Karantin zonadagi kovid bemorlardan pul talab qilayotgan tibbiyot xodimlari
42 yoshli Bahrom virus yuqtirib olganini ahvoli yomonlashgandan so‘ng tahlil topshirgach bildi. Unda nafas yetishmovchiligi bo‘lgani uchun zudlik bilan so‘nggi paytlarda karantin zonaga aylantirilgan Andijon shahri shifoxonasiga olib kelindi.
Oradan bir hafta o‘tsa-da, Bahromning ahvoli yaxshilanish o‘rniga tobora og‘irlashdi. Uni ikki marta sun'iy nafas olish apparatiga ulashdi. Bahromning qo‘lida telefon bo‘lsa-da, ahvoli og‘irligi uchun gaplasholmasdi.
Shunda ham u so‘nggi kun qo‘ng‘iroq qilgan xotini bilan bazo‘r gaplashib, undan rozi-rizolik so‘radi. Tibbiyot xodimlari bemorlarga qaramayotganini aytdi. Bemorning xotini tipirchilab qoldi.
Telefon orqali bo‘limdagi bir sanitarka bilan bog‘lanib, unga: “Erimga yaxshilab qarang, osh-ovqati, ayniqsa, suvini berib, dori-darmoniga e'tibor qilib tursangiz, plastik kartangizga har kuni 50 ming so‘mdan pul tushirib turaman. Erim tuzalib chiqsa, uydagi barcha tillalarim sizniki. Qo‘rqmang, bu gap o‘rtamizda qoladi, sizni hech kimga aytmayman”, deydi.
Ayol rozi bo‘ladi. Shundan so‘ng Bahrom tuzala boshladi.
– Ertaga erim kasalxonadan uyga keladi. Men u ayolga beradigan tillalarim –bitta zanjir, bitta uzuk va bir juft zirakni tayyorlab qo‘ydim, – deydi Bahromning xotini K.
“To‘g‘risi, xotinim qo‘ng‘iroq qilgan kuni o‘lib qolaman deb o‘ylagandim. Bir tomondan, nafas ololmayman. Doktorga ishora qilaman, indamay chiqib ketadi. Orada isitmam ko‘tarilib, jiqqa terga botib soatlab yotaman, birorta xodim xabar olmaydi.
Buning ustiga, o‘sha kunlari isitmadanmi, juda qattiq chanqoq his qildim, biroq suv qaerda? Birov ahvoling nima demaydi. Tuzukroq gapirolmayman, imo-ishora qilaman, bir marta hamshira ko‘zimga bo‘zrayib qarab turib bir stakan suvni oldimdagi tumbochka ustiga qo‘yib ketdi. Uni olib ichishga madorim yo‘q edi. Shu bilan o‘sha yerda qolib ketaverdi. Ertasi kuni olib chiqib ketishdi stakanni.
Bu qanaqa kasalxona? Menga ukollarni ham sutkada 2-3 tadan qilishdi. Shifokoru hamshirasi, hatto sanitarkalar ham juda qo‘pol, shirinso‘zi yo‘q. Men yotgan xonada bemorlar og‘irlashsa, sun'iy nafas beradigan apparatni shartta uzib olib chiqib ketishyapti. Shunda “e-ha, bularning maqsadi kasallarni o‘ldirish ekan”, deb o‘ylab qoldim.
Bu yer – men yotgan joyda ham o‘liklar ko‘p. Men yotgan xonaga doktorlar har safar kirib chiqqanida kasalxona yo‘lagida yotgan o‘liklarga ko‘zim tushadi”, dedi kovid bilan kasallangan Bahromning o‘zi “Eltuz” bilan suhbatda.
Andijon shahrida yashovchi egizak kelinchaklardan biri – Fotima aynan shu karantin zonada vafot etdi. Yaqinlarining aytishlaricha, to‘lg‘oq bilan borgan kelinchakning isitmasi borligi tufayli hech qaysi tug‘ruqxona qabul qilmagan.
Karantin zonada homilador Fotima tugul oddiy bemorlarga ham sharoitlar yo‘q edi. Ona ham, bola ham nobud bo‘ladi. Achinarlisi, Fotimaning yana bir – 3 yoshli bolasi yetim qoldi.
– Shifoxona xodimlarining mas'uliyatsizligi, kim pul uzatsa, o‘shanga yaxshi qarab, boshqalarga e'tibor bermayotgani ko‘p bemorlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda, – deydi shu kasalxonada yaqinda davolanib chiqqan bemorlardan biri.
Mazkur shifoxonadagi abgor sharoit, xususan, joy yetishmasligidan bemorlarning koridorlarda, beton ustida yotgani, issiq suv yo‘qligi ijtimoiy tarmoqlarda suratlari bilan tarqaldi.
Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimligi holatni nazoratga olganini matbuot xizmati orqali ma'lum qildi.
– Agar hokimlik va sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari ertaroq “uyg‘ongan”larida, yoshgina juvon va uning hali yorug‘ dunyoni ko‘rmagan bolasi nobud bo‘lmagan, bir go‘dak onasidan ayrilmagan bo‘lar edi, – deydi Fotimaning janozasida ishtirok etgan mahalladoshlaridan biri.
Sharoitlar-ku nazoratga olingandir. Biroq vijdonini pulga sotayotgan tibbiyot xodimlarining ta'magirliklarini kim nazoratga oladi? Axir, karantin zonadagi shifokorlarning bemorlarga yaxshi qaramayotgani, ta'magirlik qilayotgani yuzasidan kunora ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.
Andijondagi harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi I. koronavirusga chalingan keksa onasini aynan shu shifoxonaga joylagan edi. So‘ngroq onasi o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilib, bu yerdagilar bemorlarga pul evaziga qarashlarini aytadi. O‘g‘il ham shu kuniyoq pul keltiradi.
– Pul berganlarga yaxshilab qarashar ekan, bo‘lmasa apparatga ulangan bemorga ham rahm qilmay, apparatni shartta olib, pul bergan bemorga ulashar ekan. Bu doktorlarga shuncha pul to‘lanayotgan bo‘lsa, yana qaysi vijdonlari bilan kasallardan pul olarkin? Mening-ku pulim yetarli, pandemiya davrida bor-budini bola-chaqasi bilan yeb tugatgan oilalar nima qiladi bu ahvolda? Bularni tartibga soladigan tashkilot yo biror amaldor bormikin? – deya kuyunadi I.
Andijon shahri kasalxonasi karantin zona sifatida ilk bor 17 avgust kuni ish boshlagandi. Shu kuni viloyat bo‘yicha tanlab ro‘yxatga olingan 100 nafar tibbiyot xodimi kovid bemorlarini davolashga jalb etilgandi.
Eltuz