Xorazmda yangi kelinni sazoyi qilgan 9 kishi ustidan surishtiruv boshlandi
Xorazmda kelinga bokira emas, degan ayb qo‘yib, uni videoga olgan, sha'nini toptab sazoyi qilgan kuyovning qarindosh-urug‘lari ustidan Xorazm viloyati IIB surishtiruv o‘tkazmoqda. (Voqea 7 oktyabr kechki soat 00.00 lar atrofida Urganch shahrida sodir bo‘lgan bo‘lgan).
Voqeani o‘rganish maqsadida «Eltuz» muxbiri Xorazm IIB va kelinning o‘gay otasi bilan suhbatlashdi (kuyov tomon intervyu berishdan bosh tortdi).
Yangiariq tumanining Gulobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Xurshida sentyabr oyi oxirida 28 yoshli urganchlik, muqaddam zo‘rlash jinoyati bilan jazo o‘tab chiqqan Bunyod ismli yigitga unashtiriladi.
To‘y juda tezlashib ketdi. Kuyov tomon kelinni, qiz tomon kuyovni surishtirishga ulgurmaydi. Sentyabr oyi oxirida tomonlar topishgan bo‘lsa, 7 oktyabrda to‘y belgilanadi. Kuyov Bunyod nomusga tegish aybi bilan qamoqda o‘tirib chiqqan. Kelin esa bundan kech xabar topadi. Ammo baribir to‘yni to‘xtatmaydi.
To‘y Urganch shahridagi to‘yxonalardan birida bo‘ldi. Marosimlar tugagach, kelin-kuyov chimildiqqa kirishgan. Bunda kelin tomondan ikki kelin yanga o‘zbekchilik milliy odatlariga ko‘ra guvohlikka qolgan.
Kuyov kelin yangalarga qizning bokira chiqmaganini aytadi va o‘zining qarindosh-urug‘larini chaqiradi. Kuyovning ammalari, xolasi, ikki yangasi, otasi, onasi va akasi ishtirokida kelin tahqirlanib, so‘roq qilinadi (ushbu holat internetda tarqalgan videoda ham aks etgan).
Bunda kuyovning yangasi voqeani videoga olgan. Videoda yangalardan birining qo‘liga rezina qo‘lqop kiyib kelinning jinsiy a'zosini “tekshirayotgani” aks etgan. Voqea joyiga zo‘rlik bilan olib kelingan quda taraf shantaj bilan yuzma-yuz qolganini «Eltuz» muxbiriga gapirdi.
– Kuyov tomon to‘yni shunchaki pul undirib olish uchun qilgan bo‘lsa kerak, – deydi kelinning o‘gay otasi Nuriddin Rahimov. – Barchasi aqlga sig‘mas ishlar. Ular hammasini oldindan uyushtirgani aniq. Yarim kechada kimning uyida tibbiy qo‘lqop bo‘ladi… U ham mayli. Ammo bu holatni internetga chiqarib, butun xorazmliklarni sharmanda qildi. Menga hatto Turkiyadan qo‘ng‘iroq bo‘lyapti, yomon ish bo‘libdi, nima yordam kerak, deb.
Videoga olinib, qizga har xil tuhmatlar uyushtirilgan, tahqirlagan va hamma narsa kelinning bo‘yniga qo‘yilgach, o‘gay otaga telefon qilingan. Kuyovning otasi, akasi, amaki va pochchalari o‘gay ota bilan erkakcha gaplashib olmoqchi bo‘lishgan.
– Yarim kechasi, yuragimizni hovuchlab kuyovnikiga bordik, – dedi Rahimov. – 6 ta barzangiday erkak yoqamdan olib ketdi. Nima deyishni ham bilmay qoldim. Qizingni olib ket, to‘yga 90 million sarfladik, shu pulni joyga qo‘y, deya shart qo‘ydi. «Uncha berolmayman, hozir ishsizman, uyda o‘zimman, ikki kelinim ham mening qaramog‘imda, ikki o‘g‘lim Rossiyada ishlayapti, dedim. Unamadi. Oxiri 50 millionga ko‘nishdi. Ertasi kuni uydagi 3 ta qoramolimni sotib, 20 million so‘m eltib berdim. «Garov»da turgan kelin yangalarni chiqarib yuborishdi. O‘sha kuni qizim va xotinim uydan chiqib ketdi. Mahalladagilar oldida sharmanda bo‘ldim, deb xotinim uyga kelmayapti. Urganch shahrida ijarada yashayapti. Qizim har kuni o‘zimni o‘ldiraman, dermish. Video internetga tarqab ketgandan so‘ng xotinim ham ruhiy siqildi.
O‘gay otaning aytishicha, kuyov tomon bir oyda 50 million pulni tayyorlab qo‘y, bermasang uyingni yoqaman, degan bosim o‘tkazgan. Mahalla oqsoqollari pul berma, avvalgi 20 million so‘mni ham bekor beribsan, sen ham to‘yga pul sarflagansan axir, degan.
O‘gay ota kuyov tomonga ortiq pul bermasligini aytadi va kuyovning akasi esa bunga qasd qilib, 22 noyabr kuni videoni internetga tarqatib yuboradi.
«Eltuz» bu holatning huquqiy tomonini o‘rgandi.
«Kuyov tomon mazkur holatda zo‘ravonlik va tahqirlash holati borligini bila turib videoga olganligi, kelinni tahqirlagani va unga tuhmat qilganligi uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189 va Jinoyat kodeksining 130-moddalari bilan javobgarlikka tortilishi zarur. O‘gay otaga qilingan po‘pisa, kuch ishlatish holati darajasi o‘rganilib, unga ham chora ko‘rilishi kerak», deydi toshkentlik huquqshunos.
Xorazm viloyati IIB mulozimi «Eltuz» muxbiriga tez orada bu videoga olish «marosimi»ni amalga oshirganlarga qonuniy chora ko‘rilishini bildirdi. Hozir tergov ishlari ketayotganini ma'lum qildi.
-O‘gay ota bergan 20 million so‘m pulning qaytarib olib berishga va'da berolmaymiz, ushbu oila bilan murosaga kelish qiyin bo‘lyapti. IIB binosida ham ancha janjal qildi. Ularda na qonunga amal qilish tushunchasi bor, na o‘zaro hurmat hissi, – deydi mulozim.
O‘zbek internet segmentida qashqadaryolik va samarqandlik kelinlarning kuyov va qarindoshlari tomonidan tahqirlanib, videoga olib tarqatilgan holatlari ko‘p uchradi.
Kuyov tomon bunda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasi birinchi bandiga ko‘ra aybdor deb topilib, belgilangan miqdorda jarima to‘lagan.
Eltuz.com