Asosiy mavzular
21 oktyabr 2022

Abdurauf Fitrat: “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas”

Bir paytlar musulmon dunyosida katta nufuzga ega Turkiston mamlakatlarining xalqaro obro‘si butunlay tushib, ularning xoin hukmdorlari keyinchalik ham Rossiya imperiyasining eng sadoqatli xizmatkorlari sifatida tarix varaqlarida qoladilar. 

Xususan, Buxoro amirlari Muzaffar, o‘g‘li Abdulahadxon va nabirasi Said Olimxon to XX asrning 20-yillarigacha rus imperializmiga xizmat qilib o‘tdilar. 

Peterburgdagi kadetlar maktabida tahsil olgan Said Olimxon progressiv kuch bo‘lgan jadidlar harakatiga qarshi kurash olib borganini, xuddi ajdodlari kabi o‘ziga o‘zi choh qaziganini ko‘rish mumkin. 

Buxoro shahrida 1886 yil 4 oktyabr kuni ziyolilar oilasida jadidchilik harakatining eng yorqin namoyandalaridan biri, o‘zbek tarixchisi, filologi, tarjimoni, yozuvchisi, shoiri va dramaturgi, ilk o‘zbek professori, millatimizning buyuk o‘g‘loni Abdurauf Abdurahmon o‘g‘li Fitrat dunyoga keldi. 

Fitratning otasi yumush bilan Sharqiy Turkistonga borib, taqdir taqozosi bilan Qashqar shahrida qolib ketadi. Abdurauf onasi Mustafo Bibi (Bibijon) qo‘lida qolgan edi. 

Fitratning onasi juda ma'rifatli, o‘qimishli ayol bo‘lgan. Abdurauf go‘dakligida onasidan Navoiy, Uvaysiy, Zebunisobegim, Bedil, Fuzuliy g‘azallarini tinglab o‘sadi. Xalq bejizga aytmaydi: “Ma'rifatli onadan ma'rifatli bola tug‘iladi”. 

Abdurauf onasidan yuksak nafosatli qalbni, ma'naviy boylikni meros qilib olgandi. Onasi Bibijon Abduraufni dastlab eski maktabda, so‘ngra mashhur Mir Arab madrasasida o‘qitdi. Abdurauf madrasasining eng zo‘r talabalaridan biri edi. Uning ilmiy salohiyati o‘sha paytdayoq bilina boshlagandi.

1902 yilda 16 yosh bo‘lishiga qaramay, Abdurauf haj safariga chiqadi. U 1902-1903 yillarda nafaqat arablar o‘lkasiga, balki Onado‘li (Turkiya), Kavkazorti, Eron, Afg‘oniston va Hindiston zaminlariga sayohat qilib, tafakkurini, dunyoqarashini yanada o‘stiradi. 

1906-1908 yillarda esa Rossiya imperiyasi bo‘ylab Qozon, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Moskva va Peterburg shaharlariga ham sayohat qiladi. 

Abdurauf Fitrat g‘arb va sharq dunyosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, uning yutuq-kamchiliklari, tafovutlarini taqqoslaydi. Turkiston va Rossiya imperiyasining boshqa hududlarida uyg‘onib kelayotgan jadidlar harakatini ilg‘aydi va uning saflariga kiradi. 

XX asr boshlarida tuzilgan “Tarbiyai Aftol” jamiyati ko‘magida Turkiyaga o‘qishga ketadi. Abdurauf 1908-1913 yillarda Istanbuldagi Voizon madrasasida tahsil oladi. 

U Istanbulda bilim olish barobarida ijodiy faoliyatini ham boshlab yuboradi. Abduraufning bilimdonligi, tafakkuri boyligi Turkiyadagi ziyolilarni hayratga soladi. Unga Fitrat, ya'ni donishmand deb taxallus beradilar. 

Fitrat Istanbuldagi o‘z vatandoshlari – turkistonliklar bilan Buxoro ta'limi maorif jamiyatini tuzadi. Jamiyatning maqsadi vatandoshlar orasida o‘zaro moddiy va ma'naviy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, Turkiston jadidchilik harakatini rivojlantirish edi. 

Bu jamiyatga o‘sha davrda Turkiyada bo‘lib o‘tgan Yosh turklar inqilobi misli ko‘rilmagan darajada ta'sir qilgandi. Fitrat bunday progressiv inqilob vatanimiz Turkistonda ham bo‘lishi kerakligini, o‘shandagina Turkiston xalqlari ham ozodlikka va taraqqiyot yo‘liga chiqib olishi mumkinligini tushungandi. Abdurauf Fitrat Yosh turklar inqilobidan ilhomlanib o‘zini siyosat maydoniga otadi.

 Fitrat Istanbuldagi kutubxonalarni kezadi, sharq adabiyoti, san'ati, tarixini juda chuqur o‘rganadi. U boshqa jadidlar kabi jahon adabiyoti bilan rus tili orqali emas, balki turk va arab tillari orqali tanishgandi. 

Turkiyadagi o‘qishini tamomlagach, Buxoroga qaytib keladi. Fitrat ziyo tarqatishni kelajak avloddan boshlash kerakligini yaxshi tushunardi. Shuning uchun Buxoroning turli tumanlaridagi maktablarida o‘qituvchilik qiladi. 

Fitrat Buxoroda tuzilgan Yosh buxoroliklar harakati saflariga kirgandi. 1915 yilda bu partiyaning so‘l qanotiga boshchilik qiladi. 1916 yilda harakat ikkiga bo‘linib ketadi. 

Yosh buxoroliklarning jadid Abdulvohid Burhoniy boshchiligidagi bir qismi siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish xavfli ekanini anglab, evolyutsion yo‘lni, ya'ni madaniyat va ma'rifat tarqatishni davom ettirish va sekin-asta, bosqichma-bosqich taraqqiyotga, mustaqillikka erishish mumkinligini e'tirof etadilar. 

Fayzulla Xo‘jaev, Usmonxo‘ja, Abdurauf Fitrat kabi ilg‘or jadidlar esa inqilobiy yo‘lni tanlagan edilar. Bu ilg‘or yoshlar qoloq, ich-ichidan chirib ketgan feodalizmning chirkin botqog‘ida yotgan, ustiga-ustak, begona bir imperiyaning quli bo‘lgan amirlikni ag‘darib, Buxoroda respublika tuzishni orzu va maqsad qilgandilar. 

Xo‘sh, Yosh buxoroliklar nima uchun dastlab bolsheviklar bilan ittifoq bo‘lishni ixtiyor etgandilar? Bu savol o‘quvchini qiynashi, turli shubha-gumonga boshlashi tabiiy, albatta. 

Aftidan, ularning bundan boshqa choralari qolmagandi. Chunki Yevropaning ilg‘or mamlakatlari bo‘lgan Angliya va Frantsiya Rossiya bilan Antanta ittifoqida edi va ular Buxoroni deb Rossiya imperiyasiga, ya'ni jahon urushidagi o‘z ittifoqchilariga qarshi bormasligi tabiiy edi. 

Bundan tashqari, Yosh buxoroliklar Yosh turklarning ta'sirida edi. Turkiya esa Germaniya tarafida turib ularga qarshi urushayotgandi. Shuning uchun bolsheviklar inqilobini jadidlarimiz zo‘r umid va ishtiyoq bilan kutib olgani bejiz emasdi. 

Ular bolsheviklarni dastlab Turkiston xalqlari ozodligi yo‘lida o‘ziga ittifoqchi bo‘ladi, deb o‘ylagan bo‘lishlari ehtimol. Ammo ular qattiq yanglishgandilar. 

1917 yilgi rus inqilobidan so‘ng Buxoro amirligi o‘z mustaqilligini deyarli yana tiklagan edi. Buxoro amiri jadidlar bilan kelishgan holda konstitutsiyaviy parlamentar monarxiya tuzib, o‘z pozitsiyasini mustahkamlash o‘rniga kaltabin, ya'ni jadidlarga qarshi qatag‘on siyosatini tanlaydi. 

Buxorodagi siyosiy ahvol murakkablashgach, Yosh buxoroliklar Buxorodan Samarqandga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladilar. Ular Abdurauf Fitrat boshchiligida “Hurriyat” gazetasini tashkil qiladilar. Gazeta 1917 yil aprelidan 1918 yil martigacha faoliyat yuritgan. Unga Abdurauf Fitrat bosh muharrirlik qiladi. 

Fitrat gazeta ishlarini rivojlantirish uchun Samarqandga O‘rta Osiyo jadidlari darg‘asi bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyni taklif qiladi. Aynan shu yillarda Fitrat “Ittifoqi taraqqiy” jamiyatini ham tashkil etadi. 

Fitrat 1917 yil 27 noyabrdagi Turkiston muxtoriyatini cheksiz mehr bilan qarshi oladi. Turkiston muxtoriyatini u: “Bu bizning milliy Laylatul qadrimizdir”, deb ta'riflagandi. 

Ammo uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. 1918 yil fevral oyida bolsheviklar arman millatchi dashnoqlari yordamida Turkiston muxtoriyatini qonga botiradi. 

Bolsheviklar Fitrat muharrirlik qilayotgan gazetani ham yopib qo‘yadilar. Abdurauf Fitrat bu voqealardan tushkunlikka tushib, 1918 yil mart oyida Samarqanddan Toshkentga ko‘chib o‘tadi. 

Dastlab Xadradagi maktabda, so‘ngra Turkiston musulmon dorilfununida mudarrislik qiladi. 1919-1920 yillarda esa Afg‘oniston amirligining Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimon bo‘lib ishlaydi. 

Fitrat Toshkentda asosan ilmiy-ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi, ma'rifiy darsliklar tuzadi. 1920 yil 9 aprelida “Tong” jurnalini tashkil qiladi. Jurnal zamonasining ilg‘or g‘oyalarini, yoshlarning millat qayg‘usini o‘zida mujassam etgan edi. 

Jurnalning shiori “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas” bo‘lib, bu shior hozirgi kunlarimizda ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Bolsheviklar bu jurnalni uchinchi sonidan keyinoq to‘xtatib qo‘yadilar, albatta, ularga miyasi o‘zgargan millat kerak emas edi-da! 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Abdurauf Fitrat maorif noziri (ministri) lavozimiga chaqiriladi. Fitrat 1922 yildan yangi respublikaning xorijiy, ya'ni tashqi ishlar vaziri, Xalq xo‘jaligi kengashi raisi, Markaziy ijroiya kengashi raisi o‘rinbosari, Xalq nozirlari sho‘rosi raisi o‘rinbosari, hukumat plan va smeta tashkiliy xay'atinining raisi, BXSR Mehnat kengashining prezidenti kabi qator mas'ul lavozimlarda ishlaydi. Aynan Fitratning tashabbusi bilan buxorolik 70 nafar iqtidorli yosh Germaniya universitetlariga o‘qishga yuboriladi. 

Fitrat Buxoroda dastlabki Sharq musiqa maktabini tashkil etadi. Fan va madaniyatga doir xalq qo‘lida sochilib yotgan noyob qo‘lyozmalarni to‘plashda tashabbuskor bo‘ladi. Uning harakatlari bilan davlat tili turkiy (o‘zbek) tili deb e'lon qilinadi. 

Fitrat Buxoroda davlat teatrini tashkil qilishda bosh-qosh bo‘ladi. Toshkentdan teatr san'atini rivojlantirish uchun mashhur jadid Abdulhamid Cho‘lpon va Mannon Uyg‘urni, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa shaxsan Munavvarqori Abdurashidxonovni taklif qiladi. 

Buxoro respublikasining o‘sib borayotgan obro‘si, albatta, Kremlga yoqmayotgandi. Ular yosh respublikaning jadid rahbarlarida, ayniqsa, Fitrat qiyofasida ulkan xavfni payqab turardilar. 

1923 yilda Moskvadan Yan Rudzutak boshchiligidagi maxsus taftish komissiyasi Buxoroga keladi. Rudzutak Fitratni Moskvaga ishga olib ketish bahonasida uni barcha egallab turgan lavozimlaridan ozod qiladi. 

1923-1927 yillarda Abdurauf Fitrat Moskvada Sharqshunoslik institutida ilm bilan shug‘ullanadi. Leningrad davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida talabalarga turk, arab, fors tillari, adabiyoti va madaniyatidan dars beradi. 

Bu yerda unga professor unvoni beriladi. Fitrat o‘zbek ziyolilari ichida professor unvonini olgan ilk shaxs sifatida ham tarixga kirgan. 

1927 yilda Fitrat O‘zbekistonga qaytib keladi, ammo bu yerda unga yuqori lavozimli ishlar berilmaydi. U Samarqand oliy pedagogika instituti (keyinchalik Samarqand davlat universiteti)da, shuningdek, Toshkent til va adabiyot institutida dars beradi. 

Abdurauf Fitrat hayoti davomida yuzlab ijtimoiy-publitsistik, ilmiy risola yozgan. Uning ijodiy ishlari nafaqat Turkistonda, balki Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Kavkaz o‘lkalarida, Volgabo‘yi matbuotlarida chop etilib turgan. 

Fitratning “Sayha”, “Sayyohi Hindi”, “Rahbari Najot”, “Tarixi islom”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim”, “Begijon” kabi she'riy to‘plamlari, “Qiyomat”, “Me'roj”, “Oq mozor”, “Zayd va Zaynab”, “Zahroning iymoni”, “Qon”, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘uzxon” kabi asarlari bor. 

Fitratning “Shaytonning tangriga isyoni”, “Arslon”, “Vose qo‘zg‘oloni” asarlari, “Abulfayzxon» kabi epik dramalari Shekspir asarlari kabi mukammal yozilgan. Ularda, ayniqsa, “Abulfayzxon”da Fitrat Turkistonning yangi tanazzulini, fojeasini ko‘radi. 

Fitrat juda ko‘p ilmiy ishlar ham qilgan. 1918 yilda Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan “Ona tili” imlo darsligini yaratadi. Amir Olimxon davrida Buxoro san'ati maktabini yaratadi. Unga mashhur bastakor Viktor Uspenskiyni taklif ettiradi. 

Fitrat o‘zbek musiqa san'ati uchun ham juda ko‘p ishlar qilgan shaxsdir. U “Shashmaqom”, “O‘zbek musiqasi” haqida ko‘plab ilmiy maqolalar yozgan. 

Boshqa iste'dodli jadidlarda bo‘lgani kabi Fitratning ham dushmanlari juda ko‘p edi. Ammo uning do‘sti va maslakdoshi Fayzulla Xo‘jaev doimo uni yo‘q qilishga bo‘lgan urinishlarningg oldini olib kelardi. 

Biroq mudhish 1937 yil – Stalin qatag‘onlari davrining apogeyasi boshlandi. 1937 yilda Fitrat panturkizmda, millatchilikda, xalq dushmani sifatida ayblanib, NKVD tomonidan hibsga olinadi. 

1938 yil 28 mart kuni NKVD maxsus uchligi tomonidan sud qilinib, o‘limga mahkum qilinadi. Millatimizning buyuk namoyandasi, birinchi professori Abdurauf Fitrat 1938 yil 4 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod dahasidagi Bo‘zsuv qirg‘oqlarida otib o‘ldirilgan. Fitratni to‘la 1963 yilda oqlashgan. 

Nima uchun uni kech oqlashgan ekan, deb o‘ylab qolaman ba'zan. Balki sovet hukumati Fitratning ijodidagi o‘zining jirkanch tuzumini fosh qilib tashlay oladigan g‘oyalarini millat ilg‘ab olishidan hayiqqanmikin yoki uning dushmanlari o‘sha 60-yillarda ham hali tirik bo‘lib, uning oqlanishiga qarshilik qilganmikin? 

Zero, Fitrat vatanimiz va millatimiz fojeasini o‘z bitiklarida yaqqol ko‘rsatib ketgan edi. Uning ushbu she'ri ham bunga yaqqol misoldir:

 …Bormi senda bizim kabi insonlar,

 Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.

 O‘rtoq qonin qonmay ichkar zuluklar,

 Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?

 Bormi senda, o‘ksuk yo‘qsulning qonin

 Gurunglashib, chog‘ir kabi ichganlar?

 Bormi senda butun dunyo tuzugin

 O‘z qopchig‘in to‘ldirg‘ali buzg‘anlar?

 Bormi senda bir o‘lkani yondirib,

 O‘z qozonin qaynatg‘uchi xoqonlar?

Bormi senda qorin-qursoq yo‘lida

Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar? 

Ushbu misralarni yozganda Fitrat naqadar haq edi. Bir-birini, vijdonini, or-nomusini, haqni ko‘rsatuvchi oydinlarini sotguvchi millat qullikka va zalolatga mahkumdir. 

Ixtiyor Esonov
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 noyabr 2021
«Eltuz» O‘zbekiston inson huquqlari forumi bilan hamkorlikda mehnat huquqlariga bag‘ishlangan turkum animatsiyalarini davom ettiradi. Turkumning o‘tgan sonlarida biz jamoa ...
12 yanvar 2024
Mana azizlar, yana sizlar bilan yuzma yuzman. Sizlarga yaxshi gap aytgim keladi. Ëmon gap aytib kimningdir ko‘ngliga ozor berganimdan ...
16 noyabr 2017
Boshqa dinga kirganlikda ayblab, xotinini pichoqlagan sayramlik 34 yoshli Xayrullo Normetov 14 noyabr kuni hibsga olindi. Sud hukmi chiqquniga ...
23 may 2017
O‘zbekiston va Tojikiston orasida mina maydonlari zararsizlantirilmagan, vizali borish kelish bekor qilinmagan bo‘lsa ham, ikki davlat raxbarlarining Saudiya Arabistonida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...