Toshkentda sud tibbiy eksperti 100$ pora olayotganida qo‘lga tushdi
O‘tgan shanba, 12 avgust kuni Toshkent shahar sud tibbiy eksperti Akrom Suleymanov hibsga olindi.
Akrom Suleymanov bir shaxsning ishini bitirib berish va'dasi bilan avans sifatida 100 AQSh dollari pora olayotgan paytda Toshkent Prokuraturasi shahar departamenti tomonidan qo‘lga olingan.
Ikki oycha muqaddam SamPIdagi Toshkent shahar Sud tibbiyot ekspertizasiga qarashli morgda bir laborantka Nargiz Jalolova va Alisher ismli ekspert o‘lim haqidagi ma'lumotnoma uchun 150 ming so‘m pora talab qilgani ortidan jabrlanuvchi portalga murojaat qilgan edi.
Toshkent shahar Sud tibbiyot ekspertizasi rahbari o‘z xodimlari kirdikorini yashirish uchun mazkur xodimlarni boshqa sho‘'baga rotatsiya qilib yuborgan.
O‘tgan yil oktyabrda DXX va Prokuratura departamenti xodimlari Toshkent shahar Sud tibbiyot ekspertizasi rahbari Norjon Sultonovaning o‘zini 2.500$ pora olayotgan paytda qo‘lga olishgandi.
Eltuz mobil muxbiriga ko‘ra, Norjon Sultonova bilan birga yana olti nafar tibbiyot xodimi, jumladan ayni muassasa hisobchisi, tibbiyot komissiyasi boshlig‘i va Toshkent shahri Yunusobod tumani bosh vrachi olib ketilgandi.
Nusxasi Eltuzda bo‘lgan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash Vazirligiga yo‘llangan Taqdimnomaga ko‘ra, prokuratura Norjon Sultonova ustidan Jinoyat Kodeksining 210 moddasi 2-qismi “v” bandi bilan dastlabki tergov harakatlarini olib borgan.
Ushbu Taqdimnomaga yaqin kunlar ichida Eltuz alohida to‘xtaladi.
Tergov xulosasiga ko‘ra, Norjon Sultonova 14 oktyabr kuni V. T. Asanovaga soxta tibbiy ekspertiza xulosasi berish uchun undan 2,500 AQSh dollari olayotgan paytda hibsga olingan.
DXXga yaqin hamkorlik qilishi bilan tanilgan va Elyor G‘aniev odami ekanini aytib maqtanib yuruvchi Norjon Sultonova bir kun o‘tar o‘tmas ozod etildi.
Norjon Sultonova hozir ham Toshkent shahar Sud tibbiyot ekspertizasi rahbari sifatida ish olib bormoqda.
Ayni muassasada ishlovchi Eltuz manbasining aytishicha, Norjon Sultonova “qilgan xarajatlarimni chiqarib olishim kerak, shunga gazni bosinglar” deya o‘zining xos xodimlariga qo‘rqmay pora olishga topshiriq bergan.