Asosiy mavzular
14 dekabr 2020

Xorijdagi o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya-O‘zbekiston tamoyillarini baholash

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova korruptsiya bilan bog‘liq bir qator jinoyatlari uchun sudlanganidan so‘ng hozir Zangiota axloq tuzatish koloniyasida qamoq jazosini o‘tamoqda. 

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Karimova “kuchli uyushgan jinoyatchilik sindikatiga rahbarlik qilib, davlat amaldorlaridan biznesni tortib olish, bozorlarni monopoliyalashtirish, pora talab qilish va tovlamachilik reketlarini boshqarish uchun foydalangan”. 

Shuningdek, Karimova, uning kompaniyalari va sheriklari Niderlandiya, Shveytsariya va AQSh kabi xorijiy yurisdiktsiyalarda jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Olster universiteti kriminologiya professori Kristian Lasslett, Tashqi siyosat markazi ilmiy xodimasi Dilmira Matyoqubova va O‘zbekiston inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova tomonidan tayyorlangan hisobotda ushbu aktivlarni qaytarishga mas'uliyat bilan yondashish masalalariga urg‘u beriladi. 

Karimova sindikatida to‘plangan noqonuniy mablag‘larning aksariyati G‘arbiy Yevropaga o‘tkazildi. U yerda ushbu mablag‘lar O‘zbekistondagi ichki siyosiy ta'sirlardan himoyalangan. 

Biroq o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish bo‘yicha global majburiyat aktivlarni AQSh va Shveytsariyani qattiq sud nazorati ostida boshlangan musodara qilish harakatlariga majburladi.

Shveytsariya hukumati O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu esa ushbu mablag‘ning asosiy qismi (131 million AQSh dollari) endemik yirik korruptsiya natijasida katta zarar ko‘rayotgan O‘zbekiston xalqiga qaytarilishiga imkon beradi.

Memorandum qaytarib beriladigan mablag‘larning jamiyat manfaatlari uchun shaffof, hisobdor va inklyuziv tarzda ishlatilishini ta'minlaydigan keng qamrovli qaytarish mexanizmini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi.

O‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish jarayoni haqida gap borganda O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoev boshlagan islohotlarga ham e'tibor qaratish zarur. 

Zero, Karimov hukumatining dunyodagi obro‘-e'tiborini hisobga olganda Mirziyoevning bu islohotlarsiz aktivlarni qaytarish masalasi o‘z dolzarbligini yo‘qotishi ehtimoli yuqori edi. 

Ammo islohotlar davomida og‘ir va yengil sanoat, neft-gaz, moliya, chakana savdo, qurilish, davlat xaridlari kabi sohalarda shubhali kompaniyalar faolligi ortgani mazkur jarayonga bo‘lgan shubhalarni kuchaytirmoqda. 

Bu jarayonlarning noshaffofligi va zaif korporativ boshqaruv muammolari islohotlardan keladigan foyda kleptokratik guruhlar tomon yo‘nalishi ehtimolini oshiradi.

Hukumatning o‘z avtoritar imijini tiklash uchun bir qator nufuzli PR kompaniyalarni yollagani ortidan uning sa'y-harakatlarini maqtash kampaniyasi avj olib, asl ahvolni baholashga to‘sqinlik yuzaga keldi. 

Shu sababli O‘zbekistonning mustaqil fuqarolik jamiyati a'zolari Shveytsariya hukumatini restutitsiyani muayyan shartlar bajarilgunga qadar to‘xtatib turishga chaqirdi.

Biroq Shveytsariya hukumati memorandumni asos qilgan holda qaytarish jarayonini davom ettirishga qaror qildi.

Shuning uchun bu hujjat tamoyillarini to‘g‘ri baholash uchun uni zarur darajada tushunish juda muhimdir. 

Mirziyoev rejimi bilan imzolangan memorandum har ikki mamlakat hukumatlarini so‘nggi paytlarda keng ko‘lamli korruptsiya oqibatida, shu jumladan, sog‘liqni saqlash infratuzilmasi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi va texnogen ofatlar natijasida jiddiy falokatlarni boshdan kechirgan jamoatchilik manfaati uchun qaytarilgan aktivlarning shaffof va hisobdor ishlatilishini ta'minlaydigan keng qamrovli qaytarish mexanizmidan foydalanishga majbur qiladi. 

Memorandum qaytarish jarayonini boshqaradigan umumiy tamoyillarni belgilab beradigan yana bir qancha bitimlar to‘plamini va'da qilmoqda. 131 million dollar mablag‘ muvaffaqiyatli restitutsiya qilinsa, ushbu tafsilotlar to‘g‘ri tushunish uchun juda muhimdir.

Xususan, unda “pulni qaytarish O‘zbekiston Respublikasi aholisiga foyda keltirishi va ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, qonun ustuvorligini mustahkamlash yoki jazosizlikka qarshi kurashish maqsadiga muvofiq bo‘lishi kerak”ligi aytilgan.

Shuningdek, “mablag‘lar ushbu jinoyatga aloqador shaxslarga foyda keltirmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish shart”ligi ham belgilangan. 

Muammo ayni shu shartlarni kafolatlashda. Chunki, hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, Gulnora Karimovga tegishli mojarolarga aloqalar shaxslar hanuzgacha rahbarlik lavozimlarida ishlashi va muhim korporativ manfaatlarga ega ekanligi yuqori xatarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi korporativ shaffoflikning yo‘qligi ushbu xavfni yanada kuchaytiradi. Qaytarilgan pulning bir qismi oligarxlar va hukumat mansabdorlarining ishonchli vakillari va shaffof bo‘lmagan offshor xolding kompaniyalar orqali nazoratni amalga oshiradigan korporativ sektorda tovar va xizmatlarni sotib olishga sarflanishi ehtimoli yuqori.

“Shaffoflik va hisobdorlik kafolatlanishi kerak”ligi belgilangani Shveytsariya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi ushbu hujjatdagi eng dadil shartdir.

Shunga qaramay, Qozog‘iston misolida ushbu tajriba o‘zini oqlamagani Shveytsariya hukumatini ham, unga bu tajribada hamkorlik qilgan Jahon bankini ham hushyor torttirishi kerak.

Chunki o‘sha vaqtda xuddi shunga o‘xshash ayblovlar ortidan bo‘lib o‘tgan jarayonlardan so‘ng Qozog‘istonga 48,8 million AQSh dollarining qaytarilishi kutilgan natijalarni bermagan edi. 

Bu holat qayta takrorlanishining oldini olish uchun korruptsiya xavfining yanada yuqori darajalariga ega bo‘lgan boshqaruv sharoitida, ayniqsa, mustahkam mexanizmlar talab qilinadi. 

O‘zbekistonga qaytariladidigan 131 million AQSh dollarining xalq manfaati uchun ishlatishini kafolatlaydigan platforma zarur, deb hisoblamoqda hisobot mualliflari. 

O‘zbekiston hukumati bu mablag‘ni COVID-19 pandemiyasi vaqtida Xalqaro valyuta jamg‘armasining qo‘llab-quvvatlovchi tezkor kredit dasturi orqali beriladigan kreditlar uchun ishlatishni va'da qildi. Ammo keyinchalik ushbu shartnomaga rioya qilmadi.

Bu esa xarajatlarni to‘liq va har tomonlama hisobga olishni ta'minlash uchun uchinchi taraf tomonidan faol nazorat talab qilinadigan kuchli ogohlantiruvchi signal bo‘lishi mumkin.

Albatta, monitoring mexanizmi to‘liq shaffof va mustaqil bo‘lishi kerak. Shuningdek, u bir necha mustaqil monitor tomonidan boshqarilishi va ular mezonlar buzilganini aniqlash uchun zarur bo‘lgan sud tibbiy ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi. 

Memorandumda aytilganidek, ushbu tamoyillarni bajarishda jamoatchilik (fuqarolik jamiyati yoki jamoat tashkilotlari)ning potentsial rolini hisobga olish kerak. Bu muhim masala. 

Qozog‘istonning achchiq misolida mablag‘lar hukmron partiya bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan jamoat tashkilotlari orqali o‘zlashtirilganiga guvoh bo‘lindi. 

O‘zbekistonda ham bunday jarayonlar takrorlanishi ehtimoli juda yuqori.

131 million AQSh dollari – bu aktivlarni repatriatsiya qilish jarayonidagi birinchi transhdir. Demak navbatdagi transhlar ham bo‘ladi. 

Shuning uchun dastlabki transhni o‘tkazish restitutsiya jarayonidagi muhim qadamdir. Uning qanday o‘tkazilishi va qanday sarflanishi navbatdagi transhlarning taqdirini belgilab beradi. 

O‘marilgan aktivlarni mas'uliyatli qaytarish xalqaro hamjamiyatdan qanchalik mas'uliyat talab qilishini hisobga olgan holda hozirgi qiyin geosiyosiy muhitda ham biror bir ajoyib narsaga erishish mumkinligini ko‘rsatadigan asosni ishlab chiqish uchun vaqt va sabr-toqat talab etiladi, deya xulosa qiladi hisobot mualliflari.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 oktyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta shikoyat xatini o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Andijon Xorazm viloyatlaridan kelgan. Dastlab ...
8 aprel 2017
Stokgolmda 8 aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida shved politsiya vakillari 7 aprel kuni mashinani olomon ustiga haydab terakt sodir ...
24 oktyabr 2018
Xalqaro boks uyushmasi (AIBA) prezidentligi uchun 2-3 noyabrda o‘tadigan saylovda o‘z nomzodini qo‘ygan o‘zbekistonlik 66 yashar G‘afur Rahimov jinoyat ...
15 dekabr 2024
O‘zbek qamog‘ida 18 yil uydirma ayblar bilan azoblanib jazo o‘tagan jurnalist Muhammad Bekjon Amerika vatandoshligini oldi. «Men dunyodagi eng ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...