishni maqsad qilgani ayon. U bu murojaati bilan nafaqat Buxoro, balki butun Turkiston taqdirini hal qilib bo‘lgandi.

O‘z tuproqlarida qimmatbaho ma'danlarni topishni boshqa mamlakatdan iltimos qilishday katta siyosiy ko‘rlik bo‘lmasa kerak. Rossiya amir Nasrulloning bu taklifiga qiziqish bildiradi va taklifni qabul qiladi.

Rus hukumati geolog olim Ye.A.Kavalevskiy boshchiligidagi ilmiy ekspeditsiyani Buxoroga yuboradi. Bu guruh Buxoroga yetib kela olmaydi. Ko‘chmanchi qabilalar hujumlariga uchragan ekspeditsiya a'zolari yarim yo‘ldan orqaga qaytib ketadilar.

Bu orada amir Nasrullo Buxoroga kelgan ingliz diplomatlari Charlz Stoddart va Artur Konnolini josuslikda ayblab hibsga oldiradi. 1841 yil Buxoroga kelgan rus elchisi Konstantin Fyodorovich Butenev go‘yo ingliz elchilarini ozod etishni so‘rab amirga iltimos qilgan emish.

Ammo amir aynan rus elchisi kelib ketganidan keyin ingliz diplomatlarini qatl qildiradi. Negadir o‘ta shubhali, to‘g‘rimi? Ingliz diplomatlarini qatl qildirishday kaltabinlik, dunyo geosiyosatida burnidan naryog‘ini ko‘ra bilmaslik nafaqat Buxoro, balki butun Turkistonni boshqarayotgan elitaning naqadar ahmoq bo‘lganini ko‘rsatib bergandi.

Ingliz elchisi Charlz Stoddart

Ingliz fuqarolari qatl ettirilishi Britaniya-Turkiston munosabatlari keskin sovishiga olib kelgandi. Bu aynan Rossiya imperiyasi uchun ayni muddao edi.

1857 yilda Buxoro Rossiyaga katta elchilar yuboradi. Bu elchilar tarkibida mashhur shoir Ahmad Donish ham bo‘lgan. Rossiya va Buxoro o‘rtasida bu safar jiddiy siyosiy aloqalar o‘rnatilgandi.

Oradan bir yil o‘tib, 1858 yilda rus elchisi Ignatev Buxoroga kelib, amirlik bilan shartnoma tuzib ketadi. Buxoro o‘z mustaqilligini yo‘qotishiga bor-yo‘g‘i o‘n yil qolayotgan edi. U yog‘i o‘zingizga ma'lum.

Rus qo‘shinlari Toshkentni qamal qilayotgan bir paytda Buxoro amirligi Qo‘qon xonligiga siyosiy va harbiy yordam berish o‘rniga uning yerlariga (O‘ratepa) bostirib keladi.

Buxoroning Qo‘qon xonligi orqasidan pichoq urishi ham tasodif bo‘lmasa kerak. Bu yerda faqat xoinona siyosat yotgan.

Tez orada Rossiya nafaqat Qo‘qon xonligi, balki Buxoro amirligi yerlarini ham birin-ketin bosib ola boshladi. Endi Buxoroga hech kim – na Qo‘qon, na Xiva, na Afg‘oniston va na Britaniya imperiyasi yordam bermasligi aniq edi.

Natijada amir Nasrulloning o‘g‘li amir Muzaffar Buxoro amirligi va deyarli butun Turkiston mustaqilligini boy bergandi.

Ixtiyor Esanov
Tarixchi, Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 iyun 2019
Shved apellyatsiya sudi «Islomiy davlat» terror tashkilotining Shvetsiyadagi portlashlarini uyushtirishda ayblanib yetti yilga qamalgan 46 yashar Farhod Toshmuhammedov (Shvetsiyaga ...
4 avgust 2018
Ezgulik farishtalari 21 yillik qamoqdan yupun chiqqan mahkumga kiyim eltayotgan bir paytda SNB va MVDdagi yovuzlar sobiq mahbusning keyingi ...
13 mart 2017
O‘zbekiston matbuoti Kadrlar tayyorlash milliy dasturi tufayli mamlakatda ta'lim tizimi qanchalik «yutuqlarga erishgani», «dunyoda tan olingani» to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib ...
26 mart 2016
«Diyonat» gazetasi tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish mavzuidagi maqolasida O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan baliqlarga qiron keltirganlarning jinoyati fosh etilgani to‘g‘risida ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...