Asosiy mavzular
17 may 2019

Caylovmi yo tayinlov?

Shu kunlarda O‘zbekistonda davom etayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi ko‘proq tayinlov tusini olayotgandek.

Chunki, joylardan olinayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, nomzodlar oldin hokimiyat organlari  tasdig‘idan o‘tib, so‘ng saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilmoqda.

Sirdaryoning Oqdaryo tumanida to‘rt yil mahalla raisi bo‘lgan  50 yashar Shiringul To‘xtaeva «Eltuz»ga bergan intervyusida tuman hokimi Dilmurod Fozilov bu yilgi saylovda o‘z nomzodini qo‘yishiga to‘sqinlik qilganini aytdi.

«Ko‘pchilik mening nomzodim ko‘rsatilishini kutgan edi, lekin hech bir asossiz tuman hokimi Dilmurod Fozilov nomzodimni olib tashlatdi. Men sudga murojaat qildim. Ammo sud qarorini ham inobatga olmasdan, o‘zi istagan odamni qo‘ydirdi», dedi «Eltuz»ga oqdaryolik sobiq mahallaqo‘m Shiringul To‘xtaeva.

Surxondaryolik endilikda sobiq mahalla raislaridan biri ham “Eltuz”ga qatorasiga uch muddat mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lgani, bu safar esa uning qayta saylanishiga to‘sqinlik qilinganini bildirdi.

“To‘g‘risi, raislikdan ancha charchaganman. Shunga qaramay, qishloqdoshlar ishni davom ettirishim tarafdori. Saylovdan oldin Toshkentdan kelgan vakillar chaqirishdi.

O‘shalar men bilan suhbatlashdi. Qilgan ishlarimni aytdim, hozirgi sharoitda qanday ishlash kerakligi haqidagi tasavvurlarimni gapirdim. Xalq saylasa, ishlayveramiz, dedim. 

Buning ustiga, pensiya yoshiga ham 2-3 yil qoldi. Hech bo‘lmasa, pensiyaga chiqqunimcha ishlash niyatida edim. Aks holda shu yoshimda biror ishga olishmaydi meni”, deydi suhbatdosh. 

Hammasi ana shu suhbatdan keyin boshlandi. Suhbatdoshimiz saylov masalalari bilan hokimlikka borganida, hokim uning nomzodini saylovga qo‘yishga qarshi ekani ma'lum bo‘lib qoldi. 

“Hokim seni o‘tkazmayman, Toshkentdan kelganlar nomzodingni ma'qullamadi, degan gaplarni aytdi. Hayron qoldim. Avvalroq hokim saylovda qatnashishimga rozi ekanini aytgandi”, dedi “Eltuz” suhbatdoshi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov komissiyasi ham hokimning ruxsatisiz uning hujjatlarini qabul qilishdan bosh torgan. Shundan so‘ng saylovda qatnashishdan etak silkigan. 

Saylovda ko‘pincha hokimlik tanlab olgan nomzodlar g‘olib chiqayotgani yoki noxolislik bo‘layotgani haqida mustaqil OAVlarda ham bir qancha maqolalar chop etildi.    

Umuman, bu safargi fuqarolar yig‘inlari saylovi avvalgi safardagilardan birmuncha ochiqroq o‘tayotgani aytilayotir. Mahalliy matbuot mazkur saylov muqobil nomzodlar ishtirokida shaffof tarzda o‘tkazilayotganidan og‘iz ko‘pirtirmoqda. 

Shunga qaramay, fuqarolar yig‘inlari saylovi ko‘proq tayinlovga o‘xshashi, u hokimiyat organlarining kuchli nazorati va bevosita aralashuvidan xoli emasligi haqidagi iddaolar puch emasligiga asoslar bor. 

Masalan, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunda mazkur saylovni o‘tkazuvchilar orasida Markaziy saylov komissiyasi umuman tilga olinmagan. Asosiy ishni esa Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi bajaradi. 

Yuqorida “Eltuz” suhbatdoshi aytgan “Toshkentdan kelgan vakillar” ayni shunday komissiya a'zolari bo‘lishi ehtimoli kuchli. 

O‘zbekistonda barcha siyosiy va yirik ijtimoiy jarayonlar hukumat nazoratisiz o‘tmasligi inobatga olinsa, komissiyaning “ko‘magi” nimani anglatishini taxmin qilish qiyin emas.

Shuningdek, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, raisni saylashda shu hududda yashovchi barcha emas, balki fuqarolar yig‘ini, fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa fuqarolar vakillari ishtirok etadi. 

Bu esa faqat kerakli odamlar vakillikka tanlab olinib, avvaldan kelishilgan nomzodni saylash uchun yaxshigina imkoniyat hamdir… 

Mamlakatda navbatda parlament saylovi turibdi. Fuqarolar yig‘ini raislari saylovi mana shu yirik va muhim tadbir oldidan bir repetitsiya vazifasini o‘tab berishi lozim edi. 

Lekin “repetitsiya”dan ko‘rinadiki, O‘zbekiston hayotining qanchalik demokratlashayotgani ko‘zgusi bo‘lishi kutilayotgan parlament saylovi ham rasmiylar nazarida “ochiq va shaffof”, demokratik hamjamiyat nuqtai nazaridan esa tayinlov saylovi bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Sardor Azim
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 aprel 2017
4 aprelga o‘tar kechasi tunda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumaniga qarashli Yangiqo‘rg‘on shaharchasidagi Markaziy dehqon bozorida yong‘in chiqdi. Voqea guvohlarining ...
7 aprel 2024
Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan co‘nggi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz, ular O‘zbekistonning Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridan kelgan. Xatlar oqimi davom etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun Eltuz kanaliga obuna bo‘lish, layk ...
27 yanvar 2023
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 yanvar kuni rafiqasi bilan birga davlat tashrifi yuzasidan Bishkek shahriga keldi. Qayd etilishicha, ikki ...
22 iyun 2020
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida 15 iyun kuni ochilgan “Oq kema” bolalar oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi byudjeti, ya'ni ishchi-xizmatchilar kasaba ...
Bloglar
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...
9 iyun 2025
Qadimgi turk bitiklari qisqa va chuqur ma'noli bo‘lgan. «Tashingdan barcha kishi kabi ko‘rin. Iching go‘zal ...